Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti tomonidan Chilonzor tumanidagi  “Katta Qozirobod” va uning atrofidagi mahalla yoshlarini kasbga yo'naltirish, hunarmandchilik, sport mashg'ulotlari, xorijiy tillar, mental arifmetika to'garaklari hamda universitet bo'sh ish o'rinlari bo'yicha mehnat yarmarkalari tashkil etildi.  

Tadbirda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov, Chilonzor tumani hokimi o'rinbosari Abdurahim Xolmetov, shoir Bobur Bobomurod va mahalla fuqarolar yig'ini raislari, aholi va yoshlar ishtirok etdi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida mamlakatimizda yoshlar bandligini ta'minlash va bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishidagi vazifalar ijrosi yuzasidan respublikamizning barcha oliy ta'lim muassasalarida mahallalar bilan yoshlar masalasida hamkorlik ishlarini olib bormoqda.

Tadbir davomida 27 nafar yoshlar universitetning turli yo'nalishlarida kasb-hunar to'garaklariga a'zo bo'ldilar. Endi ular har haftada ikki marta universitet hududiga kelib, kasb o'rganadilar va bilim oladilar.

Ko'plab yoshlar universitetning o'ziga ishga joylashdi. Tadbir davomida 26 nafar mahalla yoshlariga motivatsiya beruvchi psixologik seminar-trening tashkil etildi. Harbiy va sport yo'nalishini xohlovchi yoshlar uchun saf tayyorgarligi bo'yicha to'garaklar faoliyatidan na'munalar ko'rsatildi.

Hozirga qadar ko'plab mahalla yoshlari universitet hududida joylashgan sport maydoniga muntazam kelib, futbol, voleybol, basketbol, stol tennis sport turlari bo'yicha musobaqalarda qatnashib kelayotgan edi. Bugungi tadbirdan keyin yana 15 nafar mahalla yoshlari universitet sport maydonchasida sport bilan shug'ullanadigan bo'ldi.