U-ENTER fotosuratlari

Unda O‘zbekistonning turli hududlaridan tashrif buyurgan startap jamoalari orasidan eng kuchli 10 ta loyiha g‘oliblikni qo‘lga kiritib, mukofotlar bilan taqdirlanishdi.

U-ENTER innovatsiya markazi direktori Oleg Rijichenkning qayd etishicha, USolve dasturi Buyuk Britaniya hukumati ko‘magida hayotga tatbiq etilgan. Loyihaning O‘zbekistondagi qisqa muddatli faoliyati davomida startap jamoalardan jami 275 ta ariza kelib tushdi. Tahlillar natijasida ulardan 100 tasi saralab olindi.

Keyingi bosqichda 50 ta istiqbolli loyiha inkubatsiya dasturida ishtirok etdi. Ishtirokchilar har bir bosqichda yangi bilim va ko‘nikmalar orttirib, o‘z loyihalarini yanada takomillashtirish imkoniga ega bo‘ldilar. Yakunda eng kuchli 20 ta loyiha saralanib, final bosqichiga yo‘llanma oldi. Asosan yoshlardan iborat ushbu jamoalarning innovatsion g‘oyalarini venchur fondlari, davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda investorlar katta qiziqish bilan kuzatib, ularning salohiyatini baholab bordilar.

U-Solve dasturi doirasidagi tadbirlar kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir startap uchun rivojlanishning yangi bosqichini boshlab berdi. Bu haqda loyiha mualliflari Artem Starovoytov va Ulyana Guseva so‘zlab berdilar. Innovatsiyaning asosiy maqsadi — ish faoliyatini endigina boshlayotgan kompaniyalar uchun sun'iy intellekt (SI) asosidagi «virtual yordamchilar»ni joriy etishdir. Misol uchun, bunday «raqamli xodimlar» sayyohlik firmalariga kelib tushgan so‘rovlarga zudlik bilan javob qaytarishi hamda mijozlar ma’lumotlarini keyingi muloqot uchun tizimli ravishda kompaniya bazasiga yo‘naltirishi kerak.

Shu tariqa, yangi bilim va tajriba orttirgan loyiha mualliflari o‘z g‘oyalarini amaliy natijaga aylantirishga muvaffaq bo‘ldilar. Bugungi kunda A-star Phoenix.com platformasi orqali tadbirkorlardan muntazam ravishda murojaatlar kelib tushmoqda. Jamoaning kelgusi rejalari esa foydalanuvchilar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish va tizimni takomillashtirishdan iborat.  

Buyuk Britaniya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan U-Solve loyihasi, avvalo, ilgari surilayotgan g‘oyalarning inklyuzivligi, ya’ni ijtimoiy tenglikni ta’minlashga qaratilgan. Eshitish qobiliyatida nuqsoni bo‘lgan shaxslarga ko‘maklashishga yo‘naltirilgan startap aynan shu jihati bilan alohida ajralib turadi. Odatda poliklinika, bank yoki Davlat xizmatlari markazlari kabi muassasalarga murojaat qilganda, bunday insonlarga surdotarjimon yordami zarur bo‘ladi. Biroq bu sohadagi mutaxassislarning yetishmasligi eshitishda nuqsoni bor shaxslarning o‘z ehtiyojlarini to‘laqonli qondirish imkoniyatlarini cheklab qo‘yadi.

Farmatsevtika texnika universiteti talabasi, startap vakili Firdavsxon Aminovaning ta’kidlashicha, jamoa tomonidan ishlab chiqilgan maxsus dastur ishora tilini matnga va aksincha — matnni ishora tiliga o‘girishga mo‘ljallangan. Yosh dasturchilar buning uchun raqamli avatarni deyarli yaratib bo‘ldilar.

Maktab bitiruvchilariga oliy o‘quv yurtlarining grant dasturlarini topishda ko‘maklashuvchi onlayn-assistent yaratish — yana bir startap jamoasining asosiy maqsadiga aylandi. Toshkentdagi Turkiya iqtisodiyot va texnologiyalar universitetini tamomlagan yosh arxitektor Muhammadsodiq Foziljonovning ta'kidlashicha, ushbu innovatsion loyiha imkoniyatlarini allaqachon 50 ga yaqin yuqori sinf o‘quvchisi amalda sinab ko‘rdi. Startap nafaqat grantlarni izlash, balki nomzodlar uchun xalqaro talablarga mos keladigan professional profil yaratishda ham yaqindan yordam beradi.

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Timoti Smart ham mamlakatimiz yoshlarining kelajagi aynan mana shunday innovatsion startaplar va faol fuqarolik pozitsiyasi bilan bog‘liq ekaniga ishonch bildirdi. Elchi janoblari USolve dasturi istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun beqiyos imkoniyat ekanini alohida ta'kidladi.

Yosh tadqiqotchilar o‘z loyihalarida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish bilan birga, kiberxavfsizlik masalasiga ham alohida e'tibor qaratmoqdalar. Bunga turli ilova va raqamli mahsulotlardagi zaifliklarni aniqlash uchun mo‘ljallangan maxsus skaner startapi yorqin misol bo‘la oladi. Toshkentdagi Turkiya iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti bitiruvchisi Nafisa Qurbonalievaning ta’kidlashicha, bugungi kunda foydalanuvchilarning shaxsiy ma'lumotlari o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq xavflar tobora ortib boryapti. Bir yil avval boshlangan ushbu loyiha o‘tgan davr mobaynida o‘z samaradorligini amalda isbotladi. Endigi navbatdagi bosqich — loyihani kengaytirish uchun zarur bo‘lgan investitsiyalarni jalb etishdir.

Psixolog Saodat Shagazatova jamoasi o‘z startapida muhim ijtimoiy masalani ilgari surdi. Ushbu innovatsion loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad — o‘z foydaliligini allaqachon amalda isbotlagan tajribani «Mazmun» ilovasi orqali yanada keng ommalashtirish va uning imkoniyatlarini yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.

«Mazmun» — bu hayotni anglashga xizmat qiluvchi ilova bo‘lib, u juftliklar va umuman insonlarga o‘yin usullari yordamida bir-birini yaxshiroq tushunish va yaqindan tanish imkonini beradi», — deydi psixolog.

Loyihaning asosiy yo‘nalishi — odamlar orasidagi munosabatlarni yaxshilashdir. Bu nafaqat er-xotinlar, balki ota-ona va farzandlar, do‘stlar va yaqinlar o‘rtasidagi aloqalarga ham tegishli. Ilova yaratilgunga qadar psixologiyaga asoslangan bu kabi o‘yinlar maxsus kartochkalar ko‘rinishida sinab ko‘rilgan va yaxshi natija bergan. Shu sababli, raqamli texnologiyalar yordamida ushbu muvaffaqiyatli tajriba qamrovini yanada kengaytirish g‘oyasi ilgari surildi.

G‘olib bo‘lgan 10 ta jamoa uchun asosiy mukofot — 2026-yil 4–5-may kunlari Olmaotada o‘tkaziladigan GITEX 2026 xalqaro texnologik ko‘rgazmasida ishtirok etish imkoniyati bo‘ladi.

VirtualAccelerate (Qirg‘iziston) rahbari hamda U-ENTERning USolve dasturi bo‘yicha hamkori Bibinur Alibaeva ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyo bugungi kunda ulkan global ekotizimning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Dunyo miqyosida texnologiyalarning shiddat bilan rivojlanishida aynan mana shunday startaplar muhim rol o‘ynamoqda. Bu jarayonda esa mahalliy yoshlar o‘sishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi — haqiqiy drayveri bo‘lib xizmat qiladi.

 

 

Luiza Maxmudova.