Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va maʼqullash uchun Senatga taqdim etilgan 12 ta Qonun Qoʻmita tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari hamda ekspertlar guruhi vakillari ishtirokida dastlabki tarzda koʻrib chiqilib, Senat yalpi majlisi muhokamasiga kiritilgan.

Nazorat-tahlil faoliyati doirasida Bosh vazir oʻrinbosari hamda Hukumat aʼzolarining 11 ta eshituvi tashkil etilgan.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, joylarda aholi bilan uchrashuvlar va sayyor qabullarda hamda jamoatchilik tomonidan koʻtarilgan masalalar yuzasidan 4 ta parlament soʻrovi yuborilgan. Ularning natijalari Senatning yalpi va Qoʻmita majlislarida muhokama qilingan.

Hududlarda 4 ta qonun hamda davlat dasturlarining ijrosi oʻrganilib, natijalari yuzasidan 7 ta Qoʻmita qarori va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan 3 ta qoʻshma qaror qabul qilingan.

Yangi tizim asosida yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishini reyting baholash yoʻlga qoʻyilgan. Hudud rahbarlari hamda ularning yoshlar masalalariga masʼul boʻlgan oʻrinbosarlarini ragʻbatlantirish tartibi va reyting baholash metodologiyasi ishlab chiqilib, maʼlumotlarni tahlil qilib borish uchun platforma (www.yoshlarportali.uz) ishga tushirilgan. Platformadagi maʼlumotlar orqali hududlardagi mutasaddi rahbarlarning faoliyatini baholab borish imkoniyati yaratilgan.

Huquqni qoʻllash amaliyoti va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishini oʻrganish doirasida 8 ta qonun tahlil qilingan. “Muzeylar toʻgʻrisida”gi hamda “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunlarga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi taʼminlangan.

Shu bilan birga, muhokama jarayonida Qoʻmitaning yoshlar, madaniyat va sport sohasida foydalanilmayotgan imkoniyatlari ham mavjudligi ham taʼkidlandi.

Muhokamalar yakunida Senat qarori qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.