Shu oʻrinda yurtimizning taraqqiyoti koʻp jihatdan yoshlarning salohiyatiga, ularning bilimi, aql-idroki, ijtimoiy faolligi va eng muhimi sogʻlom dunyoqarashiga bogʻliq. Har qanday jamiyat yangilanish jarayonida yoshlarning kuchiga tayanadi. Shu jihatdan yangilanib borayotgan jamiyatimiz hayotini yoshlarning faol ishtirokisiz tasavvur etib boʻlmaydi.

Qayd etish zarurki, globallashuv jarayoni, tashqi mafkuraviy tahdidlar, internet tizimidagi ayrim axborotlar yoshlarning qarashlariga salbiy taʼsir etmoqda. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yoshlar forumi doirasida soʻzlagan nutqida, “Qanchalik qiyin boʻlmasin, biz yoshlar tarbiyasi boʻyicha oʻzimizga xos va taʼsirchan, bugungi kunga hamohang usullarni izlab topishimiz kerak. Jonajon aziz farzandlarimizni buzgʻunchi va zararli gʻoyalar, jinoyatchilik, giyohvandlik, loqaydlik, maʼnaviy qashshoqlik, isteʼmolchilik kayfiyatidan asrashimiz zarur”, deb taʼkidlab oʻtdi.

Yuqorida qayd etilgan bugungi kun uchun juda dolzarb boʻlgan vazifani amalga oshirish hamda yangi jamiyat tamoyillarini rivojlantirish maqsadida Toshkent kimyo-texnologiyalar institutida yoshlarda sogʻlom dunyoqarashni shakllantirish bilan bogʻliq rejadagi vazifalar qayta koʻrib chiqildi.

Qayd etish zarurki, yoshlarda sogʻlom dunyoqarashni shakllantirishda taʼlim-tarbiyaning oʻrni muhimdir. Bugungi kunda taʼlim-tarbiya sohasidagi jarayondan koʻzlangan maqsad yoshlarni barkamol, umumbashariy va milliy ruhda tarbiyalashning izchil tizimini yaratishdan iborat etib belgilangan.

Zero, bugun institutimizda sogʻlom dunyoqarashni shakllanishiga xizmat qiluvchi tabaqalashtirilgan pedagogik-psixologik dasturlarni yaratish, oʻquv dasturlari, darslik va qoʻllanmalarga milliy gʻoyani singdirish, maʼnaviy taʼlim-tarbiyani talab darajasiga koʻtarish, pedagog kadrlar bilimlarini chuqurlashtirib borish, bu boradagi ilmiy tadqiqot ishlari koʻlamini kengaytirish va sifatini yanada oshirish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Institut istiqbol rejalarida yoshlar tarbiyasini tashkil etish yuzasidan bilim olish, hunar egallash, sogʻlom turmush tarziga rioya etish, bunyodkorlik ishlariga xayrixohlik kabi fazilatlarini tarkib toptirish jarayonida avvalo, yoshlarning oʻz salohiyatini yuzaga chiqarishiga imkoniyat yaratish, yetakchi yoshlarning kuchi va salohiyatidan samarali foydalanish, vatanparvarlik tuygʻusini har bir yoshning ongi va qalbiga singdirish bilan bogʻliq ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Albatta bu boradagi ishlarni amalga oshirishda yoshlarning qiziqishlari, ehtiyojlari, bilim va dunyoqarashlari darajasi, shuningdek, ijtimoiy faolliklarini inobatga olgan holda ish rejalari va dasturlarini toʻliq qayta koʻrib chiqib, ularning hayotiyligi va amaliy xarakterga ega ekanini taʼminlashga eʼtibor qaratilmoqda.

Shuningdek, taʼsirchan faoliyat shakli, metod hamda ilgʻor innovatsion vositalardan foydalangan holda yosh rahbarlar qatlamini tarkib toptirish, bu borada oʻzaro hamfikrlilik va hamkorlikka asoslangan muloqot asosida ijobiy muhitni yaratish, yoshlarda mustaqil va erkin fikrlash, bahs-munozara yuritish koʻnikmalarini shakllantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Eng taʼsircha omil yoshlarga hayotiy misollar orqali bunyodkor va buzgʻunchi gʻoyalar mohiyatini tushuntirish asosida ularda fidoiylik, vatanparvarlik xislatlarini tarbiyalashdir. Bu borada yoshlarga mustaqillik eng ulugʻ neʼmat ekanligi, uni asrab avaylash zarurligi haqidagi nazariy bilimlarni berish asosida ularning ijtimoiy faolliklarini vujudga keltirish va rivojlantirish maʼnaviy tarbiya sohasidagi ishlarning asosiy poydevoriga aylandi.

Prezidentning yoshlarga otalarcha murojaatida qoʻyidagi fikrlar muhim oʻrin tutadi. “Oʻz tajribamda kelib chiqib, sizlarga aytadigan maslahatim shu: ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya ham vaqtingiz ham bekor oʻtmasin. Yoshlik – umrning eng bebaho davri. Ilm va bilim – oʻtda yonmaydigan, suvda choʻkmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini unutmang”. Mazkur haqqoniy maslahatdan kelib chiqqan holda institutda har bir talaba-yoshga bilim va ilm olishga boʻlgan oʻz faoliyatlarini mazmunan tahlil etishi, faoliyatiga nisbatan tanqidiy yondashuvni qaror toptirishi boʻyicha shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Bu borada har bir talaba-yoshning bilim va ilm olishga boʻlgan ishtiyoqini shakllantirish, ilmning tub mohiyatini anglash bilan birga ongli intizom, jamiyat talablariga aniq va toʻgʻri javob berish koʻnikmalarini shakllantirish institutdagi har bir professor-oʻqituvchi va murabbiyning aniq vazifasi sifatida belgilandi.

Zero, bu jarayonda oʻqituvchi va murabbiylarning yoshlar faoliyatini toʻgʻri tashkil etish, baholash, yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarga barham berish, uning ijobiy va salbiy qirralarini koʻra olish va toʻgʻri yoʻl koʻrsatishga doir “Ustoz va shogird” tizimini takomillashtirishni taqozo etadi. Maʼruzadagi fikrlardan kelib chiqib, har bir murabbiy oʻz qaramogʻidagi shogirdiga bilim va ilm olishga boʻlgan ehtiyojni vujudga keltirishi lozim. Ehtiyoj yosh qalbning faoliyatida oʻz inʼikosini topib, uning hayotida muayyan mazmun kasb etadi. Oʻz oʻrnida bu voyaga yetib kelayotgan yoshning hayotiy ehtiyojiga aylanadi. Qayd etish zarurki, chuqur bilim va ilm asosida yoshlarda vatanparvarlik, fidoiylik, madaniyatlilik, baynalmilallik va insonparvarlik, eng asosiysi “oq va qora”ni farqlash kabi fazilatlar shakllanadi.

Talaba-yoshlarni tarbiyalashda nafaqat tarbiyaviy jarayon balki taʼlim jarayoniga doir yangi oʻqitish texnologiyalaridan ham foydalanish zarur. Muammoli maʼruzalar oʻqish asosida mashgʻulotlarni tashkil etishga katta eʼtibor qaratish taʼlim jarayonida yoshlarning bilimga boʻlgan ishtiyoqlarini oshirish, mustaqil ravishda qoʻyilgan masalalarga ijodiy yondashish, qiyin masalalar yechimini maqsadga muvofiq topish, mantiqiy fikrlashga oʻrgatish sogʻlom dunyoqarashini shakllantirishda eng muhim omil hisoblanadi.

Yoshlarning voqea va hodisalarga qiziqishlaridan tortib, guruhdagi faoliyatlari, oʻquv va jamoat ishlaridagi ishtiroki, hattoki talabalar turar joyidagi qoidalarga amal qilishlarigacha boʻlgan zarur hayotiy vazifalar aniq belgilab olindi. Yoshlar uchun taʼlim muassasalarida barcha turdagi munosabat va muloqotlarni shunday tashkil etildi-ki, ular oʻquv muassasasini tamomlagach bu koʻnikma va malakalardan barcha sohalarda foydalana olsinlar. Buning uchun yoshlarning shaxsiy eʼtiqodlari, qarash va ideallarini aniq gʻoyaviy yoʻnalish asosida shakllantirish zarur.

Insonda sogʻlom dunyoqarashni shakllanganlik darajasi uning ijtimoiy hayotda oʻz oʻrnini belgilay olishi, yashab turgan jamiyat talablariga javob bera olishi bilan belgilanadi. Agar shaxsning eʼtiqodi, gʻoyalari va qarashlari jamiyat talabiga javob bermasa, bunda uning tafakkurini ilgʻor gʻoyalar bilan boyitishga ehtiyoj tugʻiladi. Maʼlumki, shaxsning atrof-muhit, hayotiy shart-sharoitlar bilan oʻzaro munosabati va aloqasi inson tafakkuri shakllanishiga taʼsir etadi.

Yana bir muhim omil, yoshlar tarbiyasining eng muhim meʼyori ularni mehnat qilishi va kasb-hunar sirlarini egallashlarida oʻz ifodasini topadi. Har qanday faoliyat shaxsning aqliy qobiliyatini oʻstiradi. Yoshlar jamiyatning turli jabhalarida oʻqish, bilim va ilm olish, ishlash, bunyodkorlik, klub va toʻgaraklarda qatnashadilar. Bularning barchasi yoshlarga oʻz mehnatining ijtimoiy qimmatini anglab yetish, oʻzining va jamiyat manfaatlari uchun qaygʻurish, boqimandalik va ishyoqmaslik illatlaridan xalos boʻlish, omilkorlik va tadbirkorlik fazilatlarining shakllanishi, ijodiy mehnatga qiziqishlarini ragʻbatlantirishga xizmat qiladi. Muhimi, yoshlar oʻzlarida shakllangan dunyoqarashni jamiyatda roʻy berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar bilan bogʻlaydi.

Mazkur jarayonda yoshlarning oʻziga xos xarakter, qobiliyat va layoqati kabi shaxsiy xususiyatlaridan kelib chiqib, taʼlim-tarbiyaning mezonlarini tashkil etuvchi masʼuliyat, eʼtiqod, iymon kabi maʼnaviy sifatlarni mukammal tizimda ular ongi va qalbida sobit oʻrin egallashiga olib keladi. Bizga maʼlumki, insonning dunyoqarashini belgilovchi sifatlardan biri uning ongi va qalbida sogʻlom gʻoyalarning barqaror oʻrin olganligidadir. Qalb, ong va gʻoyaviy qarash uzviyligi asosida insonning sogʻlom dunyoqarashi shakllanadi va uning mustahkamligi eʼtiqod hamda iymon bilan belgilanadi.

Ayrim yoshlar ichki dunyosida vujudga keladigan ruhiy inqiroz va tanglik, ularni hayotda uchraydigan muammolarga, voqea va hodisalarga jiddiy, obyektiv munosabatda boʻlishlarini taqozo etadi. Shunday boʻlsada bu davrda yoshlarda uzoqni koʻra olmaslik, ehtiyotsiz xatti-harakatlariga moyillik, dalillarga tayanib emas balki emotsional hissiyotlarga berilib ish koʻrish kabi holatlarning kelib chiqishi kuzatiladi. Ushbu holatlardan kelib chiqib, dilga yaqin soʻzlar orqali yoshlarning ichki dunyosiga taʼsir etish mumkinligi hamda ularning negativ his-tuygʻularga nisbatan immuniteti birmuncha beqarorligini doimo nazarda tutish kerak.

Dunyo va mamlakatimiz hayotida roʻy berayotgan voqealarni tahlil qilish va xulosalash mobaynida aksariyat yoshlarimiz oʻzlari uchun maqbul boʻlgan real haqiqatni farqlay oladilar. Yuqorida aytib oʻtganimizdek, ayrim hollarda ular ruhiyatida maʼnaviy tushkunlik va parokandalik sodir boʻlsada, yoshlar faoliyatini toʻgʻri yoʻnaltirish, ularda oʻz xatti-harakatlarini nazorat qilish, tekshirish va baholash, kuch, aql-zakovat va irodalariga qatʼiy ishonch tugʻdiradi.

Xulosa tarzida taʼkidlash joizki, yoshlik inson hayotidagi eng yorqin, joʻshqin va gʻoyat masʼuliyatli davri hisoblanadi. Ijtimoiy hayotda boʻlayotgan barcha voqea va hodisalar yoshlarni shu jamiyatning fuqarosi ekanligini his etishga undaydi. Shu tarzda ularda sogʻlom dunyoqarash tarkib topadi, vatanparvarlik, insonparvarlik kabi his-tuygʻular mustahkamlanadi, milliy va umuminsoniy axloq meʼyorlariga muvofiq xulqiy malaka va odatlar shakllanadi. Yoshlarning barcha intilishlari maʼlum maqsadlarga qaratilgan boʻladi. Ularning aksariyati Vatan, xalq, jamiyat, insoniyatga xizmat qilishni hayotining maqsadi deb biladi.

Botir USMONOV,

Toshkent kimyo-texnologiyalari instituti rektori