Shu bilan birga, oʻz hisobidan kutubxona barpo etayotgan tashabbuskorga 1 mingtadan oʻzbek va jahon adabiyotining durdona asarlari olib beriladi. Ular davlat hisobidan kompyuter bilan jihozlanib, Milliy kutubxona bazasiga ulanadi.
1-maydan yoshlar, talabalar, maktab oʻquvchilari oʻrtasida soʻrovlar oʻtkazib, ular koʻp ovoz bergan kitoblarni oʻzbek tiliga tarjima qilish boʻyicha davlat buyurtmasi joriy qilinadi. Xususiy nashriyotlarga bu borada kreditlar foizini qoplab berish, garov taʼminoti boʻyicha yengilliklar beriladi.
Mutasaddilarga har bir tumanda “daftar”ga kirgan 100 nafardan yoshlarning ichki turistik sayohatlarini tashkil qilish topshirildi.
Joriy yildan boshlab yoshlar oʻrtasida “Kasb-hunar olimpiadalari” oʻtkazilishi taʼkidlandi. Misol uchun, oshpaz, konditer, stilist, dizayner, hunarmandlar oʻrtasida olimpiada oʻtkaziladi va gʻoliblarga ustaxonalar qurib beriladi, zarur dastgohlar olib beriladi.