Yoshlarga taʼlim berish platformasi — “TexnoBus” ishga tushirildi

    Fan 1 Iyul 2020 1978

    Respublikamizning chekka hududlarida mamlakatimiz rivojlanishi uchun muhim boʻlgan sohalarga qiziquvchi yoshlarga taʼlim berishga moʻljallangan “TexnoBus” texnologik mobil taʼlim platformasiga Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Oybek Norinboyev tomonidan 30-iyun – Yoshlar kunida start berildi.

    “TexnoBus” taʼlim platformasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich tashkil etilayotgan Yoshlar texnoparkining asosini yaratish va unda faoliyat olib boruvchi iqtidorli yoshlar jamoasini shakllantirish maqsadida ishlab chiqildi. “TexnoBus” barcha qulayliklarga ega boʻlib, kerakli zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan. Toʻgʻridan-toʻgʻri elektr tarmogʻi, elektr toki generatori va akkumulyator orqali quvvat olish imkoniga ega “OʻzOtayoʻl” rusumli taʼlim avtobusi bir vaqtning oʻzida 12 nafar oʻquvchini oʻqitish imkoniga ega.

    Innovatsion taʼlim platformasida yoshlarga quyidagi sohalar boʻyicha taʼlim beriladi:

    - robototexnika va elektronika;

    - 3D prototiplashtirish;

    - muqobil energiya manbalari;

    - dasturlash;

    - VR/AR va boshqa interaktiv yoʻnalishlar.

    Birinchi tashrif Toshkent viloyati Ohangaron shahriga uyushtirildi. Ohangaron shahrining iqtidorli yoshlariga ilk mahorat darslari Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi direktori oʻrinbosari Akbarxon Sobirxonov hamda Iqtidorli yoshlar bilan ishlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Azizbek Ilhomov tomonidan oʻtkazildi. Mahorat darslarida hududdagi 20 nafardan ortiq tashabbuskor yoshlar ishtirok etdilar.

    Bundan tashqari, mahorat darslari yakunida tashrif buyurganlar uchun Yoshlar akademiyasi va Ohangaron shahrida tashkil etilayotgan Yoshlar texnoparki boʻyicha maʼlumotlar, ularda yaratilayotgan imkoniyatlar va shart-sharoitlar tushuntirildi.