Unda vazir Ibrohim Abdurahmonov “KAMAZ” kompaniyasi Inson resurslarini rivojlantirish departamenti direktori Leniza Xikmatullina bilan Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida kasbiy taʼlimni rivojlantirishda hamkorlikni masalalarini muhokama etdi.

Qayd etish joiz, hozirda “Kamaz” kompaniyasining Tatariston Respublikasidagi ishlab chiqarish komplekslarida yiliga 900 nafar nomzodlarni kasbga oʻrgatish yoʻlga qoʻyilgan, ishlab chiqarishda 1800 nafar oʻzbekistonlik mehnat qilyapti.

Shunga qaramay, kompaniyada boʻyoqchi, chilangar, payvandchi, haydovchi va haydovchi-elektrik kabi kasb egalariga boʻlgan talab kattaligi taʼkidlandi. Kompaniya vakillari ushbu yoʻnalishlarda oʻzbekistonlik yoshlarni ish bilan taʼminlash uchun vazirlik bilan hamkorlikda ish olib borish istagini maʼlum qildi.

I.Abdurahmonov oʻzbekistonlik yoshlarni talab etilayotgan kasblarga oʻrgatish, ularning til malakasini oshirish hamda “KAMAZ” kompaniyasi ishlab chiqarish komplekslarida kafolatlangan ish bilan taʼminlash borasida bir qator takliflarni ilgari surdi. Xususan, kompaniya tomonidan Oʻzbekistondagi mutaxassislikka mos kollej va texnikumlar tanlab olinib, ularda “Kamaz” brendi ostida toʻliq taʼlim hamda kasbiy tayyorlash dasturlarini yoʻlga qoʻyish taklif etildi.

Shuningdek, Oʻzbekistondagi professional taʼlim muassasalari bazasida maxsus tayyorlov kurslarini tashkil etish, uni muvaffaqiyatli yakunlab, saralangan bitiruvchilarni ishga joylashtirish kabi masalalar ham muhokama etildi.

Ushbu hamkorlik doirasida jalb etilgan ishchilar haq-huquqlarining toʻliq taʼminlanishi, ijtimoiy himoya jarayonlarining toʻliq amalga oshirilishi zarurligi alohida belgilab oʻtildi, deb xabar beradi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.