Yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrov darajasi 4 barobar oshdi — Ulugʻbek Toshkenboyev

    Ayni paytda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida oliy taʼlim muassasalari va akademik litseylar reytingini eʼlon qilishga bagʻishlangan tadbir oʻtkazilmoqda.

    Tadbir davomida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Toshkenboyev oliy taʼlim muassasalarining qamrov koʻrsatkichlariga toʻxtalib oʻtdi.

    – Soʻnggi yillarda yoshlarning sifatli oliy taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish davlat siyosatining asosiy ustuvor vazifasi boʻlib kelmoqda. Xususan, yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrov darajasi 4 barobar (2016-yildagi 9 foizdan 2022-yilda 40 foizga) oshdi.

    Taʼlim xizmatlari bozorida xorijiy va nodavlat taʼlim xizmatlari vakillarining ishtiroki kengaydi. Jumladan, oliy taʼlim muassasalari soni 3 barobar (2016-yildagi 65 tadan 2022-yilda 177 taga), nodavlat OTMlar soni 13 karra (2016-yildagi 4 tadan 2022-yilda 53 taga) koʻpaydi.

    Qamrov bilan bir qatorda taʼlim sifatini ham taʼminlash bugungi kunda dolzarb boʻlib turibdi. Jahon bankining Inson kapitali indeksi tadqiqot natijalariga koʻra, amaldagi taʼlim tizimi yoshlarga oʻz salohiyatining oʻrtacha 62 foizini ruyobga chiqarish imkonini bermoqda, – dedi Ulugʻbek Toshkenboyev.