Bugungi kunda Oʻzbekistonda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari bagʻrikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashab kelmoqda. Turli millat va din vakillarining bexavotir oʻz ibodatlarini emin-erkin ado etishlari esa jamiyat barqarorligida ustuvor jihat hisoblanadi.
Tahlillarga eʼtibor bersak, hozirgi kunda Oʻzbekistonda jami 2357 ta diniy tashkilot va 16 ta diniy konfessiya faoliyat yuritmoqda. Xususan, mamlakatimizda 2159 tasi musulmon tashkiloti qatorida 197 ta noislomiy diniy tashkilotlar rasmiy faoliyat koʻrsatmoqda. Tegishli tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan noislomiy diniy tashkilotlarning 179 tasi xristianlik tashkiloti, 8 tasi yahudiylik jamoasi, 7 ta Bahoiylik, 1 ta Krishnachilik jamiyati va 1 ta buddaviylik ibodatxonasi, shuningdek, konfessiyalararo Oʻzbekiston Bibliya jamiyati hisoblanadi.
Soʻnggi yetti yilni oladigan boʻlsak, respublika boʻyicha jami 117 ta diniy tashkilot, shu jumladan 2 ta oliy va bitta oʻrta maxsus islom bilim yurti, 91 ta masjid hamda 23 ta yetti xil turli konfessiyaga taalluqli boʻlgan noislomiy diniy tashkilotlar davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Alohida eʼtirof etish lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining maxsus topshirigʻiga koʻra, mojaroli hududlardan (Suriya, Iroq, Afgʻoniston.) Oʻzbekiston fuqarolarini mamlakatga qaytarish boʻyicha “Mehr” insonparvarlik tadbirlari amalga oshirildi.
Mazkur dasturlar doirasida mamlakatga olib kelingan 531 nafar fuqaro bilan amalga oshirilgan tadbirlar tizimli tashkil etilgan boʻlib, ushbu shaxslarga, tibbiy yordam, psixologik koʻmak koʻrsatildi, shaxsiy hujjatlari tiklab berildi, ularning bandligini taʼminlash, shu bilan birga moddiy ragʻbatlantirish choralari koʻrildi.
“Mehr” insonparvarlik dasturi doirasida olib kelingan fuqarolarni ijtimoiylashuvini taʼminlash doirasida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 121 nafar ayolning 97 nafari ish bilan va 43 nafari uy-joy bilan taʼminlandi, 29 nafari davolanish uchun sihatgohga yuborildi, 55 nafari oʻquv kurslarida oʻqitildi, 31 nafarini tadbirkorlik faaoliyatiga koʻmaklashildi.
Voyaga yetmaganlarning 140 nafari MTMlarga, 211 nafari esa oʻrta maktablarga joylashtirildi. 142 nafariga bola puli, 6 nafariga nogironlik nafaqasi tayinlandi.
Vatandoshlarimizga moddiy yordam koʻrsatish bilan bir qatorda, ularni maʼnaviy sogʻlomlashtirish, ijtimoiy hayotga qayta moslashtirish maqsadida, ularga jamoatchilik vakillari, imom-xatiblar va otinoyilar murabbiy sifatida biriktirilib “Oila – tarbiya oʻchogʻi”, “Oila – muqaddas qoʻrgʻon”, “Farzand tarbiyasida otaning oʻrni”, “Jaholatga qarshi maʼrifat”, “Aholi oʻrtasida terroristik materiallarni tarqalishi”, “Ozodlik – ulugʻ neʼmat”, “Ilmdan boshqa najot yoʻq”, “Diniy ekstremizm va terrorizm taraqqiyot dushmani”, “Men qonunga itoat etaman”, “Men yot gʻoyalarga qarshiman” mavzularida targʻibot tadbirlari olib borilishi taʼminlandi.
“Mehr” dasturlari doirasida olib kelingan shaxslar va ularning oila aʼzolarini reabilitatsiya qilish va jamiyatga moslashtirish maqsadida joriy yilning 1-choragi davomida 129 ta maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilib, tadbirlarga 267 nafar ayollar va ularning oila aʼzolari ishtirok etdi. Ishtirokchilarning 263 nafarining dunyoqarashida ijobiy natijalar kuzatildi.
Ramazon oyi munosabati bilan mahallalarda “Saxovat” tadbirlarini tashkil etish orqali mahallalardagi boquvchisini yoʻqotgan va ehtiyojmand oilalarga hamda “Mehr” dasturi doirasida olib kelingan 129 nafar ayollar va ularning oila aʼzolariga iftorlik dasturxonlari tashkil qilinib, joylardagi Bosh imom-xatiblarning xotin-qizlar masalalari boʻyicha yordamchilari tomonidan 200 dan ziyod oilalarga jami 31,5 mln soʻm miqdorida moddiy yordam, homiylar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, farzandlari uchun kiyim-kechaklar berildi.
Hozirda mazkur shaxslarga ruhiy jihatdan yordam koʻrsatish, jamiyatga qayta ijtimoiylashtirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bartaraf qilish boʻyicha tizimli ishlar davom etmoqda.
Shu oʻrinda eʼtibor qaratish lozimki, diniy-maʼrifiy soha xodimlari, xususan, imom-xatiblar joylarda yot gʻoyalar taʼsiriga tushgan shaxslar bilan ishlash va ularni reabilitatsiya qilish hamda profilaktikasi bilan shugʻullanishda keng jalb etib kelinmoqda.
Jumladan, imom-xatiblar:
- “Jaholatga qarshi maʼrifat” tadbirlari, yosh avlodni ilm-maʼrifat egallash, kasb-hunar oʻrganishga targʻib etish, mutaassiblikka moyil shaxslar bilan suhbatlar oʻtkazish, xususan, yoshlarni toʻgʻri yoʻlga boshlash, muammoli va ajrim yoqasidagi oilalarni isloh qilishga qaratilgan tadbirlar oʻtkazadi;
- ekstremizm va terrorizmga aloqadorligi sababli ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni oʻtayotgan shaxslar hamda qilmishidan chin koʻngildan pushaymon boʻlib, jazoni oʻtash joylaridan ozod qilingan fuqarolar bilan suhbatlarda ishtirok etadi;
- diniy asoslar sababli buzgʻunchi mafkuralar taʼsiriga tushib qolgan fuqarolarni ijtimoiy va diniy reabilitatsiya qilishga qaratilgan ishlarida faol qatnashadi.
Bundan tashqari, aholi, ayniqsa yoshlar orasida ekstremizm va terrorizmning buzgʻunchi gʻoyalariga nisbatan murosasizlik tuygʻusini shakllantiradi hamda “Mehr” dasturi doirasida Afgʻoniston, Suriya va Iroqdan xalqaro terrorchilik tashkilotlari safiga adashib qoʻshilib qolgan va Oʻzbekistonga qaytarilgan xotin-qizlar va bolalar bilan ijtimoiy moslashuvi ishlarini amalga oshiradi.
Bugungi kunda yot gʻoyasidan qaytmagan shaxslar bilan ishlash imom-xatiblar va ilmiy markazlarda faoliyat olib borayotgan islomshunos mutaxassislarning asosiy faoliyat yoʻnalishlaridan biri hisoblanib, ularni reabilitatsiya qilish hamda profilaktikasi bilan shugʻullanish ishlari doimiy ravishda tizimli yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2023-yil 10-11-avgust kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlarda yot gʻoyasidan qaytmagan shaxslarga doimiy ravishda hududlarda faoliyat olib borayotgan imom-xatiblar hamda “Qaytaruv guruhi” aʼzolarini biriktirish choralarini koʻrish vazifasi belgilangan.
Shunga koʻra, yot gʻoyasidan qaytmagan shaxslarda sogʻlom diniy qarashlarni shakllantirish va jamiyatga toʻliq moslashtirish maqsadida ularning har biriga hududlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatib hamda islomshunos mutaxassislar biriktirildi.
Shuningdek, 2024-yilning 1-choragida ularning doimiy ish bilan taʼminlanishi, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishi, ularga moddiy koʻmak, tibbiy yordamlarni koʻrsatish, uy-joy va kommunal sohadagi muammolarini hal etish boʻyicha tegishli ishlar amalga oshirildi.
Bundan tashqari, diniy soha vakillari faoliyat olib borayotgan oʻz hududlarida manfaatdor idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda xorijga mehnat qilish, taʼlim olish va boshqa maqsadlarda ketayotgan fuqarolar bilan xorijdagi diniy ekstremistik tashkilotlarning yot gʻoyalaridan ogoh etish, missionerlik guruhlarning gʻoyalari taʼsiriga tushib qolmaslik hamda yurtimizdagi islom dinining anʼanaviy hanafiy mazhabi asosidan ibodatlarni amalga oshirish yuzasidan tushuntirish-targʻibot ishlarini olib bormoqdalar.
Shu bilan birga, Oʻzbekistonlik migrantlar salmogʻi yuqori boʻlgan xorijiy davlatlardagi yoshlarning turmush sharoitlarini oʻrganish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etish orqali yot gʻoyalar taʼsiridan himoya qilish maqsadida xalq orasida obroʻ-eʼtiborga ega, notiq imom-xatiblarning xorijiy davlatlarga xizmat safarlari ham tashkil etib borilmoqda.
Xususan, oʻtgan davr davomida AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Turkiya va Qozogʻiston kabi davlatlarda Oʻzbekiston fuqarolari mehnat qilayotgan obyektlarda hamda taʼlim olayotgan talabalar orasida radikal, destruktiv va boshqa buzgʻinchi gʻoyalar taʼsiriga tushib qolshni oldini olish boʻyicha tushuntirish ishlari olib borilgan.
Xulosa oʻrnida aytish joizki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Inson qadri uchun” tamoyili hayotga izchil tatbiq etilayotganining yaqqol tasdigʻidir.
Davronbek MAXSUDOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha
qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari