Xoʻsh, ushbu xastalik qanday kelib chiqadi? Uning oʻziga xos belgilari nimalardan iborat? Qanday xavfli asoratlari mavjud?
Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi boʻlim boshligʻi Dilorom Tursunova shu haqdagi mulohaza va tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdi.
— Yoz kunlarida ochiqda qolgan taom va yeguliklar sifati juda tez buziladi, — deydi mutaxassis. — Ayniqsa, sut va sut mahsulotlari qisqa muddatda aynib qolishi mumkin.
Bundan tashqari, kasallik kelib chiqishiga asosan gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik sabab boʻladi. Masalan, bolalar baʼzan koʻchadan uyga kirgach va ovqatlanishdan avval qoʻllarini sovunlab yuvishni unutadi.
Hoʻl meva-sabzavotlarni isteʼmol qilishdan avval ularni yaxshilab chayish ham kichkintoylarning doimo xayoliga kelavermaydi. Oqibatda ogʻiz orqali organizmga tushgan bakteriya va viruslar ichburugʻ, dizenteriya, salmonellyoz kabi oʻtkir yuqumli ichak kasalliklarni qoʻzgʻatadi.
Yaʼni organizmdagi bakteriya va viruslar ichak shilliq qavatini yalligʻlaydi va ulardan ajralgan toksinlar qonga soʻrilib, butun tanani zaharlaydi. Oqibatda 2 soatdan 2 kungacha boʻlgan inkubatsion davrda diareyaning ilk belgilari namoyon boʻladi.
Bemorlarda holsizlik, koʻngil aynishi, qusish, ich ketishi, tana harorati koʻtarilishi, qorin ogʻrishi, dam boʻlishi kabi simptomlar kuzatiladi.
Oʻtkir diareya bemor holati va organizmga tushgan mikrob yoki virus xususiyatiga qarab yengil, oʻrtacha yoki ogʻir, baʼzan tipik boʻlmagan shaklda oʻtishi mumkin.
Kasallikni davolashda har bir daqiqaning ahamiyati katta. Yaʼni bemorga qancha erta tashxis qoʻyilib, muolaja qancha tezroq boshlansa, natija shu qadar samarali boʻladi.
(Davomi bor!)
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.