Yuksak mukofot shukuhi

    Bu yil Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan Prezidentimiz Farmoniga ko'ra, bir guruh fidoyi yurtdoshlarimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida haybatli tog'lar, poyonsiz adirlarni yayov kezgan atoqli geolog olim, O'zbekiston fanlar akademiyasi akademigi, geologiya – mineralogiya fanlari doktori, professor Habibulla Akbarov ham bor. “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi bo'lgan atoqli olim haqida Toshkent Davlat Texnika Universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Sadriddin Turobjonov so'z yuritadi:

    Habibulla Akbarov qariyb 70 yildan buyon respublika geologiya sohasida faoliyat olib borayotgan fidoiy olimdir. Ilk mehnat faoliyatini O'rta Osiyo geologiya va mineral xomashyo ilmiy-tadqiqot institutining geologiya-qidiruv bo'limida laborant lavozimida boshlagan. O'rta Osiyo geologiya va mineral xomashyo ilmiy-tadqiqot institutining aspiranti sifatida ilmiy faoliyat olib borgan.

    Habibulla Akbarov 1992 yili Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida geologiya va tog'-konchilik o'quv-ilmiy ishlab chiqarish markazini tuzish va unga rahbarlik qilish uchun universitet rektori muovini lavozimiga ishga taklif etildi va bu erda 1996 yilga qadar faoliyat yuritdi. Bu davrda u o'zining asosiy maqsadi qilib, soha bo'yicha ilmiy tadqiqot ishlarni rivojlantirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, yangi institutlararo laboratoriyalar kompleksini tashkil qilish va ulardan hamkorlikda foydalanish, laborator tadqiqot ishlariga iqtidorli talabalarni jalb qilish va shuning asosida o'quv jarayonining sifatini oshirish, zamon talabiga javob beradigan malakali mutaxassislar tayyorlashdek katta ishlarga qo'l urdi. O'sha davrda olimning sa'y harakati tufayli 20 ga yaqin aspirant va o'qituvchilar ilmiy-tadqiqot ishlarini tugallab, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildi.

    Habibulla Akbarov boy tajribasi, kuchli bilimi, ish va sohaga sadoqati, mehnatsevarligi tufayli Oliy ta'lim tizimiga yangidan jalb qilindi. U 2001 yil Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida “Foydali qazilma konlari geologiyasi, qidiruv va razvedkasi” kafedrasi mudiri sifatida ish boshladi va kafedrani 2007 yilga qadar samarali boshqardi. Hozirgi kunda shu kafedrada professor lavozimida talabalarga ta'lim, ilmiy izlanish olib borayotgan yosh mutaxassislarga tadqiqot ishlarida ko'mak berish va ularning ilmiy ishlarini himoya qilishlarida jonbozlik ko'rsatib kelmoqda.

    Sohadagi ko'p yillik fidokorona xizmatlari uchun olim bir qancha orden va medallar bilan taqdirlangan.

    Etuk olim sifatida Rossiya Federatsiyasi Tabiiy Fanlar akademiyasining chet ellik a'zosi, Xalqaro Muhandislik Akademiyasining muxbir-a'zoligiga saylangan. Olimning nomi Amerika biografiya institutining “Vыdayuщiesya deyateli” Xalqaro katalogiga kiritilgan.

    — Prezidentimiz tomonidan so'ngi yillarda ilm sohasi va uning vakillariga, ayniqsa, geologiya yo'nalishiga qaratayotgan e'tibor, bu ushbu sohaning yangidan kurtak yozib, uning rivojlanishida muhim omildir, — deydi Habibulla Akbarov.

    Habibulla Akbarov malakali mutaxassis sifatida O'rta Osiyoning genetik, strukturaviy-geologik va sanoat turlari jihatidan har xil bo'lgan ma'dan maydonlarida va konlarida o'tkazilgan dala izlanishlarida qatnashdi. O'rta Osiyoning yirik tadqiqotchilari rahbarligida Qo'ytosh, Chorux-Dayron (hozir Xamrobod), Sumsar, Oktuz, Oltintopgan, Haydarkon, Qadamjoy, Qo'rg'oshinkon va boshqa ma'dan konlarini o'rgandi. U qatnashgan tematik gypyh a'zolari tomonidan bir necha yillik qidiruv va dala ishlari davrida Markaziy Osiyo Respublikalari xalq xo'jaligi va iqtisodiyotining rivojlanishi uchun muhim bo'lgan, ma'danlarning geologik-strukturaviy jihatdan joylashish sharoitlarini aniqlovchi daliliy xujjatlar yig'ildi. Bunday tadqiqotlar, qidiruv uchun istiqboli katta bo'lgan, maydonlarni aniq ajratish va ma'danlashishini baholash imkonini beradigan, bashoratlashning mukammal strukturaviy xaritasini tuzish bilan yakunlandi. Izlanish natijalari amaliy ishlarda foydalanish uchun ishlab chiqarish korxonalari mutaxassislariga berildi.

    Habibulla Akbarovning olim sifatida shakllanishida har xil davrlarda rahbarlik qilgan O'rta Osiyo mineral xomashyo ilmiy-tadqiqot instituti olimlar jamoasining o'rni kattadir. U etuk olimlar bilan hamkorlikda har xil turdagi ma'dan maydonlarining litologik, petrografik, tektonik va strukturaviy xususiyatlarini mukammal o'rgandi. Olimning izlanishlari ma'dan konlarining paydo bo'lish sharoitlari va joylashish qonuniyatlari bilan bog'liq bo'lgan juda keng masalalarni o'z ichiga oladi. U O'rta Osiyo ma'danli strukturalar geologiyasi maktabining munosib vakili sifatida ma'dan strukturasi geologiyasi bo'yicha izlanishlar olib borib, o'zining kon va ma'dan maydonlarining strukturasini o'rganish usulini taklif qildi.

    Habibulla Akbarov tomonidan Markaziy Osiyoda foydali qazilma konlarining strukturaviy shakllanish sharoitlari va joylashish qonuniyatlari aniqlandi, ularning yaxlit bir tizimi shakllantirildi, geologik-strukturaviy holatlar va ma'danlashishning shakllanishini belgilovchi geologik omillar va ularning ko'lami keng tadqiq qilindi, ma'danli maydonlar va konlarning geologik-strukturaviy holati ochib berildi hamda tartibga solindi, ularning izlash-baholash ishlaridagi ahamiyati belgilandi. Mufassal geologik-bashorat xaritalari asosida yopiq ma'danlashishni miqdoriy jihatdan muayyan bashoratlashning uslubiyati ishlab chiqildi va takomillashtirildi. Tog' jinslarining tarkibi va fizik-mexanik xususiyatlarining yaqinligi nuqtai nazaridan Tyan`-SHan`da 7 ta geologik formatsiya ajratildi. U har bir formatsiya foydali qazilma bir turining, kamdan-kam hollarda ikkita turining ustuvorligi bilan ajralib turishini, tog' jinslariga konlar joylashishining o'z xususiyatlari va ma'danli tanalarning ma'lum bir morfologik tiplari xosligini nazariy asosladi.

    Habibulla Akbarov 500 dan ortiq ilmiy ishlar, maqolalar, o'quv qo'llanma va darsliklar hamda bir nechta monografiyalar muallifidir.

    U pedagogik va ilmiy tadqiqot faoliyati bilan bir qatorda yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik xodimlarni tarbiyalashga katta e'tibor berib kelmoqda. Uning rahbarligida, mustaqillik yillarida 12 nafar fan nomzodi va 6 nafar fan doktori o'zlarining ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Atoqli olim hozirgi kunda “Mineral resurslar instituti” va “Geologiya va geofizika institutlari”da tashkil etilgan ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash va Ilmiy seminarlarning faxriy a'zosi sifatida samarali faoliyat olib bormoqda.

    Atoqli olim o'zining bilimli, qobiliyatli, mehnatsevar, insoniyligi kabi qator xislatlari bilan nafaqat O'zbekistondagi hamkasb do'stlari va yoshlar orasida, balki Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligidagi etuk geolog olimlar ichida ham o'ziga yarasha obro'ga ega bo'lib, ularning cheksiz hurmat va izzat-ikromiga sazovor bo'lib kelmoqda.