Dastlab tashkilot faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, maqsad va vazifalari haqida maʼlumot berildi. “Yuksalish” umummilliy harakati xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, media sohasi (“Media maktab”), nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari (“NNT maktabi”) vakillari salohiyatini oshirish, jamoatchilik nazoratiga yangicha yondashuv va mexanizmlarini joriy etish, inson huquqlarini taʼminlash, chekka hududlarda infratuzilmani rivojlantirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirayotganini qayd etildi.

Harakat raisi ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari qatorida quyidagi takliflarni bildirdi:

- “Ommaviy diplomatiya maktabi” (Public diplomacy school)ni tashkil etish. Unda davlat organlari tomonidan fuqarolarni axborot bilan taʼminlash sifatini oshirish maqsadida vazirliklar, idoralar, siyosiy partiyalarning ish boshqaruvchilari uchun media treninglar oʻtkazish;

- Oʻzbekistonda va Oʻzbekistonga oid oʻtkazilgan tadqiqotlar natijalarini davlat sektorida joriy etish va qabul qilinayotgan qarorlar sifatini oshirish boʻyicha tavsiyalar, tadqiqotlar natijalarini har chorakda eʼlon qilib borish;

- Partiya faollari, talabalarni jalb qilgan holda Yoshlar munozara klubini tashkil etish;

- jamoatchilik bilan samarali hamkorlik qilish uchun davlat organlari, shu jumladan xalqaro boʻlimlar salohiyatini oshirish;

- raqamlashtirish va ekologiyaga doir loyihalarni ilgari surish.

Bahrom Rajabov taqdim etilgan yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikni rivojlantirishdan Jamgʻarma manfaatdor ekanini taʼkidlab, tadbirlar formati va muddatlarini koʻrsatuvchi batafsil “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif qildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar “Yuksalish” harakati va F.Ebert nomidagi jamgʻarma oʻrtasida memorandum imzolash orqali hamkorlikdagi faoliyatni boshlashga kelishib oldi, deb xabar beradi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.

Maʼlumot uchun: Fridrix Ebert nomidagi jamgʻarma Germaniyadagi siyosiy nodavlat notijorat tashkiloti boʻlib, 1925-yilda tashkil etilgan. Jamgʻarma fuqarolik jamiyatini mustahkamlash maqsadida siyosiy-maʼrifiy ishlarni olib boradi, iqtisodiy, ijtimoiy va taʼlim siyosatining asosiy masalalari boʻyicha strategik tadqiqotlar oʻtkazadi, tinch hamkorlik va inson huquqlarini himoya qilish siyosatini qoʻllab-quvvatlaydi, demokratik va konstitutsiyaviy tuzilmalarni yaratish va mustahkamlashga koʻmaklashadi, iqtidorli yoshlarni stipendiyalar bilan taʼminlash orqali qoʻllab-quvvatlaydi.