“Oʻzgidromet” xabar berishicha, 9—12-yanvar kunlari Oʻzbekistonda anomal sovuq ob-havo kutilmoqda. “Yuksalish” harakati barcha hamyurtlarimizni quyidagi ishlarga chorlaydi:

Birinchidan, barcha ish beruvchilar — ham davlat, ham xususiy sektor ish jarayonlarini tashkil etishni chuqurroq koʻrib chiqishlari kerak. Mehnat sharoitlari bilan tanishib chiqib, xodimlarni qulay harorat rejimi bilan taʼminlash zarur.

Ikkinchidan, agar xodimlarning ish joyida boʻlishiga ehtiyoj boʻlmasa, ular onlayn ishlashiga ruxsat berilishi kerak. Pandemiya bunday formatda ham berilgan vazifalarni samarali bajarish mumkinligini koʻrsatdi. Qolaversa, bu yoʻllarni tirband qilmasdan, qor va muzlardan tozalab olinishiga sharoit yaratadi.

Masalan, “Yuksalish” harakati jamoasi 9—15-yanvar kunlari masofadan ishlashga oʻtmoqda. Markaziy idora joylashgan binoning isitish tizimidagi qiyinchiliklar sababli shunday qarorga kelindi. Hududiy boʻlinmalar ham onlayn formatga oʻtmoqda.

Uchinchidan, ish soatlarini, ayniqsa, ochiq havoda ishlaydiganlar uchun qisqartirish maqsadga muvofiq. Imkon qadar xodimlar uchun issiq ichimliklar tashkil qilish, sovuqqotish holatlarining oldini olish uchun tanaffus berish yoki oʻrin almashtirish ham foydadan xoli boʻlmaydi.

Toʻrtinchidan, yirik savdo va aholiga xizmat koʻrsatish markazlarida issiq choy berishni tashkil qilish oʻrinli boʻladi.

Beshinchidan, jamoat transportining uzluksiz harakatlanishini taʼminlash kerak. Chunki noqulay ob-havoda yoʻllarda yengil avtomobillar soni keskin kamayadi.

Muhimi, beʼyetibor boʻlmaylik, qishning sovuq kunlarida iliqlik ulashib, bir-birimizga yordam beraylik.

Mahallangizdagi yolgʻiz keksa qoʻshnilar, koʻp bolali oilalar, farzandini yolgʻiz tarbiyalayotgan onalardan xabar oling. Ulardan isitish tizimi, elektr, gaz borligini soʻrang? Balki kimgadir oʻtin yoki koʻmir kerakdir? Issiq kiyimlari yoʻqdir. Oʻzingizda borini ular bilan ham boʻlishing. Shaxsiy avtomobilda harakatlanganda ham bir manzilga boruvchi yoʻlovchilarni olib keting.