Suhbat chog'ida O'zbekiston va YUNVTO o'rtasidagi hamkorlikka oid qator masalalar, jumladan, joriy yilning oktyabr oyida Samarqand shahrida bo'lib o'tgan tashkilot Bosh assambleyasining 25-sessiyasi yakunlari muhokama qilindi.

Xususan, Zurab Pololikashvili ushbu global tadbirni o'tkazishdagi yuksak tashkiliy ishlar va doimiy qo'llab-quvvatlov uchun O'zbekiston rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildirdi. U Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 25-sessiyaning ochilish marosimida bildirilgan taklif va tashabbuslar YUNVTOning keyingi faoliyati uchun o'ziga xos «yo'l xaritasi»ga aylanishini alohida ta'kidladi. "Yashil" turizmni rivojlantirish taklifi jahon turizmi rivojida yangi bosqich sifatida e'tiborga loyiq», dedi Zurab Pololikashvili.

YUNVTO bosh kotibining aytishicha, kotibiyat hozirda "yashil" turizmni baholash mezonlarini joriy etish metodologiyasi loyihasini ishlab chiqmoqda. Bu "yashil" turizm bo'yicha xalqaro dasturning asosiga aylanadi. Shu munosabat bilan u Samarqandda ochiladigan «Ipak yo'lida turizm» tematik ofisi negizida YUNVTO tomonidan moliyalashtiriladigan "yashil" turizm xalqaro markazini tashkil etish taklifini bildirdi.

Zurab Pololikashvili Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan Samarqandda bo'lib o'tgan uchrashuvda Buxoro shahri va Buxoro viloyatida turizmni rivojlantirish masalalari muhokama qilinganini ham ta'kidladi. Shu munosabat bilan u viloyatning turizm salohiyatini kengaytirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun viloyatga xorijiy investorlarni jalb etishga tayyorligini ma'lum qildi.

Uchrashuv so'ngida O'zbekiston va Butunjahon sayyohlik tashkiloti o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qo'shgan hissasi uchun elchi Jahongir G'aniyevga YUNVTO esdalik nishoni topshirildi.