Bugungi global tendensiyalarga koʻra, dunyo mamlakatlarida, jumladan, yurtimizda ham tibbiyotga, xususan, sohaning malakali xodimlarini tayyorlashga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimiz navbatdagi Murojaatnomasida “Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sogʻligʻi joyida boʻlishi, yaxshi taʼlim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak boʻlsa, hammasini yaratib berishga harakat qilyapmiz va bu yoʻldan aslo toʻxtamaymiz”, dedi. eʼtibor bergan boʻlsangiz, insonning sogʻlomligi baxtli va osuda hayotining muhim omili sifatida koʻrilmoqda.

Bu esa tibbiyot oliy taʼlim muassasalari oldida salmoqli vazifalar turganini anglatadi. Bugun talabalik maqomiga erishgan yigit-qizlarni har tomonlama yetuk kadrlar etib tayyorlash orqali yurtdoshlarimizning salomatligini tiklashga hissa qoʻshishimiz mumkin. Malakali shifokorlar va tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga talab yuqoriligini hisobga olib, davlatimiz rahbari topshirigʻiga binoan OTMlarga qabul kvotasi qariyb uch barobar oshirildi.

Bu bilan tibbiyot xodimlariga ehtiyojni qoplash, tibbiy taʼlim olishga ishtiyoqmand yoshlarga imkoniyat yaratish maqsad qilingan. Toshkent davlat stomatologiya instituti misolida aytsak, bugun oliy taʼlim muassasamizda besh ming nafardan ziyod talaba kasb sirlarini oʻrganmoqda. Oʻquv jarayoni mamlakatimiz taʼlim yoʻnalishlari va qoʻshma taʼlim dasturlari orqali amalga oshiriladi. Talabalarning 500 nafari xorijiy davlatlar fuqarolaridir.

Oliy taʼlim muassasalarida talabalar soni qisqa muddatda keskin oshishi, albatta, oʻqitish sifati va moddiy resurslarni oshirish talabini qoʻymoqda. Davlatimiz rahbari Murojaatnomada ham OTMlarda songa eʼtibor berilib, taʼlim sifati keyingi oʻringa tushganini taʼkidladi. Chindan ham bugun ilmga chanqoq yigit-qizlar tufayli talabalar kontingenti keskin oshdi. Bu esa malakali kadrlarni tayyorlaydigan ilmiy darajali pedagoglar tayyorlashga ehtiyoj yuqoriligidan dalolat beradi.

Bu yoʻnalishda Vazirlar Mahkamasining ilm-fan va taʼlim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qoʻshimcha haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi tegishli qarori katta yordam boʻldi. Ushbu qaror ijrosi yuzasidan oʻtgan yili ilmiy darajaga ega 181 nafar xodimimizga 30 foizdan 60 foizgacha qoʻshimcha haq toʻlandi. Natijada Toshkent davlat stomatologiya instituti ilmiy salohiya ti 70,1 foizga yetdi.

Bu hozir mamlakatimizdagi eng yuqori koʻrsatkichdir. Oliy taʼlim muassasamiz Jahon tibbiyot federatsiyasining xalqaro akkreditatsiyasiga hamda taʼlim sifatini taʼminlash sohasida xalqaro sertifikatga ega. Oxirgi ikki yilda institutdagi taʼlim jarayoniga qariyb uch yuz nafar xorijlik professor-oʻqituvchi jalb etilgan. Chet eldagi OTMlarning 744 nafar talabasi akademik almashinuv dasturlari doirasida institutda bilimini oshirdi.

Tibbiyot oliygohlari talabalariga integratsiyalashgan nazariy va klinik bilim, koʻnikmalarni singdirish, yuqori tibbiy texnologiyalarni oʻzlashtirishda yordam berish hamda ijtimoiy moslashuv qobiliyatini shakllantirish orqali chuqur ixtisoslashuv, intellektual va shaxsiy imkoniyatlarni roʻyobga chiqarish va yetuk tibbiyot xodimini tayyorlash mumkin. Bu borada oliy taʼlimgacha boʻlgan oʻquv ishlarining tizimli tashkil etilishi ham katta ahamiyat kasb etadi.

Chunonchi, Toshkent davlat stomatologiya instituti huzuridagi akademik litsey bitiruvchilarining oliygohlarga kirish koʻrsatkichi yildan-yilga oshib, joriy oʻquv yilida 86 foizni tashkil etdi. Prezidentimizning 2021-yil 31-avgustdagi “Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari oʻrtasida taʼlim jarayoni hamda tarmoq tashkilotlari bilan ishlab chiqarish amaliyoti uzviyligini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, hamkorlik doirasida Toshkent davlat stomatologiya institutiga bitta akademik litsey va Abu Ali ibn Sino nomidagi toʻrtta (Chilonzor, Chortoq, Doʻstlik va Kattaqoʻrgʻon) jamoat salomatligi texnikumi biriktirilgan.

Ayni paytda ular institut bilan hamkorlikda faoliyat yuritmoqda. Davlatimiz rahbarining 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, Toshkent davlat stomatologiya instituti ham moliyaviy mustaqil. Mana shu imkoniyatdan foydalanib, talabalarni ijtimoiy himoya qilish, ularga munosib sharoit yaratish uchun institutda 400 oʻrinli yangi turar joy barpo etildi. Bugun oliy taʼlim muassasalari oldida jahon reytingiga intilib, xalqaro talablarga mos kadrlar yetishtirish, raqobatbardosh darajaga chiqish vazifasi turibdi.

Bu borada jamoamiz zimmasida ham katta masʼuliyat bor. Tibbiy oliy taʼlimni takomillashtirish, qamrovni kengaytirish, xalqaro standartlar asosida yuqori malakali, kreativ va tizimli fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan mutaxassislarni tayyorlash, intellektual qobiliyatini namoyon etishi va maʼnaviy barkamol shaxs sifatida shakllanishiga koʻmaklashish shular jumlasidan.