Har bir davlatning ijtimoiy-iqtisodiy darajasiga bevosita taʼsir koʻrsatuvchi omillardan biri har tomonlama yetuk oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlashdir. Bu bevosita mamlakatning yuksak taraqqiyotiga daxldor boʻlgan muhim indikator sanaladi. Yurtimizda oliy taʼlim sohasida qator islohotlar oʻtkazilmoqda. Jumladan, 2017-2022-yillarda 30 ta xorijiy hamda 25 ta nodavlat oliy taʼlim muassasasi tashkil etilib, oliygohlar soni 65 tadan 166 taga yetdi, oliygohlarga qabul 3 barobar ortdi. Yoshlarni oliy taʼlimga qamrab olish darajasi 9 foizdan 28 foizga yetkazildi.
Oliy taʼlim jarayoni 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab qisman, joriy oʻquv yilidan esa toʻliq kredit-modul tizimiga oʻtkazildi. Asos sifatida Yevropaning ECTS (European Credit Transfer and Accumulation System) tizimi qabul qilindi. Yetakchi xorijiy universitetlar, jumladan, Sankt-Peterburg davlat universiteti, Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti, Qozon federal universiteti, Italiyaning Piza universiteti kabi salohiyatli xorijiy oliygohlar filiallari ochilgani iqtidorli yoshlarimiz uchun yaratilgan alohida imkoniyatdir.
Taʼlim jarayoniga oliy taʼlim muassasalaridan olinadigan turli hisobot va maʼlumotlar sonini keskin kamaytirish, ularni tayyorlashning qogʻoz shaklidan voz kechish, boshqaruv tizimini raqamlashtirish maqsadida Raqamli universitet loyihasi doirasida oliy taʼlim jarayonini boshqarish axborot tizimi (HEMIS — Higher Education Management Information Systems) ishlab chiqildi.
Mazkur ijobiy oʻzgarishlar, bir tomondan, oliy taʼlimda kadrlarni tayyorlash sifati oshishini taʼminlasa, ikkinchi tomondan, sohada raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Bu esa oʻz-oʻzidan, oliy taʼlim muassasalarining xalqaro miqyosda oʻz nufuzini oshirishga intilishini kuchaytirib, maqsadli chora-tadbirlarni real voqelikka aylantirmoqda.
Dunyoda bir qator tashkilotlar jahondagi universitetlarning nufuzini belgilash boʻyicha doimiy tadqiqotlar oʻtkazib, oliy taʼlim muassasalarining reytingini tuzib boradi. Jumladan, Quacquarelli Symonds World University Rankings (QS), Times Higher Education (THE) kabi tashkilotlar tomonidan olib boriladigan tahlillar xolis va obyektivligi bilan dunyo hamjamiyatida eʼtirof etilgan. Xalqaro reyting agentliklarining oʻz oʻlchov metodologiyasi mavjud.
Masalan, QS tomonidan har yili eʼlon qilinadigan reytingda oliy taʼlim muassasalari 6 ta indikator asosida baholanadi: akademik nufuz, ish beruvchilar oʻrtasidagi mavqei, talabalar sonining universitet ilmiy-pedagogik tarkibiga nisbati, ilmiy-pedagogik kadrlar tarkibida xorijliklar ulushi, chet ellik talabalarning umumiy talabalar soniga nisbati, ilmiy nashrlardagi iqtiboslarning har bir xodimga nisbatan ulushi. Mana shu jihatlar yetarli boʻlgan taqdirda muayyan oliygoh yuqori oʻrinlarga munosib koʻrilishi mumkin.
Times Higher Edusation xalqaro reyting agentligi 2004-yildan boshlab dunyo universitetlari reytingi bilan shugʻullanib keladi. Uning bu boradagi asosiy hamkorlari Thomson Reuters yetakchi xalqaro axborot agentligi hamda Elsevier yirik ilmiy nashriyot kompaniyasi hisoblanadi. THE agentligi, asosan, Thomson Reuters maʼlumotlariga tayangan holda dunyodagi eng ilgʻor 400 ta universitet reytingini tuzadi va har yili sentyabr-oktyabr oylarida reytingni yangilab turadi.
THE metodologiyasining oʻziga xosligi shundaki, tanlangan indikatorlar tekshirish uchun juda qulay va oson boʻlib, mavhum holatlar uchramaydi. Unda 13 ta indikatordan foydalaniladi. Ushbu tashkilotlar reytingida yuqori oʻringa ega boʻlish uchun dunyo universitetlari oʻrtasida sogʻlom raqobat mavjud. Chunki jahon yoshlari aynan xalqaro jamoatchilikda ijobiy imijga ega muassasada taʼlim olishni istaydi. Bunday universitetlarga talabning yuqoriligi ularning moliyaviy barqaror rivojlanishi va akademik nufuzi oshishiga zamin yaratadi.
Ushbu nufuzli agentliklar reytingida birinchi mingtalikka kirgan oliy taʼlim muassasalarining diplomi butun dunyoda tan olinadi. Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida yurtimizdagi kamida 10 ta oliy taʼlim muassasasining xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida birinchi mingtalikka kirishiga erishish nazarda tutilgan.
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 2-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish toʻgʻrisida”gi farmoni asosida Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi tuzilib, milliy oliy taʼlim muassasalarida jiddiy harakat boshlandi.
Maxsus reja asosida Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarining xalqaro reytinglarda munosib oʻrin egallashi yoʻlida tizimli ishlar amalga oshirildi. Jahonda tan olingan reyting agentliklari vakillari bilan yurtimiz oliy taʼlim muassasalari rahbarlari uchun maxsus seminarlar tashkil etildi. Bu boradagi ishlar jadal surʼatda davom etmoqda. Shuningdek, koʻpgina uchrashuvlarda THE xalqaro reyting agentligi vakillari yurtimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan ijobiy oʻzgarishlarni va, ayniqsa, taʼlim tizimiga davlat tomonidan alohida eʼtibor qaratilayotganini eʼtirof etgan holda, bugungi kunda Oʻzbekiston MDH davlatlari orasida taʼlim sohasida ijobiy yangilanishlarni qoʻlga kiritayotgan eng ilgʻor mamlakatlardan biri ekanini taʼkidlamoqda.
Shunday uchrashuvlardan biri shu yil iyun oyida Yangi Oʻzbekiston universitetida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Prezident taʼlim muassasalari agentligi hamda Times Higher Education reyting agentligi masʼul rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtdi. Mazkur seminar oliy taʼlim muassasalarining reytinglar bilan ishlashga masʼul prorektor va xodimlari uchun tashkil etildi.
Seminarda oliy taʼlim muassasalarining xalqaro nufuzli reytinglardan joy egallash imkoniyatlari, talabalarni universitetga jalb qilishdagi xalqaro tendensiyalar, THE reytingi tizimidagi baholash indikatorlari borasida batafsil soʻz yuritildi. Shundan soʻng THE World University Rankings (WUR) global reyting metodologiyasi, Impact Rankings 2022, kelgusi istiqbollar uchun imkoniyatlar, talabalar auditoriyasi bilan mustahkam aloqa oʻrnatish borasida maʼlumot berildi.
Ayniqsa, University Portfolio Review nima uchun muhimligi, universitetlar reytingiga oid maʼlumotlar va ularni tahlil qilish vositalaridan foydalanish, universitet brendini rivojlantirish yoʻllari, xalqaro baholash tizimi (Yevropa va AQSH), ularning afzalliklari va interkollegial qurilma, THE tomonidan ilmiy tadqiqot va maqolalarni baholash, mahalliy va xorijiy talabalarni THE mezonlari boʻyicha taqsimlash kabi mavzulardagi taqdimotlar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti mamlakatimizdagi eng yosh oliy taʼlim muassasalaridan. Prezidentimiz 2017-yili universitet jamoasi bilan uchrashuvda oliygohimizning zimmasiga yuklatilgan vazifalar qatorida bu universitet millatimiz va maʼnaviyatimizni jahonda targʻib etuvchi xalqaro universitet maqomi uchun kurashishi borasida qator topshiriqlar bergan edi.
Jamoamiz zimmasidagi vazifalarni ado etish yoʻlida jiddiy harakat qilib, qisqa muddatda Oʻzbekistonning eng nufuzli oliy taʼlim muassasalari qatoridan joy oldi. Milliy reytingda 2017-yili 44-oʻrinda turgan boʻlsa, 2018-yili 14, 2019-2020-yillarda 9-oʻrinni egalladi. Oʻtgan yili 6-oʻringa koʻtarildi.
Universitet ona tilimizning mamlakatimiz va xalqaro miqyosda nufuzini oshirish, oʻzbek adabiyoti va folklori hamda milliy qadriyatlarini targʻib etish boʻyicha davlat siyosatini hayotga tatbiq etish, oʻzbek tili va adabiyoti bilan bir qatorda xalqimizning maʼnaviyati, tarixi va madaniyati, falsafasini tadqiq etish hamda ushbu maqsadni amalga oshirish uchun yetuk mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha tayanch oliy taʼlim muassasasidir.
Oʻtgan davr mobaynida universitetimizning xalqaro taʼlim maydonida nufuzini oshirish maqsadida bir qancha ishlar bajarildi. Jumladan, turli xalqaro assotsiatsiyalar faoliyati hamda tajribasi oʻrganilib, ularga aʼzo boʻlish chora-tadbirlari ishlab chiqildi. Universitetimiz Markaziy Osiyoni oʻrganish xalqaro assotsiatsiyasi (Janubiy Koreya), Markaziy Osiyo universitetlar assotsiatsiyasi (Qirgʻiziston, Turkiya), Kavkaz universitetlari birlashmasi (Turkiya), Oʻzbekiston — Amerika jamiyati (AQSH) aʼzosiga aylandi.
Xorijlik talabalarni oʻquv jarayoniga keng jalb etish, universitet talabalarining turli almashinuv dasturlaridagi ishtirokini kengaytirish maqsadida xorijlik talabalar bilan ishlash markazi, xalqaro reyting hamda PR strategik rivojlanish va qoʻshma dasturlar boʻlimlari tashkil etildi. Anqaraning Hoji Bayram Vali universiteti bilan gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati, kompyuter grafikasi va mediadizayn, Ahmad Yassaviy nomidagi xalqaro turk-qozoq universiteti bilan turkologiya yoʻnalishida magistratura qoʻshma dasturi yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, yaqin yillarda Nijniy Novgorod davlat lingvistika universiteti (Rossiya) bilan xalqaro munosabatlar, Turkiya madaniyat universiteti bilan oila psixologiyasi mutaxassisligi boʻyicha qoʻshma dasturlarni ochish rejalashtirilmoqda. Bugun xorijiy sheriklarimiz soni 97 ta ga yetib, ular bilan har tomonlama yaqin hamkorlikda oʻquv jarayoni, ilmiy-uslubiy jabhalarda sifatni oshirish boʻyicha muntazam ish olib borilmoqda.
Universitetning xalqaro ilmiy hamjamiyatga jadal integratsiyalashuviga qaratilgan choralar natijasida chet el oliy taʼlim muassasalari hamkorligidagi oʻndan ortiq xalqaro loyihada oliygoh olimlarining ishtiroki taʼminlandi. Shu yil boshida Times Higher Education (THE) xalqaro reyting agentligi tomonidan eʼlon qilingan jahonning nufuzli universitetlari reytingida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti top 1001+ universitetlar roʻyxatiga kiritildi.
Ushbu reytingdan oʻrin egallash yoʻlida ToshDOʻTAU 17 yoʻnalishdagi Barqaror rivojlanish maqsadlaridan sakkiztasida ishtirok etdi. “Sifatli taʼlimni taʼminlash” boʻyicha dunyoning saralangan 1200 dan ziyod oliy taʼlim muassasasi orasida universitetimiz 600-oʻrinni egalladi. “Barqaror taraqqiyot uchun tinch va inklyuziv jamiyatlarni targʻib qilish” hamda “Gender tenglikka erishish” yoʻnalishlari boʻyicha yuqori koʻrsatkichga ega boʻldi. Natijada jahonning 900 dan ortiq universiteti oʻrtasida ToshDOʻTAU 300-oʻringa munosib koʻrildi.
Bundan tashqari, universitetimiz “Tengsizlikka barham berish maqsadlari” boʻyicha 52 va “Qashshoqlikka qarshi kurashish” boʻyicha 45 koʻrsatkich bilan dunyoning 800 ga yaqin universiteti orasida 400-oʻrinni egalladi. Hozir universitetda 205 nafar xorijlik talaba tahsil olmoqda. Jumladan, 4 nafari doktorantura, 19 nafari magistratura, 182 nafari bakalavriat bosqichida oʻqiydi. Ularning 5 nafari Xitoy Xalq Respublikasi, 155 nafari Afgʻoniston, 34 nafari Qozogʻiston, 4 nafari AQSH, 11 nafari Turkiya, qolganlari Pokiston, Janubiy Koreya, Italiya, Polsha davlatlari fuqarolaridir.
Ayni paytda oliygohimizda 76 nafar xorijlik professor-oʻqituvchi dars oʻtmoqda. Ular orasida AQSH, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston, Buyuk Britaniya, Ukraina, Nepal, Polsha, Serbiya, Shveysariya kabi davlatlar vakillari bor.
Qayd etilgan yutuqlar bilan birga hali qiladigan ishlarimiz ham koʻpligini aytish lozim. Jahonning ilgʻor oliy taʼlim muassasalari qatoriga kirish uchun universitet jamoasi kamchiliklar ustida jiddiy ish olib bormoqda. Avvalo, bitiruvchilarning raqobatbardoshligi quvonarli holda emas. Xalqaro tajribada ish beruvchilar sifatli taʼlim beruvchi oliy taʼlim muassasalariga oʻzi borib, eng iqtidorli bitiruvchilarni ishga taklif qiladi. Karyera markazlari muntazam bitiruvchilar va ish beruvchi oʻrtasida koʻprik vazifasini bajaradi.
Bizda esa bunday tizim yetarlicha ishlamaydi. Ish beruvchilar malakali mutaxassislarni izlamaydi. Bundan tashqari, koʻrsatkichi yuqori ilmiy bazalarda (Scopus, Web of Science) maqolalar chop ettirish borasida jiddiy oqsoqlik mavjud. Bunday ilmiy jurnallarga qabul talabi qiyin, nashr muddati ham uzoq vaqt talab etishi tayin. Bizda esa koʻpincha, bunday chigʻiriqlardan oʻtishga hafsala qilinmaydi. Maqolalar sifati talab darajasida emas.
Bu singari kamchiliklar bosqichma bosqich bartaraf etilishiga ishonchimiz komil. Asosiysi, bizda yuqori salohiyatga ega mutaxassislar, aniq strategik maqsad va tizimli yondashuv mavjud. Ishonamizki, yaqin kelajakda universitetmiz xalqaro reytinglarda eng yaxshi koʻrsatkichlarni qayd etib, davlatimiz rahbari bildirgan ishonchni oqlaydi.