Biroq bu sohada tartib-intizom, shaffoflik va professional mas’uliyatni ta’minlash uchun davlat tomonidan muayyan talablar belgilangan. Shulardan eng muhimlaridan biri yuridik maslahat xizmatlarini ko‘rsatuvchi tijorat tashkilotlarini maxsus reyestrga kiritish tartibidir.
Yuridik maslahatchilar tashkilotlarini yuridik maslahat xizmatlarini ko`rsatuvchi tijorat tashkilotlari reyesteriga (keyingi o`rinlarda maxsus reyestr) kiritish bilan bog`liq normativ-huquqiy hujjat O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-avgustdagi 675-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 12-maydagi PF-5441-son Farmonini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Qaroriga ilova tarzida keltirilgan Nizom(lar) sanaladi.
Reyestr nima va uning maqsadi nima?
Reyestr, bu shunchaki ro‘yxat emas. U, avvalo, bozorda faoliyat yuritayotgan yuridik xizmat ko‘rsatuvchi subyektlarning qonuniyligini tasdiqlovchi mexanizm hisoblanadi. Reyestr orqali:
- mijozlar ishonchli va malakali yuridik maslahatchini tanlay oladi;
- sohada “soya”da faoliyat yurituvchi subyektlarning oldi olinadi;
- davlat tomonidan nazorat va hisob yuritish samarali amalga oshiriladi.
Yuridik maslahat xizmatlarini ko‘rsatuvchi tijorat tashkilotlari, masalan, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar yoki boshqa tashkiliy-huquqiy shakldagi korxonalar, o‘z faoliyatini boshlashdan avval yoki amalda davom ettirish uchun belgilangan tartibda reyestrga kiritilishi shart.
Bu jarayon, odatda, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yoki uning hududiy organlari orqali amalga oshiriladi.
Reyestrga kiritish bir necha muhim bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
Ariza topshirish. Tashkilot vakili belgilangan shaklda ariza bilan murojaat qiladi. Arizada tashkilot nomi, yuridik manzili, faoliyat turi va mas’ul shaxslar haqida ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
Hujjatlarni taqdim etish. Arizaga qo‘shimcha ravishda:
davlat ro‘yxatidan o‘tganlik haqidagi guvohnoma;
ta’sis hujjatlari;
yuridik xizmat ko‘rsatadigan xodimlarning malakasini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etiladi.
Tekshiruv va baholash. Vakolatli organ hujjatlarning to‘liqligi va qonun talablariga muvofiqligini tekshiradi. Asosiy e’tibor xodimlarning professional tayyorgarligi va tashkilot faoliyatining qonuniyligiga qaratiladi.
Qaror qabul qilish. Agar barcha talablar bajarilgan bo‘lsa, tashkilot reyestrga kiritiladi va bu haqda rasmiy ma’lumot beriladi. Aks holda, kamchiliklarni bartaraf etish uchun muddat berilishi yoki rad javobi asoslantirilgan holda taqdim etilishi mumkin.
Reyestrga kiritilgan tashkilot:
yuridik maslahat xizmatlarini qonuniy asosda ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ladi;
mijozlar oldida ishonchlilik va obro‘-e’tibor qozonadi;
davlat tomonidan belgilangan kasbiy va axloqiy standartlarga rioya etishi shart bo‘ladi.
Ayni paytda, reyestrga kiritilish, bu faqat huquq emas, balki mas’uliyat hamdir. Qonunbuzarliklar aniqlangan taqdirda, tashkilot reyestrdan chiqarilishi yoki boshqa choralar qo‘llanilishi mumkin.
Yuridik maslahat xizmatlarini ko‘rsatuvchi tijorat tashkilotlarini reyestrga kiritish tartibi — huquqiy xizmatlar bozorini tartibga solish, fuqarolar manfaatlarini himoya qilish va professional muhitni shakllantirishga xizmat qiladigan muhim mexanizmdir. Shaffof va aniq tartiblar esa jamiyatda qonunga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlashga zamin yaratadi.
Sayohat Ahrorova,
Toshkent davlat yuridik universiteti o`qituvchisi