Dual taʼlim tizimi - talabaning vaqtini akademik taʼlim va bevosita ish joyidagi (sudlar, advokatlik byurolari, adliya organlari) amaliyot oʻrtasida taqsimlashni nazarda tutadi. Ushbu jarayonda raqamli platformalar va sunʼiy intellekt bilim olish va amaliyotni tutashtiruvchi koʻprik vazifasini oʻtaydi.

Dual yuridik taʼlimda raqamlashtirishning oʻrniga haqida mulohazalar yuritadigan boʻlsak, raqamlashtirish nazariy taʼlim va amaliyot oʻrtasidagi masofani va vaqt cheklovini bartaraf etadi. Bu borada xorijiy tajribalar yuqori natija berganiga guvoh boʻlamiz. Germaniya dual taʼlimning klassik modeli tajribasida Germaniyada yuridik taʼlim “Referendariat” ikki bosqichli dual tizim asosida tashkil etilgan boʻlib, hozirda e-Justice platformalari va LegalTech simulyatsiyalari orqali raqamlashtirilmoqda. Sud va advokaturadagi real ish jarayonlari talabalar uchun maxsus raqamli modullarga integratsiya qilingan. AQSH va Buyuk Britaniya LegalTech va AI-Sandbox: Garvard va Stenford kabi yetakchi universitetlarda Law & AI Labs huquq va SI laboratoriyalari mavjud. Talabalar Casetext (CoCounsel) va Harvey AI kabi yuridik SI modellari yordamida real mijozlar keyslarini tahlil qilish va amaliyot oʻtash koʻnikmalarini shakllantirib kelmoqda. Singapur tajribasida elektron sudlar va raqamli amaliyot boʻyicha, Singapur yuridik akademik tizimi sudlarni raqamlashtirish bilan parallel ravishda yuritiladi. Talabalar dual amaliyot doirasida SIga asoslangan onlayn nizolarni hal etish ODR platformalarida bevosita ishlaydilar.

Masofaviy va gibrid amaliyot: talabalar real vaqt rejimida elektron sud tizimlari (E-ijro, E-SUD) yoki davlat organlarining ichki hujjat aylanish tizimlarida ishlash imkoniga ega boʻlishadi.

Talabaning ish joyidagi faoliyati yozilgan daʼvo arizalari loyihalari, tahlil qilingan ishlar LMS (Learning Management System) orqali real vaqtda taʼlim muassasasi tomonidan baholab boriladi.

Sunʼiy intellekt – amaliy koʻnikmalarni rivojlantiruvchi katalizator. Sunʼiy intellekt GPT-modellar, LegalTech algoritmlari dual taʼlim jarayoniga quyidagi yoʻnalishlarda integratsiya qilinishi kutilmoqda:

Virtual sud va simulyatsiyalar: SI asosidagi trenajyorlar orqali talabalar sud majlislarida ishtirok etish, guvohlarni soʻroq qilish va huquqiy argumentatsiya olib borish koʻnikmalarini haqiqiy sudga bormasdan oldin virtual muhitda sinab koʻrishadi.

Hujjatlar tahlili va loyihalash (Legal Drafting): SI talaba yozgan hujjat loyihalaridagi xatoliklarni koʻrsatadi, muqobil huquqiy formulalarni taklif etadi va sud amaliyoti bilan solishtiradi.

Pretsedentlar va sud amaliyotining intellektual qidiruvi: Katta hajmdagi sud qarorlari bazasidan SI yordamida kerakli maʼlumotlarni brif-koʻrinishda yigʻish va tahlil qilish oʻrgatiladi.

 

Yoʻnalish

Anʼanaviy yondashuv

SI va raqamlashtirish orqali

Amaliy topshiriqlar

Statik keyslar va nazariy savollar

Real huquqiy kolliziyalar asosidagi adaptiv simulyatsiyalar

Munosabat (Fidbek)

Oylab kutiladigan oʻqituvchi yoki mentor bahosi

SI tomonidan lahzalik tahlil va xatolar tuzatilishi

Integratsiya

Nazariya va amaliyotning uzilib qolganligi

Elektron platformalar orqali ikki tomonlama uzviy aloqa

SI va raqamlashtirish orqali yuzaga keladigan xavf-xatarlar va muammolarga toʻhtaladigan boʻlsa, bu birinchi oʻrinda axloqiy va akademik halollik masalasi muhim hisoblanadi. Talabalar tomonidan huquqiy xulosalarni mustaqil fikrlamasdan, toʻliq SIga topshirib qoʻyish xavfi. Ikkinchi oʻrinda konfidensiallik va maʼlumotlar xavfsizligik masalasi. Real sud ishlari va mijozlar maʼlumotlari bilan ishlashda SI tizimlariga sir saqlanishi kerak boʻlgan maʼlumotlarni kiritish taqiqlanadi. Albatta, raqamli tengsizlik masalasi dual taʼlimda juda katta muammo hisoblanadi. Barcha amaliyot bazalari va oliygohlarning bir xildagi yuqori texnologiyali infratuzilmaga ega emasligi.

Xulosa qilib aytganda, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt dual yuridik taʼlimni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi. Ular amaliyot davridagi murakkab jarayonlarni modellashtirish va talabaning oʻz-oʻzini rivojlantirishi uchun cheksiz imkoniyat yaratadi.

Dualim taʼlim uchun yuridik oliygohlar va amaliyotchilar oʻzaro mavzular doirasida nazariy bilimlarni mustahkamlash uchun LegalTech va AI-huquqshunoslik boʻyicha maxsus praktikumlarni joriy etishi; Sud va advokatlik tuzilmalari bilan birgalikda talabalar uchun xavfsiz sunʼiy intellekt sandbox (sinov) platformalarini yaratish; Talabalarning SI vositalaridan axloqiy va masʼuliyat bilan foydalanish boʻyicha standartlarini ishlab chiqish va bu borada raqamli etika koʻnikmalarini shakllantirilshi lozim.

M.S.Yunusova,
TDYU professori