Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi xodimlari tomonidan Prezidentimizning 2020-yil 8-oktyabrdagi “Qatagʻon qurbonlarining merosini yanada chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishida koʻzda tutilgan dolzarb vazifalarni bajarish yuzasidan bir qator ishlar olib borilyapti.
Xususan, muzey ilmiy xodimlari tomonidan Rossiya Federatsiyasi kino va fotohujjatlar arxivi bilan oʻzaro hamkorlik shartnomasi imzolanib, mazkur arxivda saqlanayotgan, mamlakatimiz tarixiga doir muhim kinoxronikalar muzey ixtiyoriga topshirilmoqda.
Ular orasida andijonlik jadid, mohir diplomat, davlat va jamoat arbobi, sovet hokimiyatining 1937-1938-yillardagi mudhish “qatta qirgʻin” siyosati qurboni Abdurahim Yusufzodaning hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi, avval keng jamoatchilikka maʼlum boʻlmagan 5 ta kinoxronika topib oʻrganildi va ilmiy isteʼmolga kiritildi. Unda Buxoro xalq sovet respublikasining Moskvadagi muxtor vakilligi binosi, muxtor vakil A.Yusufzoda, uning turmush oʻrtogʻi Oyimchaxon Yusufzoda, oʻgʻli Fotihbek, buxorolik taniqli jamoat arboblaridan boʻlgan Safo Joʻraboyev, shuningdek, muxtor vakillikda faoliyat koʻrsatayotgan boshqa oʻzbek xodimlarning diplomatik faoliyati aks etgan.
Abdurahim Yusufzoda aslida kim edi? U 1880-yili Andijonda tavallud topgan. 12 yoshida savodi chiqqach, Andijondagi madrasaga qabul qilinib, 3 yil arab tilini oʻrgangan. 1895-yil oʻqishni davom ettirish uchun Buxoroga borib, 15 yil oʻqigan. Zehni oʻtkir, aqlu zakovatli, axloq-odobda ibratli Abdurahim madrasa ahli hurmatini qozondi, mudarrislar ishonchi, ehtiromiga sazovor boʻldi. Ilm dargohini tamomlagandan soʻng mazkur musulmon oliy maktabida mudarrislik qildi.
1912-yildan Buxoroda vujudga kelgan taraqqiyparvarlarning yashirin jamiyatida ishlay boshlagan. 1917-yilgacha Buxorodagi Ayozboy madrasasida talabalarni oʻzbek, arab va fors tillariga oʻrgatgan. Buxoroda yuzaga kelgan jadidchilik harakati, undan oʻsib chiqib, amirlik saltanatini larzaga keltirgan “Yosh buxoroliklar” Buxoroda amirlik tuzumiga barham berishda muhim rol oʻynadilar. Ilgʻor fikrlovchi, arab, fors va rus tillarining mohir bilimdoni sifatida oʻsha davr ziyolilari orasida katta martabaga erishgan A.Yusufzoda “Yosh buxoroliklar”ning taniqli yetakchilaridan biri boʻlgan.
A.Yusufzoda 1917-yil aprelda Buxoroda boʻlgan mashhur namoyishni bevosita tashkil etgan va unda qatnashganlardan edi. Behuda qon toʻkilgani uchun A.Yusufzoda va boshqa vakillar amir bilan muzokara uchun qushbegi huzuriga keladilar. Biroq ular arkda hibsga olinib, zindonband etiladi va amir jallodlari tomonidan qattiq kaltaklanadilar.
1920-yil 29-avgustda A.Yusufzoda, Beshim Sardorov va Hasan Aliyevdan iborat Chorjoʻy inqilobiy qoʻmitasi tuzildi. A.Yusufzoda shu yil Chorjoʻyda boʻlgan Buxoro Kompartiyasining 4-qurultoyida faol qatnashadi. BXSR tashkil boʻlgandan soʻng u xukumat aʼzosi — yer-suv ishlari xalq noziri etib saylandi. Bu nozirlikda 3 oy davomida faoliyat koʻrsatgach, diplomatiya xizmatiga safarbar qilingan. Dastlab 1921-1922-yillarda BXSRning Afgʻonistondagi muxtor vakili boʻlib ishlagan. Kobulga borish jarayonini esdaliklarida yozib qoldirgan.
A.Yusufzoda Kobulda elchi boʻlib turgan davrda siyosiy ahvol nihoyatda ogʻir edi. Afgʻonistonda Buxoro jumhuriyatiga qarshi kurash olib boruvchi turli kuchlar mavjud edi. U bir necha bor Afgʻoniston amiri Omonulloxon bilan uchrashib, ikki oʻrtadagi munosabatlar haqida muloqot qilgan va BXSRning har jihatdan qoʻllab-quvvatlanishiga erishgan.
A.Yusufzoda 1922-yil iyunida Buxoroga qaytib keladi. U BXSR hukumati boshligʻi Fayzulla Xoʻjayevning shaxsan taklifi bilan adliya noziri etib tayinlanadi. U mazkur lavozimda BXSRda adliya tizimini, qozilik va sudlov idoralarini isloh qilishda katta xizmat koʻrsatdi. Biroq sovet hukumati tomonidan bu xizmatlar “sotsialistik rivojlanish yoʻliga qarshi” deb eʼlon qilinib, ularning qatʼiy talabi bilan A.Yusufzoda oʻz lavozimidan quyiroq lavozimga oʻtkaziladi.
1923-yil aprelidan 1924-yilning 12-martigacha A.Yusufzoda BXSRning Moskvadagi muxtor vakili boʻlib faoliyat koʻrsatadi. Elchilik faoliyati davrida u Buxoro respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy taraqqiyotiga koʻp kuch sarflagan, RSFSR va SSSR bilan hamkorlikni yaxshi yoʻlga qoʻygan. Uning harakati tufayli Moskva shahri Krasnaya Presnya rayoni BXSR bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, delegatsiyalar almashgan.
Abdurahim Yusufzoda 1924-yil boshlarida Moskvada rus va oʻzbek tilida “Buxarskaya jizn” (“Buxoro hayoti”) jurnali ochib, oʻzi muharrirlik qilgan. Jurnal sahifasida Buxoro va uning tarixi, taqdiri, istiqboli haqida koʻplab maqolalar chop etilganki, ular hozir ham ilmiy ahamiyatga molik.
Muxtor vakil A.Yusufzodaning tashabbusi va bevosita ishtiroki bilan BXSR Maorif nozirligi va “Sevzapkino” tashkiloti oʻrtasida hamkorlik shartnomasi imzolanib, 1924-yil 12-aprelda Oʻzbekistondagi ilk kinostudiya — “Buxoro-Rus kinojamiyati” (“Buxkino”) tashkil etiladi. Oʻrta Osiyodagi ilk badiiy kinofilm — “Oʻlim minorasi” suratga olingan.
Shu bilan birga, Buxoroi sharifning tarixiy yodgorliklarini taʼmirlash gʻoyasi va amaliyoti 1924-yildayoq Fayzulla Xoʻjayev bilan Abdurahim Yusufzoda tomonidan boshlangan edi. Abdurahim Yusufzoda bu masala bilan Moskvada turib ham faol shugʻullangan.
Fayzulla Xoʻjayev va Abdurahim Yusufzoda tashabbusiga koʻra, mashhur meʼmor, professor M.Ya.Ginzburg bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, olim xodimlari bilan Buxoroga kelib, quyidagi vazifalarni bajarishi koʻrsatilgan edi: Buxoro Xalq Sovet Respublikasining tarixiy va sanʼat yodgorliklarini tadqiq etish va ilmiy roʻyxatga olish, vayron boʻlgan va boʻlayotgan yodgorliklarga nisbatan shoshilinch taʼmirlash choralarini koʻrish uchun reja va loyiha ishlab chiqish, ularning bajarilishini kuzatish, muhim yodgorliklarni ilmiy jihatdan oʻlchab, rasmga olish, Buxoroda badiiy va badiiy-hunarmandlik muzeyi tashkil etish, buning uchun smeta tuzib, hukumat tasdigʻidan oʻtkazish.
Mazkur shartnomaning 1–4-bandlarini amalga oshirish uchun Ginzburg Buxoroga 2-3 oy muddatga kelishi, keyinchalik agar Buxoro hukumati bu ishni muntazam olib borishni lozim koʻrsa, yiliga bir martadan koʻproq kelib, ish yuzasidan nazorat olib borishi mumkin boʻladi.
Ginzburg hamkasblari bilan Buxoroga keladi, tarixiy yodgorliklar bilan yaqindan tanishadi, oʻrganadi, taʼmirlov ishlarini boshlab yuboradi. Buxoro hukumati raisi Fayzulla Xoʻjayevga maʼruza xati bilan murojaat qiladi. Unda Xalq maorifi nozirligi, tarixiy va sanʼat yodgorliklarini muhofaza qilish hayʼati bilan kelishilgan holda eski Buxorodagi noyob tarixiy obidalarni muhofazalash boʻyicha 3 xodimdan iborat doimiy hayʼat tashkil etish, koʻzlangan maqsadga erishish uchun har yili 3–4 oy muddatga 5 nafar tajribali, ishchan mutaxassisdan iborat maxsus ishchi guruh Buxoroga kelib, bu murakkab va masʼuliyatli ish bilan shugʻullanishi maqsadga muvofiqligi koʻrsatiladi.
Birinchi navbatda, taʼmirga nihoyatda muhtoj boʻlgan Sulton Ismoil masjidi, Ulugʻbek madrasasi, Abdulaziz jomeʼ masjidi, Koʻkaldosh madrasasi kabi 17 ta tarixiy obidani taʼmirlashga kirishiladi. Bu borada talaygina ibratli ishlar qilinadi. Ammo 1924-25 yillarda Oʻrta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish oʻtkazilgach, bu xayrli ishlar toʻxtab qoladi.
51 yoshida A.Yusufzodaning salomatligi yomonlashib, nogiron boʻlib qoladi. OʻzSSR XKS raisi Fayzulla Xoʻjayevning saʼy-harakatlari bilan nafaqa tayinlangan A.Yusufzoda 1936-yil 22-mayda Samarqand shahrida NKVD xodimlari tomonidan hibsga olinadi. Unga nisbatan tuhmat va boʻxtonlardan iborat ayblov eʼlon qilinib, 5 yilga ozodlikdan mahrum etiladi. Ammo 1937-1938-yillardagi “katta qirgʻin” jarayonida unga nisbatan qaytadan jinoyat ishi ochilib, 1937-yil 11-apreldan 14-oktyabrga qadar NKVDning maxsus kameralarida bir necha bor surunkasiga tergov qilinadi. Tergov bayonnomalarini koʻzdan kechirgan har bir insonning vujudini titroq bosadi, ruhan azobga tushadi, qattol tuzumga nafrati ortadi. Mahbus A.Yusufzoda “Milliy ittihod” nomli aksilinqilobiy, millatchi tashkilotga mansublikda ayblangan. U ogʻir betobligiga qaramay, tergovchining savollariga javob berishga majbur qilinadi. OʻzSSR NKVD huzuridagi “uchlik”ning 1937-yil 14-oktyabrdagi qarori bilan Oʻzbekistondagi aksilinqilobiy tashkilotlardagi ishtiroki va sovetlarga qarshi ishi uchun 13 nafar oʻzbek farzandi otuvga hukm qilindi. Hukm 1937-yil 25-oktyabrda ijro etildi. Ularning biri Andijon farzandi Abdurahim Yusufzoda edi.
Oradan 28 yil oʻtib, 1965-yil 22-sentyabrda mudhish “uchlik”ning 1937-yil 14-oktyabrdagi hukmi bekor qilinadi. Abdurahim Yusufzoda qonuniy yoʻl bilan oqlandi.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktoir, professor,
Azizbek MAHKAMOV,
Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi
Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi katta ilmiy xodimi