Oʻzbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulligining Telegram sahifasidagi bayonotiga koʻra, baʼzi ommaviy axborot vositalarida 16 va 30-iyul kunlari “Turkish Airlines” aviakompaniyasi tomonidan tashkil etilgan charter reysda jami 42 oʻzbekistonlik yoʻlovchi parvozdan qolib ketgani haqidagi xabar yuzasidan quyidagilar maʼlum boʻldi.

Unga koʻra, 16-iyulda qolib ketgan 12 fuqaro parvoz uchun shakllantirilgan roʻyxatdan joy olmagan, “Turkish Airlines” aviakompaniyasi oʻz reglamentiga muvofiq, parvozgacha 1,5 soat vaqt qolganda kelmagan yoʻlovchilarning oʻrniga tegishli biletlarni roʻyxatda mavjud boʻlmagan boshqa yoʻlovchilarga sotgan. Lekin afsuski, roʻyxatda boʻlmagani holda bilet sotib olgan fuqarolar chegaradan oʻtish jarayonida Turkiya hududida boʻlish qonun-qoidalarini buzganligi aniqlangan va tegishli maʼmuriy choralar koʻrilgan. Buning natijasida ular tegishli charter parvoziga oʻz vaqtida yetib ololmagan. Tartibga muvofiq samolyot belgilangan vaqtda Toshkentga uchib ketgan.

Yuqoridagiga oʻxshash holat 30-iyuldagi parvoz vaqtida ham kuzatilgan. Maʼlumot oʻrnida shuni aytib oʻtmoqchimizki, Bosh konsullik vakillari 16-iyuldagi parvozdan qolib ketgan fuqarolarimizga tegishli konsullik-huquqiy yordamni berib, ularni mamlakatga qaytarish choralarini koʻrmoqda. Hozirda 30-iyuldagi parvozdan qolib ketgan fuqarolarimiz bilan ham aloqa oʻrnatilgan boʻlib, yaqin kunlardagi charter reyslarida ularning ham mamlakatimizga qaytarilishi taʼminlanadi».