Unda Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Andijon davlat tibbiyot instituti, Samarqand davlat universitetining Urgut filiali, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Namangan davlat universiteti hamda yagona nodavlat Oliy taʼlim muassasasi sifatida Urganch innovatsion universiteti faol ishtirok etdi.
Yoshlarning tarixiy tafakkurini oshirishga qaratilgan ushbu tanlov 4 bosqichda tashkil etildi.
Ishtirokchi jamoalar finalda ham 3 ta shart asosida bellashuvga kirishdilar. Tanlov nizomiga koʻra 1-shartda oʻzbek millatiga xos boʻlgan milliy qadriyatlarimizga mansub qadimgi urf-odatlarga asoslangan teatrlashtirilgan kompozitsiyalar sahnaga olib chiqildi. Urganch innovatsion universitetining “Innavator” jamoasi bu shartda “Beshik toʻy” hamda “Lachak toʻy” marosimlarini oʻz ichiga olgan 30 tadan ziyod rasm-rusumlar hamda urf-odatlarni namoyish etdilar. Dastavval beshik toʻy marosimi tarkibiga kiruvchi “Bak-bavak aytish”, “Chaqaloqni beshikka belash”, “Beshta osh tarqatish” kabi bir qancha urf-odatlar, shuningdek, Xorazm vohasiga xos boʻlgan udumlardan biri qiz farzandlar 12-13 yoshlarda kiyadigan “Gul lachak” hamda 35 yoshlarda ayol kishiga kiygiziladigan “Kayvoni lachak”ning mohiyati, 63 yoshlarda oʻraladigan “Davroniy lachak”ning ahamiyati belgilangan 30 daqiqa vaqt ichida talab darajasida sahnalashtirildi.
– Bu tanlov oʻzbekona urf-odatlarimizni chin maʼnoda ulugʻlab, tarannum etishda muhim ahamiyat kasb etdi, — deydi Urganch innovatsion universiteti oʻqituvchisi Oyshajon Otajonova. – Shu bilan bir qatorda bunda yoshlarimizni milliy va umuminsoniy, ijtimoiy-axloqiy, madaniy va maʼnaviy qadriyatlarimiz, anʼana va urf-odat, milliy sanʼatimiz bilan yaqindan tanishtirish, ularga jadidlarimiz hayotini chuqur oʻrgatish orqali talaba-yoshlarimizning tarixiy tafakkurini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
2-shartda esa “Innavator” jamoasi tomonidan Xorazm lazgisining yaralish tarixiga alohida ahamiyat qaratilib, ushbu chiqishga uzviy bogʻlangan holda qadimiy folklor sanʼati namunalaridan biri boʻlgan “Roʻmolim bor” qoʻshigʻi qoyilmaqom ijro etildi. Bundan tashqari, “Chanoq raqsi” hamda “Surnay lazgi”siga namoyish etilgan raqs ishtirokchi jamoalar hamda butun tomoshabinlarni lol qoldirdi, barchani raqsga chorladi.
3-shart asosida ishtirokchi jamoalar Jadidlar hayoti hamda faoliyati boʻyicha savol-javobga kirishdilar. Qizgʻin bahslarga sababchi boʻlgan bellashuvda bilimdonlar berilgan 10 ta savolga deyarli toʻliq va batafsil javob qaytardilar.
Urganch innovatsion universitetining “Innavator” jamoasi yagona nodavlat oliy taʼlim muassasasi sifatida ushbu tanlovda ilk marotaba ishtirok etib, yakunda faxrli 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Gulnoza UMIROVA,
Urganch innovatsion universiteti masʼul xodimi, jurnalist.