Yurtimizda mahalla bankirlari ish boshladi

    Toshkent viloyatida tijorat banklari tomonidan 264 ta mahalla bankiri shtati ochilib, barchasi to'ldirilgan.

    Yil boshini odatdagidan ko'ra qizg'in boshlab oldik. Yangi islohotlar, yangi tashabbuslar vaqt kutib o'tirmay, darhol ishga tushirilmoqda. Ayni kunlarda esa yurtimizning barcha hududlarida mahalla bankirlari faoliyati yo'lga qo'yilyapti. Endi har bir mahallaning o'z bankiri bo'ladi va ular aholining biznes loyihalarini amalga oshirishga ko'maklashadi.

    Mazkur tashabbus o'tgan yili 16-dekabr kuni Prezident huzurida o'tkazilgan yig'ilishda davlatimiz rahbari tomonidan qo'llab-quvvatlangan edi. Shu asosda, joriy yilning 1-fevraliga qadar har bir hududda mahalla bankiri shtatlari tashkil etilib, mahallalarga biriktirilishi kerak. Bu ishlarni tuman hokimlari va tijorat banklari birgalikda amalga oshirishi ko'zda tutilgan. YA'ni, mahalla bankiri shtatlari tumanlardagi banklar tomonidan tashkil etiladi, hokimliklar esa ishlab chiqilgan loyihalarni amalga oshirish uchun joy va infratuzilma bilan ta'minlaydi.

    Yurtimizda birinchilardan bo'lib Toshkent viloyatida mahalla bankirlari ish faoliyatini boshladi. Viloyatdagi tijorat banklari tomonidan 264 ta mahalla bankiri shtati ochilib, barchasi to'ldirilgan. Shtatlar banklarning tuman va shaharlarga briktirilishi hamda maxallalarning joylashuvidan kelib chiqib taqsimlangan. Gap shundaki, poytaxtimiz viloyatidagi 22 ta shahar va tumanda 3 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi, mahallalar soni esa 1 025 ta. Hududlarning geografik joylashuvi, aholi soni va tuman toifasidan kelib chiqib 3-4 ta mahallaga bitta mahalla bankiri biriktirildi.

    — Mahalla bankiri shtatiga asosan ko'p yillik ish tajribasiga ega, aholi va tadbirkorlarga biznes qilishda yordam bera oladigan mutaxassislar tanlab olindi, — deydi Markaziy bank Toshkent viloyati bosh boshqarmasi bo'lim boshlig'i erali Abduvaliyev. — Ular ko'proq bank sohasi xodimlaridan iborat. O'z nomi bilan mahalla bankiri deyilyapti va shu tizim xodimlari kreditlarni olish, ularni to'g'ri yo'naltirish kabi iqtisodiy masalalarni yaxshiroq tushunadi. Mahalla bankiri shtatlarini tashkil etish va ularga tegishli tartibda oylik maosh to'lash aynan tijorat banklari zimmasiga yuklatilgani boisi ham shunda. Bu masalada Toshkent viloyatidagi jami mahallalar bilan 9 ta davlat banki va ularning filiallari ish olib boryapti. Yangi tizim doirasida hokimliklar va banklar o'zaro hamkorlikda mahalla darajasida ishlashi kerak. Joriy yilda Toshkent viloyatida 350 mingdan ziyod aholini banklar orqali band qilish reja qilingan. Shu maqsadda 22 ta tuman va shahar hokimliklari hamda banklar o'rtasida aholi bandligini ta'minlash, daromadlarini oshirish bo'yicha hamkorlik shartnomalari imzolandi. Jarayonning dastlabki kunlaridanoq hokimliklar vakillari bilan birgalikda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o'tkazib, ularning faoliyatiga to'siq bo'layotgan muammolarning echimini izlash, aholini doimiy ish bilan ta'minlash choralarini ko'rishga kirishganmiz. Aholi bilan xonadonbay ishlashda esa mahalla bankirlari asosiy yordamchi bo'lib xizmat qiladi.

    Tartibi qanday?

    Hozir ko'pchilik bir vaqtlar bankka borish desa yurak hovuchlab turgani, biror xizmatidan foydalanish uchun qatnayverib sarson bo'lgani, kredit olishku ming azobga aylanganini eslolmasa ham kerak. Chunki tizim ancha isloh qilinib, xizmatlar raqamlashgach, odamlarning ulardan foydalanishi ham qulaylashdi. Tijorat banklari chin ma'noda insonlar uchun xizmat qila boshladi. Ularning endi mahallalargacha kirib borayotgani ham kichik voqelik emas.

    Tasavvur qiling, biror loyihani amalga oshirish uchun kredit olmoqchi bo'lsangiz, bankka borishingizga hojat yo'q, mahalla bankiriga murojaat qilishning o'zi etarli. Hatto, loyiha haqida o'ylamagan taqdiringizda ham ular xonadoningizga kirib kelib, o'z takliflarini beradi. Chunki mahalla bankiri o'ziga biriktirilgan mahallalardagi har bir xonadon bilan alohida ish olib borish vazifasini oladi. Qolaversa, ular mahallaning tadbirkorlik imkoniyatlarini o'rganadi, aholi va kichik biznes vakillari bilan muloqatda bo'lib, ularning g'oyalarini loyihalarga aylantirish orqali yangi ish o'rinlari yaratish choralarini ko'radi, odamlarni kredit olish, qaytarish, biznesini yo'lga qo'yish, mahsulotini sotishga o'rgatadi va ko'maklashadi.

    Bu vazifalarning bari birgina mahalla bankirining zimmasida emas. Unga ko'maklashadigan yordamchi agent ham bo'ladi. U mahalladagi har bir xonadonni yaxshi biladigan, aholi orasida bank xizmatlarini ommalashtirish, moliyaviy savodxonlikni oshirish, aholi va tadbirkorlik sub'ektlarini bank xizmatlariga qiziqtirish orqali tadbirkorlik faoliyatini boshlash va kengaytirish bo'yicha mahalla bankiriga ko'maklashuvchi jismoniy shaxsdir.

    Ayni paytda barcha hududlarda yordamchi agentlar tanlab olinyapti. Mutasaddilarning aytishicha, Toshkent viloyatidagi 1 025 ta mahallaning har birida shunday yordamchilar bo'ladi. Ular ham tegishli tijorat banklari bilan shartoma asosida ish faoliyatini yuritadi.

    Maqsad aniq qo'yilgan

    Toshkent viloyati Zangiota tumanining “Bog'zor”, “Tokzor” va “CHorbog'” mahallariga biriktirilgan mahalla bankiri Shavkat Suvonov ishni hududlarni o'rganib, belgilangan ko'rsatkichlar bo'yicha kambag'al oilalar ro'yxatini shakllantirishdan boshladi. O'zi 10 yildan ziyod vaqt davomida Zangiota tumanidagi tijorat banklarida faoliyatini olib borgan. Mutaxassis Turonbank ATB Zangiota tuman filiali tomonidan bildirilgan taklifni rad etmadi va shu yerda mahalla bankiri bo'lim boshlig'i lavozimida ish boshladi. Unga oldingi ishidan kam bo'lmagan miqdorda oylik maoshi tayinlangan.

    — Bizning bankka Zangiota tumanidagi 36 ta mahalla biriktirilgan bo'lib, ishni 12 ta mahalla bankiri va 36 ta yordamchi agent shtatini to'ldirishdan boshladik, — deydi Sh.Suvonov. — Har birimiz o'zimiz mas'ul bo'lgan mahallalarni aylanib, xonadonlarni bittalab o'rganyapmiz. Odamlarning ehtiyoji, talabi, imkoniyatlarini aniqlashtirib olyapmiz. SHu asosida ishlar tashkil etiladi. CHunki oldimizda ish o'rinlari yaratib, aholi bandligini ta'minlash orqali oilalarni kambag'allikdan chiqarish vazifasi turibdi. Dastlab, har chorakda har bir mahalladan 10 tadan xonadonni tanlab olib, o'sha oilanning o'rtacha oyligini 60—70 million so'mga oshirish rejasini tuzib oldik.

    Ayni paytda Toshkent viloyatida kambag'allik darajasi 7,2 foizni tashkil etyapti. Bu o'tgan yili 16 mingdan ziyod oilaning yashash sharoitlari yaxshilanib, kambag'allikdan chiqarilishi hisobiga kambag'allik darajasi 3 foizga kamayganidan qolgan ko'rsatkich. Joriy yilda ushbu ko'rsatkichni 4 foizga tushirish maqsad qilingan.

    Mamlakatimizning har bir burchagida ana shunday maqsadlarga yo'naltirilgan ishlar amalga oshirilyapti. Loyihalarning moliyaviy manbalari ham yaratib berilmoqda. Xususan, joriy yil boshidanoq davlatimiz rahbari topshirig'i bilan yurtimizdagi tijorat banklariga Mahalla loyihasi dasturi doirasida 1 milliard dollar kredit mablag'lari ajratildi. Qolaversa, kichik biznesni qo'llab-quvvatlash bo'yicha banklar tomonidan 300 million so'm miqdorida shartsiz kreditlar berish boshlanadi.

    Bu mablag'larni to'g'ri va tartibli yo'naltirish ham muhim masala. Aholiga kredit olishdan oldin, undan samarali foydalanish yo'llarini o'rgatish, aniq loyihalarni ishlab chiqishga ko'maklashish zarur. Bu borada mahalla bankirlari yaqin ko'makchiga aylanishi ko'zda tutilgan. Mazkur tizim aholi manfaatlarini samarali qo'llab-quvvatlash va mahallalarda iqtisodiy faollikni oshirishning yangi boschiqini boshlab beradi.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 18.01.25 y, 13-sonida chop etildi)