Yurtimizda III Xalqaro Naqshbandiya turizm festivali o‘tkaziladi

    Turizm 23 Fevral 2023 1352

    Joriy yil 22–28-fevral kunlari O‘zbekistonning bir qancha hududlarida, xususan, Toshkent shahri, Samarqand va Buxoro viloyatlarida «III Xalqaro Naqshbandiya turizm festivali» bo‘lib o‘tadi.

    Tadbirda Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Hindiston, Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Avstraliya va AQSh kabi davlatlardan turli soha mutaxassislari ishtirok etadi. Xususan, 18 ta davlatdan 100 dan ortiq jahonga mashhur olimlar, din ulamolari, fan va jamoat arboblari hamda turizm soha vakillari ishtikor etadi.

    Festival davomida bir qator qadamjolar ziyorat qilinadi. Xususan, festival ishtirokchilari Samarqanddagi «Imom Buxoriy» majmuasi va «Imom Buxoriy» xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyuradi.

    Bundan tashqari, Samarqandda «Imom al-Moturidiy» qadamjosi hamda «Registon» majmuasini ham ziyorat qilish ko‘zda tutilgan.

    Shuningdek, tadbir doirasida «Shohi Zinda» va «Xo‘ja Ahror Valiy» ziyoratgohlari, «Go‘ri Amir» majmuasi, «Ruxabod» masjidi, «Bibixonim» masjidi va «Siyob» bozoriga ham tashrif kщzda tutilgan.

    Ta’kidlash joizki, Buxoroda festival davomida «Labi hovuz», «Mir Arab» madrasasi, «Ark» majmuasi, «Bolo hovuz», «Sayfiddin Boxarziy», «Xoja Hafz Kabir» qadamjolari, «Bahouddin Naqshband» majmuasi va boshqa maskanlar ham ziyorat etiladi. Tadbir doirasida Bahouddin Naqshbandning ilmiy merosiga bag‘ishlab «Naqshbandiya o‘gitlari» konferensiyasi tashkil etiladi.

    O‘z navbatida Toshkentda «Hazrati Imom» majmuasi, Islom sivilizatsiya markazi hamda boshqa qadamjolarga tashrif buyurish rejalashtirilgan, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

    Qayd etish joizki, bu kabi tadbirlar yurtimizda ziyorat turizmi rivojiga katta hissa qo‘shishi, O‘zbekistonga ziyorat maqsadida kelayotgan turistlar sonini oshirishi shubhasiz.