Ushbu oylik xalqimizning milliy qadriyatlari, urf-odatlari, xalq oʻyinlari yoʻnalishidagi ijro sanʼatini targʻib etishga qaratilgan boʻlib, bu loyiha goʻzal anʼanalar, tarix, turmush tarzimiz, qadriyatlarimiz va maʼnaviyatimiz kabi jihatlarni oʻzida mujassam etadi.
Betakror anʼanalarimizning saqlab qolinishi, zamonga mos ravishda rivojlanishi, noyob namunalari keng targʻib qilinishi, asrab-avaylanishi va rivojlantirilishi yoshlarda milliy oʻzlik, qadimiy qadriyatlarimizga ehtirom tuygʻularini qaror toptirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
“Milliy qadriyatlar oyligi” rang-barang tadbirlar va xalq sayillarini oʻzida ifodalaydi.
Bunda milliy liboslar targʻiboti, xalq oʻyinlari, badiiy jamoalarning chiqishlari, qoʻshiqchilik sanʼati (oʻlan, lapar, xalq oʻyinlari, terma, marosim qoʻshiqlari, xafachilik, baxshichilik va hokazo, raqs sanʼati namunalari, milliy cholgʻuchilik sanʼati, arqon tortish, dor oʻyinlari, tosh koʻtarish kabi qadimiy oʻyinlarimiz, milliy kurash musobaqalariga keng oʻrin beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi axborot xizmatiga koʻra, respublikamizning barcha hududlarida mart oyida “Milliy qadriyatlar oyligi” tadbirlari va xalq sayillarini yuqori saviyada tashkil etish koʻzda tutilmoqda.