– Falonchi olamdan oʻtib qolibdi, – dedi otam ancha taniqli xonandaning ismini aytib. Yuragim “shuv” etdi. Bu sanʼatkorning qoʻshiqlarini oilamiz bilan sevib tinglaymiz.
– Kim aytdi?
– Ana, telefonga shunday xabar keldi.
Doim shu. Kunda-kunora telefonga kelgan xabarlardan yurak bezillab qolgan: yo kimdir vafot etgan, yo qamalgan boʻladi. Yana kimdir falokatga uchragani, komaga tushib qolgani kabi uydirmalar tarqatiladi. Dahshatlisi, uni oddiy, sodda isteʼmolchi haqiqat, deb qabul qiladi. Yotigʻi bilan navbatdagi “tushuntirish ishlari”ni olib bordim.
– Bunday axborotni tarqatib, “suyunchi” oladiganlar hozir koʻpayib ketgan. Sizga taqdim etilayotgan xabarlarning 90 foiziga ham ishonmang. Falonchi tirik, hali koʻp yashaydi. Farosatsizu savodsizlar sizu bizni aldayveradi. Notoʻgʻri bilan xolis va haqqoniy axborotni ajratib olishni, ishonchsiz manbalarni eʼtiborsiz qoldirishni bilib olishimiz kerak.
Shu mazmunda gapirdim-u, oʻylanib qoldim. Xavotirga soladigani yaqin-yaqingacha asosan maishiy maʼlumotlar sizdirilar va ular falonchi mashhur sanʼatkor olamdan oʻtdi, sudlandi, qamaldi, avtofalokatga uchradi kabi uydirmalar shaklida boʻlar edi. Endi esa yomon niyat egalarining “ishtahasi ochilib ketdi” shekilli, mavzularni ijtimoiy, iqtisodiy va hatto siyosiy makonga daxl qilgan holda taqdim qilishga urinishlar boshlandi.
Kelib chiqish ildizi xorijda boʻlgan manbalar mamlakatimiz obroʻsi, nufuziga putur yetkazishga, odamlar tafakkurini izdan chiqarishga qaratilgan axborot xurujini avj oldirish bilan ovora. Bugun urushning ana shu shakli eng katta tahdidlardan biriga aylangan. Globallashuv butun dunyoga shiddat bilan hukmini oʻtkazishda davom etayotgan bir paytda fuqarolarni, ayniqsa, yosh avlodni buzgʻunchi gʻoyalar taʼsiridan asrab-avaylash kun tartibiga chiqdi. Bunday sharoitda tarbiya borasida milliy qadriyatlar, urf-odatlar, anʼanalar ruhi oʻz soʻzini aytishi, axborot maydonida milliy kontent yaratish vazifasi muhimligi yetakchi pozitsiyaga chiqishi lozim.
2024-yil 12-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida Prezidentimiz ham bu masalaga alohida urgʻu berib, jurnalistlarni mamlakat axborot makonida milliy kontent yaratishga chaqirib, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlarimiz nuqtayi nazaridan baho berish, xalqimizni turli axborot xurujlaridan saqlash muhimligini taʼkidlagan edi.
– Kontent, avvalo, undan foydalanuvchi auditoriya uchun ishlab chiqilishi zarurligini tushunish va anglash lozim, – deydi filologiya fanlari doktori Beruniy Alimov. – Mediamahsulotdan foydalanuvchilarning ehtiyojini bilish va eʼtiborga olish juda muhim. Foydalanuvchi milliy resurslardan qanoatlanmas, milliy kontentdan oʻziga qiziq va kerakli axborotni topa olmas ekan, xorijiy resurslardan qidirishi tabiiy holat. Oʻz oʻrnida milliy foydalanuvchilarimiz, ayniqsa, yoshlar chet el resurslaridagi salbiy ruhli maʼlumotlarni olgandan soʻng ushbu axborot ularning dunyoqarashiga taʼsir oʻtkaza boshlaydi. Natijada yoshlarning tarbiyasi buzilishi, ota-onasining orzu-umidlari puchga chiqishi hech gap emas. Bunday vaziyatlarning oldini olish esa barchamizning vazifamiz.
Xoʻsh, mediamakonda milliy kontent yaratish, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlarimiz nuqtayi nazaridan baho berish nechogʻlik uddalanishi mumkin boʻlgan vazifa? Bugungi dunyo ahli kundan kunga kengayib borayotgan olamshumul oʻzgarishlar davrida yashayotir. Mutaxassislar fikricha, bu oʻtgan asrdagi ilmiy-texnik yuksalish natijasi. Iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda erishilgan va globallashuv nomi ostida tanilgan yutuqlar aynan shu ilmiy-texnik yuksalish bilan bogʻliq. Biroq hayotda hamma narsaning ijobiy va salbiy tomonlari bor. Globallashuv ham bundan mustasno emas.
Millatimiz qadriyati, maʼnaviyati, urf-odatlari, anʼanalari, tarixi oʻz-oʻzidan va bir kunda paydo boʻlib qolgan emas. Ushbu bebaho boylikka erishish, uni asrab-avaylab avloddan avlodga yetkazish uchun xalqimiz juda katta ishlar qilgan, kerak boʻlsa, ota-bobolarimiz bu yoʻlda qurbonlik bergan. Shunday ekan, ushbu merosni biz ham saqlashimiz, yanada boyitib, sayqallab, bekamu koʻst egasiga, yaʼni keyingi avlodga yetkazishimiz zarur. Ayni mana shunday qaltis sharoitda milliy kontentni shakllantirish, doim rivojlantirib, mustahkamlab borish masalasi dolzarb.
Bugun ilgʻor texnologiyalar 10-15-yil avval xayolimizga ham kelmagan tushuncha va xodisalarni hayotimizga olib kirdi. Axborot sohasiga doir dezinformatsiya, faktcheking, keys, feyk kabi oʻnlab iboralar lugʻatimizga mustahkam oʻrnashdi. Axborot shu darajada koʻpki, sarasini sarakka, puchagini puchakka ajratib olish tobora murakkablashib bormoqda. Shunday paytda ziyoli qatlam bong urayotganidek, milliy kontentimizga eʼtiborsiz boʻlsak, milliy axborot makonimizga xorijiy OAV va axborot manbalarining kirib kelishiga imkoniyat yaratib bergan boʻlamiz.
Milliy axborot makonimiz chetdan kirib kelgan axborot bilan toʻlib-toshar ekan, bu holat milliy kontent rivoji toʻxtab qolishiga olib keladi. Natijada milliy kontentni boy berib qoʻyishimiz ham mumkin. Milliy kontentsiz bora-bora milliy oʻzligimiz ham boʻlmaydi. Ayniqsa, jamoat transportidan koʻp foydalanadiganlar kuzatgan chiqar: deyarli 99 foiz yoʻlovchining nigohi qoʻlidagi zamonaviy gadjetga qadalgan. Xayolu shuuri bilan qoʻlidagi matohga singib ketganidan oʻziga kerakli bekatdan oʻtib ketganlar qancha.
Ular nima koʻryapti, nima oʻqiyapti? Boʻlar-boʻlmas axborotni, videolavhalarni kimlar bilan va nima maqsadda boʻlishyapti? Betayin, noxolis axborot va xabarlar manbasi bilan qiziqyaptimi? Nima uchun mavjud kontentlar orasida milliylikni tarannum etuvchilari barmoq bilan sanarli? Nega aksariyat mediamahsulotning sifati, dolzarbligi, mazmun-mohiyati va xolisligi abgor? Afsuski, bu kabi savollarga javobimiz yoʻq, boʻlsa ham ular bizni xotirjam qiladigan darajada emas.
Yana savol izidan savol tugʻilaveradi. Nahotki, ozgina izlanib, sifatli, dolzarb va jozibador kontent yaratish shunchalik qiyin boʻlsa?! Yoʻq, bu murakkab emas. Bu ishni bajarish uchun, tan olaylik, bizda barcha sharoit va imkoniyat bor...
Har bir xabarni tarqatishda uning faqat bir tomonini koʻrmay, ertaga olib kelish ehtimoli boʻlgan oqibatini ham yaxshilab oʻylab koʻrish lozim. Negaki bu insonlar orasida tagi puch, uydirma gaplar tarqalishiga, nizolar kelib chiqishiga sabab boʻlishi mumkin.
Notoʻgʻri axborot tarqatish (dezinformatsiya) dinimiz hukmi boʻyicha ham ogʻir gunoh, buning uchun javobgarlik qonunan belgilab qoʻyilgan. Zero, u voqea-hodisalar rivojiga, inson taqdiriga taʼsir etishi mumkin. Bugun mamlakatimizda roʻy berayotgan oʻzgarishlar, yangilanishlar nafaqat yurtdoshlarimizni, balki uzoq-yaqindagi barcha doʻstu yorlarimizni hayratga solmoqda. Bu hayrat ichida islohotlarga xayrixohlik, qoʻllab-quvvatlash, har doim birga boʻlish kabi ezgu niyatlar mujassamligi shundoq bilinib turibdi.
Soʻnggi yillarda yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi, ichki va tashqi siyosatimiz barqarorligi yoʻlida boshlangan saʼy-harakatlar Markaziy Osiyo geosiyosiy holatini ham oʻzgartirib yubordi. Ayniqsa, qoʻshnilar bilan iqtisodiy, tijoriy, ilmiy-maʼrifiy sohalarga qaratilgan teng va ochiq hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani koʻngildagi armonlarni aritdi.
Afsuski, bu oʻzgarishlarni koʻrolmaydigan, hasadli nigoh bilan boqib turgan kuchlar ham yoʻq emas. Noxolis xabarlarni eʼlon qilayotgan xorijdagi “doʻstlarimiz”ni chorasiz qoldirishning yoʻllaridan biri ularning “zahmatli mehnati”ni oʻzimizning “uz” domenidagi xolislik orqali yoʻqqa chiqarishdir. Agar barcha OAV amaldagi qonunchilik talablaridan va davlatimiz rahbarining kuyunchaklik bilan qoʻyayotgan talablaridan kelib chiqib faoliyat yuritsa, hech qachon tashqi xabarlar bizning axborot makonimizga tahdid sola olmaydi.
Xalqimizning boy madaniy merosi bilan har qancha faxrlansak arziydi. Bunday madaniyat, maʼrifat hamda tarixga ega boʻlgan millatga hech qaysi zararli “ommaviy madaniyat” putur yetkaza olmasligi kerak.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 22-sonida (2025-yil 31-yanvar) chop etilgan.