Har qanday balandparvoz, havoyi gaplardan xoli, nihoyatda aniq fakt va dalillarga, chuqur tahlil hamda nekbin xulosalarga boy ushbu interv`yuni qunt bilan mutolaa qilgan har bir insonning ko'z oldida yangi O'zbekistonning bugungi qiyofasi, ertangi nurafshon jamoli yaxlit bir polotno sifatida namoyon bo'ladi, desak mubolag'a qilmagan bo'lamiz.

Davlatimiz rahbari har bir savolga aniq, batafsil javob bergan. Fikrlarini hayotiy misollar asosida isbotlagan. Prezidentimiz so'zlaridan Vatanimiz mustaqillikka erishgan birinchi kunlardan boshlab mamlakatimizda yangi davlat va jamiyat qurish jarayonlarida faol ishtirok etib kelgan atoqli rahbar, bugungi kunda esa yangi O'zbekistonni barpo etish kontseptsiyasining tashabbuskori va uni amalga oshirish yo'lidan barchamizni dadil oldinga boshlab borayotgan milliy etakchi sifatidagi qobiliyati namoyon bo'ladi. eski boshqaruv tizimining hamma nuqson va kamchiliklarini, aholini qiynayotgan dardu muammolarni quyi bo'g'indan boshlab, ich-ichidan, boshqalardan ko'proq bilishi, xalqimizning orzu-armonlarini teran his qilishi aks etadi.

Jumladan, Prezidentimiz mamlakatimizdagi siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy islohotlar jarayonida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyilni joriy etishga ustuvor ahamiyat berilayotgani sababini izohlarkan, davlat xalq xohish-irodasini ifoda etadigan organligi, turli mansab egalari ularga ovoz bergan va ishonch bildirgan fuqarolarga xizmat qilishi har tomonlama to'g'ri va adolatli ekanini ta'kidlaydi. Ana shunday tamoyillar asosiga qurilgan davlat hokimiyatigina tom ma'noda xalqchil, demokratik hisoblanishini, bunday davlat va jamiyatning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ma'naviy-ma'rifiy ildizlari mustahkam hamda baquvvat bo'lishini qayd etadi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, bugun demokratik islohotlarimiz ortga qaytmaydigan tus oldi. Mamlakatimizda davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tobora kengayib bormoqda.

Xususan, Madaniyat vazirligining ham eshiklari xalqimiz uchun hamisha ochiq, qabulxonamiz, elektron pochtamiz, ijtim oiy tarmoqlardagi sahifalarimiz tunu kun yurtdoshlarimizning murojaatlarini qabul qilishga shay. Ularni muntazam kuzatib va nazorat qilib boramiz. Madaniyat va san'at sohalarini yanada taraqqiy ettirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish bo'yicha taklif va mulohazalar bo'lsa, albatta, ularni e'tiborsiz qoldirmaymiz.

Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021 yillarda O'zbekiston  Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi milliy taraqqiyot yo'limizning mutlaqo yangi dasturulamaliga aylandi.

Harakatlar strategiyasiga muvofiq, hatto koronavirus pandemiyasi jahonning ko'plab davlatlarini og'ir ahvolga solib qo'ygan hozirgi tanglik sharoitida ham O'zbekistonda davlat va jamiyat qurilishi izchil takomillashtirilayotgani, qonun ustuvorligi va sudhuquq tizimi yanada isloh etilayotgani, milliy iqtisodiyot tarmoqlari modernizatsiya hamda diversifikatsiya qilinayotgani, aholini ijtimoiy himoyalash, bandligi va real daromadlarini oshirishga e'tibor kuchaygani, xavfsizlik, diniy bag'rikenglik va millatlararo totuvlikni ta'minlashga qaratilgan hamda chuqur o'ylangan, o'zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat yuritilayotganini dunyo jamoatchiligi, xalqaro ekspertlar, mutaxassislar alohida e'tirof etmoqda.

Vatanimiz taraqqiyotining yangi davrida madaniyat va san'at sohasiga ham alohida e'tibor qaratilib, uning rivojini sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish yo'lida qator tizimli islohotlar amalga oshirildiki, pirovard natijada milliy madaniyatimiz jahonga yanada keng quloch yozdi, milliy va mumtoz musiqa merosimizni asrab-avaylash, o'rganish va targ'ib etishga qulay shart-sharoitlar yaratildi. Navqiron avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, yosh iqtidorlarni kashf etishning yangi mexanizmlari hayotga tatbiq qilindi.

Harakatlar strategiyasiga muvofiq, o'tgan to'rt yil davomida sohani yanada rivojlantirish bo'yicha  O'zbekiston Respublikasining  4 ta qonuni,  Prezidentimizning qator farmon, qaror va farmoyishlari qabul qilindi.

Mazkur tarixiy hujjatlarning o'ziga xosligi va ahamiyati haqida uzoq gapirish, hayotbaxsh samaralarini keng tahlil qilish mumkin. Ularning har biri xalqimizning madaniy hayotida ulkan o'zgarishlar yasadi, desak ayni haqiqat.

Masalan, Prezidentimizning 2020 yil 26 maydagi “Madaniyat va san'at sohasining jamiyat hayotidagi o'rni va ta'sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni hamda “O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorini olaylik. Ushbu hujjatlar qabul qilingunga qadar, tan olishimiz kerak, sohada uzoq yillardan beri o'z echimini kutib yotgan, xalq tili bilan aytganda, oyog'imizga kishan bo'lib turgan muammolar talaygina edi. Undan xalos bo'lmasdan turib, soha taraqqiyoti haqida hech qanday so'z bo'lishi mumkin emasdi. Mazkur farmon va qaror ana shu dolzarb masalalarni samarali hal qilishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Eng katta yangiliklardan biri sifatida san'atkorlarning intellektual va mulkiy huquqlarini himoya qilishning yangi tizimi joriy etilganini qayd qilish joiz. Ya'ni san'atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi tashkil etildi hamda unga bir qator vakolatlar berildi. Mazkur palata, birinchi navbatda, ijodkorlar tomonidan yaratilayotgan asarlarni huquqiy jihatdan himoya qiladi. Bu san'atkorni o'z iqtidorini namoyon etishga, umrboqiy asarlar yaratishga undaydi. Zero, u mana shu yaratayotgan ijod namunasi chinakam san'at asari darajasiga ko'tarilsa, unga bo'lgan talabdan butun umr moddiy rag'bat topishini biladi. Shuningdek, mazkur palata bugungi kunda ba'zi tortishuvlarga, sohada kelishmovchiliklarga sabab bo'lib turadigan ko'chirmakashlik illatiga qarshi kurashadi.

Prezidentimiz o'z interv`yusida “Yangi O'zbekistonni barpo etish — yaqin va olis tariximiz, betakror va noyob madaniy boyliklarimizni yanada chuqur o'rganib, ularga tayanib, mustaqil milliy taraqqiyot yo'limizni yangi bosqichda davom ettirish demakdir”, deya alohida ta'kidlaydi.

Haqiqatan ham, keyingi yillarda madaniy-gumanitar yo'nalishda — madaniyat, kino, raqs va tasviriy san'at sohalarini, adabiyot va kitobxonlikni rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilgan keng ko'lamli ishlar xalqimizga o'zligini chuqur anglatishga, betakror va noyob madaniy boyliklarimizni tadqiq va targ'ib etishga, milliy g'ururni yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom san'ati anjumani, Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik san'ati festivali an'anaviy tarzda o'tkaziladigan bo'ldi. Besh muhim tashabbus asosida bolalar musiqa va san'at maktablari zamon andozalari asosida ta'mirlanmoqda, jihozlar hamda musiqa asboblari bilan ta'minlanyapti. Ularda turli to'garaklar ochilayotir. Bularning barchasi asrlar osha ajdodlardan avlodlarga o'tib kelayotgan noyob san'at namunalarini yanada chuqur o'rganish, keng targ'ib qilish, ayniqsa, yoshlar qalbida ularga nisbatan hurmat va sadoqatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mamlakatimizda 15 aprel` sanasining O'zbekiston Respublikasi madaniyat va san'at xodimlari kuni sifatida keng nishonlanayotgani soha xodimlari qadri hamda maqomini yuksaltirishda muhim o'rin tutmoqda. Qolaversa, davlatimiz rahbarining qat'iy irodasi va tashabbuslari sabab xalqimizni shu vaqtga qadar qiynab kelgan “propiska”, xorijga chiqish uchun “stiker”, majburiy mehnat, valyuta ayirboshlash, O'zbekistonning istalgan hududidan uy-joy va mol-mulk sotib olish hamda ularni ro'yxatga qo'yish bilan bog'liq muammolarning butunlay bartaraf etilgani ijod ahlining ham orzu-umidlarini ro'yobga chiqardi. Xususan, vazirligimiz xodimlarining 17 nafariga xizmat uylari berildi. 40 nafariga imtiyozli shartlar asosida “kichik vatan”li bo'lishida ko'maklashildi. 300 nafardan ortiq xodim Toshkent shahriga  “propiska”  qilindi.

Ana shunday o'zgarishlar sabab bugun odamlarda adolatga, haqiqatga ishonch paydo bo'ldi. Shu bilan birga, yurtimizda qaror topgan erkinlik muhiti bois, hozirgi kunda yurtdoshlarimizda turli darajadagi rahbar va mansabdorlarning ish faoliyatiga xolisona baho berishga, kamchiliklarni oshkora tanqid qilishga shart-sharoitlar yaratildi. Bu ham odamlarning hayotga boshqacha ko'z bilan qarashiga, jamiyat uyg'oqligiga turtki berayotir.

Ma'naviy uyg'oq jamiyat, Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, bu, hech shubhasiz, qud ratli kuchdir. Aytish kerakki, mamlakatimizda yuritilayotgan ochiqlik, oshkoralik siyosati bois, bugun senator va deputatlar, hokimlar, vazirlar, turli idora va tashkilotlar rahbarlari ish tutumida ham yangi tamoyillar ustuvorlik kasb etmoqda. Barcha bo'g'indagi mansabdor shaxslar fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning dardu tashvish lari bilan qog'ozda emas, amalda jiddiy shug'ullanmoqda.

Prezidentimiz o'z interv`yusida mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida oldimizda turgan eng ustuvor vazifalarga alohida to'xtalgan. Jumladan, mamlakatimizda davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo'nalishlaridan biri bo'lgan ijtimoiy siyosatni izchil davom ettirish, yangi O'zbekiston iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish, hozirgi global pandemiya davrida tadbirkorlarni o'z muammolari girdobiga tashlab qo'ymaslik, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, agrar sektorni zamon talablari asosida rivojlantirish, xalqimizning sog'lig'i va hayotini asrash, ma'naviy-ma'rifiy ishlarni yanada kuchaytirish bugungi va kelgusi taraqqiyotimiz uchun mustahkam poydevor bo'lishini ta'kidlaydi.

 Davlatimiz rahbari yangi O'zbekistonni barpo etishda ichki va tashqi siyosatning o'zaro bog'liq va uyg'un jihatlari, Prezidentning joylardagi vakillari bo'lgan hokimlarning ish faoliyati, xalq bilan muloqot qilish, uning fikrini olishda “bo'shliq”ni to'ldirishga qanday erishayotgani, yurtimizda aholi uchun eng dolzarb va o'tkir hayotiy masala bo'lgan zamonaviy turar joylar, arzon uy-joylar qurilishi istiqbollari haqida mulohaza yuritgan. Yangi O'zbekistonni bunyod etish jarayonida yoshlarning o'rni va asosiy vazifalari, xotin-qizlarning o'qishi, bilim olishi, mehnat qilishi, ularning sog'lig'ini saqlash, iste'dod va qobiliyatini ro'yobga chiqarish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni ta'minlash, xonadonlarimizning fayzu farishtasi bo'lgan keksa avlod vakillari, muhtaram faxriylarimizga alohida mehr va g'amxo'rlik ko'rsatish borasidagi amaliy ishlarning kelgusi rivoji haqidagi savollarga ham batafsil, sodda tilda va samimiy javoblar bergan.

Fikrlarning har biri qalbimizda yorug' tuyg'ular, ko'tarinkilik, ertangi kunga ishonch, ayni damda mas'uliyat ham yuklaydi. Zotan, Prezidentimiz ta'kidlaganidek, yurtimizdagi har bir insonning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta'minlash, xalqimizning yanada erkin va farovon yashashiga erishish biz uchun bundan buyon ham bosh maqsad bo'lib qoladi.