Toshkent shahri Olmazor tumanidagi “Chilto‘g‘on” mahalla fuqarolar yig‘inida yoshlar yetakchisi sifatida ish boshlaganimga uncha ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Yoshlar balansini shakllantirish jarayonida mahalla yoshlari bilan yaqindan tanishib, ularning orzu-intilishlari, quvonch va tashvishlari, muammolarini o‘rganishga harakat qildim. Bu jarayon oson kechmaganini aytishim kerak. Chunki tizim yangi, unga odamlarda, eng avvalo, yoshlarda ishonch uyg‘otish zarur edi.
Endi ish boshlab, uyma-uy yurgan kezlarim Mirmuslim ismli yigitning o‘qishga ishtiyoqi balandligi e’tiborimni tortdi. Uning niyatlari, muammolari bilan qiziqqanimda Mirmuslim: “Bu yil maktabni tamomlab, oliy ta’lim muassasasiga to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindim, lekin shartnoma pulini to‘lashga qurbim yetmayapti. Biror yil ishlab turay, balki... kelasi yili yana urinib ko‘rarman”, dedi. Mirmuslim qabul qilingan o‘quv dargohi yurtimizdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri edi.
Nazarimda, o‘qishni tashlab ketsa, hayot tashvishlari bilan andarmon bo‘lib, keyin oliy o‘quv yurtiga kirish fikridan uzoqlashishi mumkin edi. Uning oilaviy sharoiti bilan yaqindan tanisharkanman, ota-onasi ikkinchi guruh nogironi, Mirmuslim ularning yakkayu yagona farzandi, ishongan tog‘i ekani ayon bo‘ldi. Shularni o‘ylab, undan: “Ukajon, ko‘rib turibsan, Xudoga shukr, yurtimizda yoshlarga katta e’tibor qaratilyapti. Agar to‘lov-shartnoma summasining bir qismi “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan qoplab berilsa, universitetda o‘qiysanmi?” deb so‘radim. Uning ko‘zlari quvonchdan porlab: “Ha, albatta, o‘qiyman”, dedi.
Mirmuslimni “Yoshlar daftari” platformasiga joylashtirib, kerakli hujjatlarini tayyorladim. Oradan chamasi yigirma kunlar o‘tib, to‘lov-shartnoma pulining yarmi qoplab berildi. Bu xabarni eshitganimda, avvalo, o‘zim quvondim. Darhol Mirmuslimning yoniga borib, to‘lov kvitansiyasini qo‘liga tutqazganimda ko‘zlarida sevinch yoshi qalqidi. Ota-onasi ham o‘zida yo‘q xursand bo‘lib, qo‘lini duoga ochdi. Bir yigitning orzusi ro‘yobga chiqishiga hissa qo‘shib qaytar ekanman, qilayotgan ishimdan ko‘nglim to‘ldi.
Hozirgi kunda yana ikki nafar talaba to‘lov-kontrakt summasining bir qismi qoplab berilish arafasida. Bir necha yoshlarni axborot texnologiyalari va xorijiy tillar bo‘yicha o‘qitish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratilmoqda.
Mahallamizda yil boshidan buyon “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilish uchun 70 million so‘mga yaqin subsidiya ajratildi. Subsidiya ajratishdan oldin ularning oilaviy ahvoli to‘liq o‘rganildi. Mana shu tashkiliy ishlardan so‘ng mahallamizdagi turli kasbdagi yetti nafar yoshga subsidiya ajratildi. Ularning oila a’zolari ham ish bilan ta’minlandi. Mana shu sa’y- harakatlarni, amaliy ishlarni ko‘rgan yigit-qizlarning yangi tizimga ishonchi oshmoqda.
Ayni paytda mahallamizdagi Ziyoda ismli tikuvchi qiz “Yoshlar daftari” orqali olgan tikuv mashinasi yordamida oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Onasi va opasi yasagan qo‘g‘irchoqlarga libos tikadi. Shunday qilib, oila a’zolari ham ishli, ham daromadli bo‘ldi.
Bunday misollar ko‘p. Masalan, oilasi iqtisodiy murakkab ahvoldagi ikki nafar yoshning safarbarlik chaqiruv rezervini o‘tash badali “Yoshlar daftari”dan to‘liq qoplab berildi. Shuningdek, mahalladagi yana ikki nafar yigitning avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash kursi xarajatlarining bir qismini to‘lashda ko‘mak ko‘rsatildi. Ishlab chiqarish faoliyatini yaxshilash maqsadida bir nafar yosh tadbirkorga imtiyozli kredit ajratildi. Bundan tashqari, mahalladagi iste’dodli yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun homiylik asosida ikki nafar yoshga sport anjomlari olib berildi.
Mahallada ta’mirtalab holatga tushib qolgan futbol maydonchasi tumanning 2-sektor rahbari yordamida to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Maydon universallashtirilib, hozir voleybol bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilyapti.
O‘ttizga yaqin yoshning bandligi ta’minlandi, o‘ndan ziyod yoshga uch oylik o‘quv kurslariga bepul yo‘llanma berildi. Kam ta’minlangan oilalarning 60 nafar farzandiga homiylar yordamida turli o‘yinchoqlar tarqatildi, yigirmata xonadonga esa oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi.
Mahallada o‘tkazilgan “Besh tashabbus” olimpiadasi doirasida yuzlab yangi iste’dod egalari kashf etildi. Har bir ko‘chada futbol, voleybol bo‘yicha jamoalar tashkil etildi. Yurtimizdagi ko‘zga ko‘ringan ijodkorlar, jumladan, taniqli yozuvchi-shoirlar, aktyorlar bilan ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazildi. Bu uchrashuvlar mahallamiz yoshlarida unutilmas taassurot qoldirdi.
Mahallada vatanparvarlik, kitobxonlik ham o‘z o‘rnida tashkil etilmoqda. Har bir mahalla yoshlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va sportni ommalashtirish borasida musobaqalar rejali o‘tkazib kelinmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, yoshlar yetakchisi mahalladagi yoshlarning yaqin do‘sti, sirdoshi va hamfikriga aylandi. Yangi tizim mamlakatimizdagi yuzlab, minglab Mirmuslimlaru Ziyodalarning hayotda o‘z o‘rnini topishi, kasb-hunar egallab, oilasi farovonligiga hissa qo‘shishiga sababchi bo‘lyapti.
Yoshlar kamoloti, manfaati, yorug‘ iqboli, baxtu saodati Yangi O‘zbekiston kelajagini barpo etishdek ulug‘vor maqsadimizning mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, yoshlar O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasidir. Zero, e’tibor bor joyda o‘sish, rag‘bat bor joyda yuksalish bo‘ladi.
Jahongir NOSIROV,
Toshkent shahri Olmazor tumanidagi “Chilto‘g‘on” MFY yoshlar yetakchisi