Poytaxtimizda ilk bor “Zakovat” I Osiyo ochiq chempionati bo'lib o'tdi. 12-13-avgust kunlari davom etgan xalqaro turdirda O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikikston, Turkmaniston, Armaniston, Rossiya, Latviya, Kipr, Belorus, Germaniya, BAA, Isroil, Daniya kabi 14 davlatdan jami 55 ta jamoa, 330 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Ular orasida Rossiyaning “Nima? Qayerda? Qachon” televizion ko'rsatuvi orqali mashhur bo'lgan Boris Belozyorov, Denis Galiakberov, Mixail Novosyolov kabi bilimdonlar ham bor edi.
Ishtirokchilar o'yinning sportcha versiyasi hamda breyn-ring turlari bo'yicha bilimlarini sinovdan o'tkazdi. Jamoalar bir necha turda o'zaro bellashib, eng kuchlilar finalgacha etib bordi.
Kecha, 13-avgust kuni xalqaro turnirning final musobaqasi hamda taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi. Tadbirni Saida Mirziyoyeva ochib berdi va barcha ishtirokchilarni xalqaro bilimlar bellashuvi bilan qutladi.
Shundan so'ng Qozog'istonning “Basendji” hamda O‘zbekistonning “Misteriya” jamoalari turnirning 3-o'rini uchun o'yin musobaqasiga kirishdi. Tomoshabinlar ko'z o'ngida bo'lib o'tgan o'yin 2 tur davom etdi va unda “Basendji” jamoasi g'oliblikni qo'lga kiritdi.
Milliy massmediani qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoatchilik fondi hamda “Zakovat” intellektual klubi hamkorligida tashkil etilgan chempionat g'oliblari shu erning o'zida tantanali taqdirlandi. G'olib jamoalarga pul mukofotlari topshirildi.
Shunday qilib, “Zakovat” o'yini bo'yicha I Osiyo ochiq chempionatining 3-o'rni Qozog'istonning “Basendji” jamoasiga nasib etdi va 40 million so'm pul mukofotini qo'lga kiritdi. Rossiyaning “Borskiy korabel” jamoasi 2-o'rin sohibi va 60 million so'm, O'zbekiston, Qozog'iston, Armanistonning “GG” terma jamoasi esa 1-o'rin g'olibi hamda 100 million so'm pul mukofotiga ega bo'ldi.
I Osiyo ochiq chempionati bosh sovrini — maxsus “Zakovat” kubogi esa Qozog'istonning “Basendji” jamoasiga nasib etdi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri