Mahallalardagi yoshlar oʻrtasida “Zakovat” turnirining respublika bosqichi yakuniga yetdi

    Birinchi oʻrin (Qarshi tumani “Guliston” MFY) 100 million soʻm, ikkinchi oʻrin (Koson tumani “Paxtazor” MFY) 60 million soʻm va uchinchi oʻrin (Olmazor tumani “Beruniy” MFY) sohiblari 40 million soʻm bilan taqdirlandi.

    Avvallari “Zakovat” deganda oyinai jahonda bolalikdan koʻrganimiz – torgina xonada 10-15 bilimdon qurshovidagi stolda oʻtirgan 6 kishilik jamoaning savollarga javob berishi tushunilardi. Oʻyinning bunday koʻrinishi ham oʻziga xos zavqli va qiziqarli kechgan, albatta. Biroq bugun manzara butunlay boshqacha. “Zakovat” intellektual oʻyinining bir nechta tarmoqlari, koʻrinishlari paydo boʻldi. Davlat tomonidan katta mablagʻ ajratilib, intellektual musobaqalar mahallalargacha kirib bordi.

    Prezidentimizning 2022-yil 20-yanvardagi “Zakovat” intellektual oʻyinini aholi oʻrtasida ommaviy-maʼrifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual oʻyinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, intellektual oʻyinlarni yoshlar va aholining barcha qatlamlari oʻrtasida targʻib qilish, milliy intellektual oʻyinlarni shakllantirish, ularni ommalashtirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, maktab, oliy oʻquv yurtlari va mahalla yoshlari oʻrtasida shunday milliy intellektual tanlovlar yangicha ruhda tashkil etildi.

    10-dekabr kuni “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, “Zakovat intellektual klubi” NNT hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida “Zakovat arena” binosida mahallalardagi yoshlar oʻrtasida “Zakovat” turnirining respublika bosqichi boʻlib oʻtdi. Besh bosqichda oʻtkazilgan ushbu turnirning finalida 294 nafar yoshlardan iborat 42 mahalla jamoasi ishtirok etdi.

    Turnir toʻrt turdan iborat boʻlib, har bir tur yakuniga yetgach, 3 daqiqalik tanaffus tashkil etildi. Final Abdugʻofur Kamolovning “Zakovat” oʻyinlari madhiyasiga aylanib ulgurgan qoʻshigʻi bilan boshlandi:

    Bu olamning jumbogʻi koʻp,

    Bu olamning soʻrogʻi koʻp.

    Bu olamda savol cheksiz,

    Bu olamda xayot cheksiz...

    Darhaqiqat, bu olamda savol cheksiz. Turnir davomida hayotimizdan olingan, biz eʼtibor bermagan turli savollarni eshitib, biz ham bunga amin boʻldik.

    TOM MAʼNODA XALQ ICHIGA KIRIB BORGAN OʻYIN

    Yoshlar oʻrtasida shu kungacha juda koʻplab koʻrik-tanlovlar, musobaqalar, fan olimpiadalari oʻtkazilgani maʼlum va ularda har doim ham tashkiliy ishlar koʻngildagidek amalga oshirilmagan. Qish kunlarida oʻtkaziladigan bunday tanlovlarda farzandini qoʻllab-quvvatlash uchun kelgan ota-onalar sovuq havoda qolib ketishi, natijalarni kutib, ovora boʻlish holatlari koʻp uchragan. Shunday holat takrorlanishidan ichki xavotir bilan tadbirga borganimizda ota-onalar va jamoalarni qoʻllab-quvvatlashga kelgan tomoshabinlar uchun zalning yarmi alohida ajratilib, stol-stullar oʻrnatilgani, tekin shirinliklar, choy, qahva pavilyonlari tashkil etilganiga guvoh boʻldik.

    – Har bir qadamimiz mahalladan boshlanadi, – dedi turnirning ochilish marosimida soʻz olgan “Zakovat intellektual klubi” nodavlat notijorat tashkiloti prezidenti Abdurasul Abdullayev. – Dunyoga kelganimizdan to katta hayotga “uchirma” boʻlgunimizcha mahallanikimiz. Uzoqlarda yashasak ham qalbimiz oʻz mahallamizda qoladi. “Vatan ichidagi Vatan”, deb bejiz aytilmaydi. Bugun har bir jamoa oʻz mahallasi uchun kurashadi. Har bir stolda oʻsha mahallaning shaʼni, obroʻsi turibdi. Ushbu loyihamiz haqida turli fikrlar aytilgan. Men loyihani tashkil etayotganda koʻp oʻylaganman, aytilgan barcha mulohazalarni inobatga olganmiz.

    Qachonlardir ushbu intellektual oʻyinlar boshlanganda, hali oʻttiz yillardan keyin ham mana shu “Zakovat” qoʻshigʻi turnirlarni ochib beradi, maktablarda, oliygohlarda musobaqalar oʻtkaziladi, deb niyat qilganmiz, – deydi klub prezidenti. – Bugun “Zakovat” katta miqyosli anʼanaviy turnirga aylandi. Niyatlarimiz amalga oshdi. Davlatimiz tomonidan alohida eʼtibor qaratildi, katta mablagʻ ajratildi. Buning uchun Prezidentimizdan minnatdorman. “Zakovat” tom maʼnoda xalq ichiga kirib bordi.

    “ZAKOVAT”DAGI ZAKO ONALAR

    Tomoshabinlar boʻlmasida oʻyinni kuzatarkanmiz, hali bir yoshga ham toʻlmagan chaqaloqni koʻtarib oʻtirgan onaxonga koʻzimiz tushdi. U bolani mehr bilan erkalar, shu orada berilayotgan savollarga quloq tutib, yonidagilar bilan javobini muhokama qilardi. Oʻyinga tanaffus eʼlon qilingach, ishtirokchi formasidagi yoshgina ayol kelib, bolani onaxonning qoʻlidan oldi va shosha-pisha ovqatlantirdi. 3 daqiqalik tanaffus yakunlangach, yana bolani berib, katta zalga kirib ketdi. Qanday kuch yosh bolali onani ushbu maydonga yetaklab kelgani bizni qiziqtirdi va onaxonning yoniga borib, bu haqda soʻradik.

    – Andijon viloyatidanmiz, qizim “Zakovat” turniriga qatnashyapti, – deydi Hosiyatxon opa. – Uyimizda katta kutubxonamiz bor, mehmon boʻlib kelganlar, koʻrib hayron qoladi. Avvaldan “Zakovat” intellektual oʻyinlarini oilamiz bilan tomosha qilamiz. Bolalarimga “Sizlar ham shunaqa oʻyinlarda qatnashib, televizordan chiqsanglar, juda xursand boʻlaman”, derdim. Mana, bugun orzularim ushaldi.

    Hosiyatxon opaning maʼlum qilishicha, oilaviy muhit farzandlarining oʻz yoʻlini topishida muhim oʻrin tutgan. Opaning oʻzi 32 yildan buyon taʼlim tizimida ishlaydi. Shuncha yillik mehnati qadr topib, “Xalq taʼlimi fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. Farzandlarining hammasi oliy maʼlumotli. Oilada kitob oʻqishga, ilm-maʼrifatga eʼtibor kuchli. Biz yosh bolali “Zakovat”chi onaning fikrlariga ham quloq tutdik:

    – Marhamat tumani “Bozorboshi” MFY jamoasi aʼzosiman, – deydi Nilufar Shokirova. – Uch nafar farzandim bor. Oʻqituvchi boʻlib ishlayman, turmush oʻrtogʻim ham oʻqituvchi. Qaynota-qaynonam kechagina Umra safaridan keldi, uyimizda mehmonlar keldi-ketdisi tingani yoʻq, shunday boʻlsa ham ular meni qoʻllab-quvvatlab, finalga yubordi. Bolaligimdan Jobir Ahmedovning jamoasiga muxlislik qilardim, birorta ham oʻyinni oʻtkazib yubormas edim. Doim “Zakovat”ga qatnashish katta orzum boʻlgan. Maktabda ham oʻquvchilarim bilan klub tuzib, muntazam “Zakovat” oʻyinlarini oʻtkazib kelamiz.

    – Bu yil 30 yoshga toʻlaman, – deydi N.Shokirova. – Bir qarashda men uchun xuddi yoshlarga berilayotgan barcha imkoniyatlar tugagandek. Lekin aslida bunday emas. Toʻgʻri, endi yoshlar oʻrtasida oʻtkaziladigan tanlovlarda ishtirok eta olmayman. Ammo toʻplagan tajribam oʻquvchilarim, farzandlarim uchun asqatishidan quvonaman. Qolaversa, “Zakovat”da ham oliy liga oʻyinlarida ishtirok etishim mumkin.

    Nilufar Shokirovadan farzand tarbiyasidan ortib, shunday tanlovlarda qatnashish qiyin emasmi, deb soʻraganimizda, oilasining qoʻllab-quvvatlovi bilan ham ishga, ham farzandlar tarbiyasiga, turli tanlovlarga ishtirok etishga kuch va vaqt topayotganini bildirdi. Bungacha u “Yosh kitobxon” tanlovida ham bir necha bor ishtirok etib, viloyat bosqichida faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan. Demak, qiziqish va ishtiyoq boʻlsa, hamma narsaning imkoni topiladi.

    UMID, HAYAJON VA QUVONCH YoSHLARI

    Turnir estradamizning yorqin yulduzlari ishtirokida davom etdi. Toʻrt tur yakuniga yetgach, jamoalar intizorlik bilan natijalarni kuta boshladi. Ishtirokchilar koʻzida umid, qoʻrquv, hayajon aks etardi.

    Nihoyat, jami 31 ochko bilan Qarshi tumani “Guliston” MFY jamoasi birinchi oʻrinni, Koson tumani “Paxtazor” MFY jamoasi 30 ochko bilan ikkinchi, Olmazor tumani “Beruniy” MFY jamoasi esa 27 ochko bilan uchinchi oʻrinni egalladi.

    Tashkilotchilar tomonidan birinchi oʻrin 100 million soʻm, ikkinchi oʻrin 60 million soʻm va uchinchi oʻrin sohiblari 40 million soʻm bilan taqdirlandi.

    Rashid XOʻJAMOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri