“Zakovat” oʻyini boʻyicha I Osiyo ochiq chempionati boshlandi

    Toshkent shahrida yirik xalqaro intellektual turnir — “Zakovat” oʻyini boʻyicha I Osiyo ochiq chempionati start oldi. Musobaqada dunyodan yigʻilgan eng kuchli bilimdonlar oʻzaro bellashmoqda.

    Turnirda 14 davlatdan 50 dan ziyod jamoa ishtirok etyapti. Jumladan, Germaniya, Rossiya, Isroil, Kipr, Armaniston, Qozogʻiston, Belarus, BAA, Latviya, Daniya, Turkmaniston, Qirgʻiziston, Tojikiston kabi davlatlardan kelgan ishtirokchilar bilimini sinovdan oʻtkazyapti.

    Turnir doirasida jamoalar “Zakovat” oʻyinining sportcha versiyasi hamda breyn ring boʻyicha bellashmoqda. Bellashuvning ochilish marosimida "Zakovat" intellektual klubi nodavlat notijorat tashkiloti direktori Abdurasul Abdullayev va boshqalar soʻzga chiqib, Prezidentimizning 2022-yil 20-yanvardagi “Zakovat” intellektual oʻyinini aholi oʻrtasida ommaviy-maʼrifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual oʻyinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan qilingan ishlar haqida fikr yuritdi.

    Musobaqaning sportcha versiyasida gʻolib jamoalar munosib taqdirlanadi. Jumladan, 1-oʻrin sohiblari 100 million soʻm, 2-oʻrinni egallaganlar 60 million soʻm, 3-oʻrinni qoʻlga kiritganlar 40 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

    Breyn-ring oʻyinida zafar quchgan jamoaga maxsus tayyorlangan I Osiyo ochiq chempionati kubogi topshiriladi. Turnirning tantanali yopilish marosimi ertaga 13-avgust kuni boʻlib oʻtadi.