O‘zbekiston milliy terma jamoasi AQShning Atlanta shahrida jahon chempionatidagi tarixiy debyut oldidan so‘nggi tayyorgarlik bosqichini davom ettirmoqda.

«Oq bo‘rilar» Atlanta yaqinidagi Marietta shahrida joylashgan «Atlanta United» klubining zamonaviy mashg‘ulotlar bazasida yig‘in o‘tkazmoqda. Tayyorgarlik ikki yo‘nalishda olib borilmoqda: futbolchilar trenajyor zallarida jismoniy holat va chidamlilikni oshirish ustida ishlayotgan bo‘lsa, maydonda taktik harakatlar, kombinatsion o‘yin va texnik mahoratini takomillashtirishga e’tibor qaratilmoqda.

Bosh murabbiy Fabio Kannavaro va uning murabbiylar shtabi har bir futbolchi bilan individual tarzda ishlab, jamoaning jahon chempionatiga tayyorgarligini nazorat qilmoqda.

Shu kunlarda muxlislar orasida yarim himoyachi Jaloliddin Masharipovning salomatligi haqidagi xavotirlar ham muhokama qilinmoqda. Futbolchi bu borada izoh berib, ahvoli yaxshi ekanini ma’lum qildi.

«Hozirda hammasi joyida. Grija o‘shanda bezovta qilgan edi, shifokorlar yaxshi ishlashdi va muolajadan keyin ahvolim ancha yaxshilandi. Xudo xohlasa, ikki kundan keyin umumiy guruh bilan mashg‘ulotlarga qaytaman», — dedi Masharipov.

Uning ta’kidlashicha, mazkur muammo bir necha yildan buyon kuzatilib keladi.

«Bu kasallik menda besh-olti yildan beri bor. Uch yil avval Eronga qarshi o‘yin oldidan ham ukol olib maydonga tushganman. Ba’zan og‘riq berib turadi, buni grijasi bor insonlar yaxshi tushunishadi», — dedi futbolchi.

Masharipov o‘zini yaxshi his qilayotganini bildirib, jahon chempionati bahslarida maydonga tushishga umid qilayotganini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionatidagi ilk uchrashuvini 18 iyun kuni Kolumbiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.