Prezidentimizning 2019 yil 23 iyuldagi “Er qa'rini geologik jihatdan o'rganishni yanada takomillashtirish va 2020-2021 yillarda mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori asosida tasdiqlangan dasturga ko'ra, yuqoridagi rejalarni amalga tatbiq etishga 2 trillion so'mdan ortiq mablag' yo'naltiriladi.
Bugungi kunda tibbiyot, mashinasozlik, samolyotsozligu nanotexnologiyalar va yana ko'plab sanoat sohalarida o'ta zarur bo'lgan noyob er elementlarni, bir qator metallarni qazib olishni ko'paytirish va eksport salohiyatini kengaytirish O'zbekiston iqtisodiyoti rivoji uchun muhim masalalardan biriga aylangan.
Prezidentimizning2020 yil 31 yanvar` kuniDavlat geologiya va mineral resurslar qo'mitasiga tashrif buyurib, olimlar, yosh tadqiqotchilar, ishlab chiqarish vakillari va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari bilan uchrashuvi chog'idayangi Geologiya fanlari universiteti kampusiga tamal toshi qo'yildi. To'rtta ilmiy muassasa –“Habib Abdullaev nomidagi Geologiya va geofizika instituti”, “Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti”, “Mineral resurslar instituti” hamda “Neft` va gaz konlari geologiyasi va qidiruv instituti” negizida yaxlit majmua, zamonaviy universitet tashkil etilishi ma'lum qilindi. Bundan tashqari, 4 ta ilmiy muassasa moddiy-texnik bazasi va ilmiy kadrlar salohiyati birlashtirilib, eng ilg'or uskunalar bilan jihozlanadi. Bu zamonaviy laboratoriyalarning tashkil etilishi va yoshlarning chet ellarga malaka oshirishga yuborilishi geologiya sohasida tub burilish yasashi kutilmoqda.
Geologiya-qidiruv ishlarini olib borishni yanada takomillashtirish maqsadlari o'z ifodasini topgan “yo'l xaritasi”, qattiq foydali qazilma maydonlari va konlari to'g'risidagi ma'lumotlarni joylashtirish uchun ishga tushiriladigan yagona elektron onlayn platformasi er qa'rini oqilona o'rganish va o'zlashtirish, shuningdek, geologiya sohasiga chet el investitsiyalarini jalb qilishda mutaxassislarga dasturilamal bo'ladi.
PETROLOGIK TADQIQOTLAR AHAMIYATI
Petrologik tadqiqotlar deganda tog' jinslarining yoshi, yotish shakllari, hosil bo'lishi va boshqalarni o'rganish kiradi. Bugungi kunda geologiya sohasida dolzarb muammolardan biri - dayka tanalari. Dayka — oddiy til bilan aytganda, uzun bo'lgan er qobig'idan chiqadigan tog' jinsi, ya'ni devor, degan ma'nosini anglatadi. Qalinligi bir necha santimetrdan bir necha metrgacha boradigan ushbu tog' jinsikonlar hosil bo'lishida muhim o'rin tutadi.
Bugungi kunda dunyo miqyosida daykalarni o'rganish endogen konlarning joylashuvidagi qonuniyatlarni hamda oltin hosil bo'lishi bilan bog'liqligini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Daykalar va ulardagi ksenolitlarni tadqiq qilish orqali turli tarkibdagi dastlabki magma suyuqligining hosil bo'lish vaqti va joyi, ma'danli moddalarning manbalari va yirik konlarga to'planish muhitini, yuqori mantiya, pastki va ustki qobiq tarkibi, turli sathlar tuzilishi to'g'risida moddiy dalillarni olish mumkin. Bir so'z bilan aytganda, dayka tanalari haqida ko'p ma'lumotga ega bo'lish mavjud konlarni yanada chuqurroq o'rganishga imkon beradi.
Falsafa doktorlik ilmiy ishimni yozish jarayonida ilmiy rahbarim bilan birgalikda CHotqol-Qurama mintaqasining oltin-kumush konlaridagi daykalarni o'rganib chiqdik. CHotqol tizmasi janubi-g'arbiy tarmoqlaridagi Qizilolmasoy ma'dan dalasi dayka hosilalarini geologik-petrografik, petrokimyoviy va geokimyoviy o'rganish va ularning oltin-kumushli ma'danlashuv shakllanishidagi ahamiyatini aniqlashni maqsad qilgandik. Petrologik tadqiqotlarning hozirgi zamon uslubiyati esa bu vazifalarni va fundamental masalalarni echishga imkon yaratib berdi.
Bu dayka tanalari va ma'danli namoyon qiluvchi dalalar o'zaro chambarchas bog'liq bo'lgan SHarqiy O'zbekiston uchun ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, Qizilolmasoy, Ko'chbuloq, Lashkerek, CHodoq, SHavkatli, Dukent, Naugarzan, Olatanga, Kattasoy, Maylikatan, CHauli, CHorkasar va boshqa oltin-kumush, qalay, qalay-polimetalli, uran-molibdenli, flyuorit konlari shular jumlasidandir.
Izlanishlarimiz davomida daykaning oltin-kumushli va unga yo'ldosh nodir metalli hamda nodir-ermetalli ma'danlashuvga ega ekani aniqlandi. Ma'dan maydoni hududida dayka jinslarining barcha turkumlarida klark miqdoridan yuqori bo'lgan elementlar mavjud ekan. Ularning ko'pchiligi CHotqol-Qurama mintaqasi Qizilolmasoy ma'dan dalasida oltin-margimush, oltin-tellur va oltin-kumushli hamda oltin-piritli, oltin-polisul`fidli va oltin-tellurli mineral turkumlari formatsiyalar uchun ma'dan hosil qiluvchi va indikatorlar sanalishi o'z isbotini topdi. Bu kabi tadqiqotlar noyob, radioaktiv, qimmatbaho elementlar, asl, qora, rangli va nodir metallarning chuqur gorizontlarga bashoratlash, qidirish va baholashning amaliy vazifalarini echishga imkon beradi. Bu misolni keltirishdan maqsad birgina dayka tanasini o'rganish geologiya sohasi rivojidagi ahamiyatini ko'rsatishdir. Sababi, biz er osti boyliklarini yanada chuqurroq izlash uchun shu kabi tadqiqotlar orqali ilmiy ishlarni olib boramiz.
IMPORTNI KAMAYTIRISHGA HISSA QO'SHUVCHI LOYIHA
Biz faoliyat ko'rsatib kelayotgan Geologiya va geofizika instituti asosan geologiya sohasidagi fundamental, amaliy va innovatsionloyihalarni amalga oshiradi. Bugungi kunda institutning petrologiya laboratoriyasi olimlari tomonidan yurtimizning deyarli barcha hududlarida turli geologik tadqiqotlar olib bormoqda. Xususan, Olmaliq-Angren xududidagi Qizilolmasoy, Quchbuloq, SHovozsoy, YOshlik 1,2 oltin kumush konlari, Qo'ytosh vol`fram, Zarmitan, O'rtaliq, Muruntov, Pistali oltin konlari chuqur o'rganilmoqda.
Ayni paytda CHarmitan ma'dan maydonimetasomatitlarida tarqalgan noyob er elementlarini o'rganishga bag'ishlangan katta amaliy loyiha ham iqtisodiyotimizning turli jabhalarida ishlatiladigan noyob er elementlari ma'dandor hududlarini, konlarini topishgako'mak beradi. Loyihaning ilmiy ahamiyati shundaki, noyob er elementlari oltin va kumushdan bir necha yuz barobar qimmatroq hisoblanib, ularning deyarli barcha turlari eksport qilinadi.
Geologiya juda ko'p qirrali va barcha fanlarga bog'liq soha. Dala ishlari, turli tog' tizmalarida dala sharoitida chodirlarda yashash, yulduzli osmon ostida kameralka ishlarini olib borish, tabiat qo'ynida o'z sirlarini yashirib yotgan tog' jinslaridan olingan namunalarni o'rganish juda qiziqarli. Ana shu kasbga bo'lgan mehr, qolaversa, hukumatning e'tibor va ishonchi biz, geologlarni shu soha rivojiga hissa qo'shishga undayapti.
Feruza KARIMOVA,
Habib Abdullaev nomidagi Geologiya
va geofizika instituti katta ilmiy xodimi,
geologiya va mineralogiya fanlari falsafa doktori (PhD)