Biroq qish qahratoni yoki yoz chillasida ham oʻchoqda choy qaynatgan, taom pishirgan xonadon sohibalari  uchun oʻchoqning oʻrnini buriqsib tutamaydigan gaz plita, yogʻoch oʻtin oʻrnini suyultirilgan gaz egallashining oʻzi katta qulaylik.

2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida boshqa tarmoqlar qatori neft-gaz ishlab chiqarish hajmini oshirish, aholiga gaz mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berish yuzasidan ham tegishli chora-tadbirlar belgilangan.

4 ming 688 metr balandlikdagi qishloq

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida Xushxabar degan moʻjazgina  qishloq bor. Togʻ qishlogʻida avtomobil yoʻli boʻlmagani bois, ertaklardagi singari suv ombori va soʻqmoq yoʻllardan, tubsiz jarlik va daralardan ehtiyotkorlik bilan yurib boriladi. 

Yaqinda mazkur qishloqqa suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib berish yoʻlga qoʻyildi. Qishloqda jami 60 nafardan ziyod kishi istiqomat qiladi. Toʻgʻri, aholi juda kam, lekin ular ham sizu biz kabi jamiyat aʼzolari.

Sariosiyolik hamkasbimiz Aziz Mashrabovning aytishicha,  qishloqqa yetib borish uchun “Toʻpalang” suv ombori orqali motorli qayiqlarda uzoq yoʻl bosilgach, quruqlikka chiqib, u yogʻiga faqat ot-ulovda yoki yayov boriladi. Goʻzal tabiat qoʻynidagi bu goʻsha Hisor togʻ tizmalarining 4 ming 688 metr balandlikdagi Hazrati Sulton choʻqqisi etaklarida, Maland, Karch, Vochax kabi togʻ qishloqlaridan ham yuqorida  joylashgan.

Inson qadri ulugʻlanayotgan mamlakatimizda aholi turmush darajasini yuksaltirishga qaratilayotgan eʼtibor yurtimizdagi ana shunday borish qiyin boʻlgan chekka togʻli hududlardagi kam sonli aholi yashaydigan maskanlarni ham qamrab olib, ularning maishiy masalalarini hal etishga katta ahamiyat berilmoqda. Bu jarayonda oʻchoqqa olov yoqib, taom pishirgan, choy qaynatgan Xushxabar qishlogʻidagi xonadonlarga ham maishiy gaz balloni yetib borgani oʻziga xos bayramga aylandi.

Aholi murojaat qilmasa ham...

Eng muhimi, bunday xayrli ishni amalga oshirish uchun qachon qishloq fuqarolari bizga murojaat etarkin, deya kutib turilgani yoʻq. Borish qiyin boʻlgan qishloqlar aholisining ehtiyojlari, suyultirilgan gazni yetkazib berish yoʻllari obdon oʻrganilib, gaz balloni bilan taʼminlanmoqda.

— Viloyatdagi olis va borish qiyin boʻlgan togʻli qishloqlar aholisini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash oson ish emas. Buning uchun togʻu-toshlar oralab, ot-ulovda yurishga, yayov yoʻl bosishga toʻgʻri keladi. Birgina Xushxabar qishlogʻiga borish uchun “Toʻpalang” suv omborida qayiqlar bilan bir soat yoʻl bosib oʻtish kerak, — deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati rahbari Aziz Mashrabov. — Yaʼni, suvda 15 kilometr suzib boriladi. Chunki ushbu manzilga olib boruvchi boshqa yoʻl yoʻq. Suvdan chiqib qishloqqacha togʻ soʻqmogʻi boʻylab 3 soat piyoda yuriladi. Gaz ballonlarini togʻ yoʻlida tashish uchun eshaklardan foydalanildi.  Tabiiyki, kam sonli Xushxabar qishlogʻi aholisining ham yaxshi turmush kechirgisi, boshqalar singari oʻz xonadonida mavjud zamonaviy qulayliklardan foydalangisi keladi. Masalaning shu jihatlari eʼtiborga olinib, qishloq xonadonlarini suyultirilgan gaz balloni bilan taʼminlashni yoʻlga qoʻydik.

Gazdan foydalanish ushalmas orzu edi

Yaqin yillarda ham Sariosiyo tumanidagi Maland, Karch, Vochax, Kundai juvoz singari togʻli qishloqlar aholisi uchun suyultirilgan gazdan foydalanish ushalmas orzu boʻlgan. Ularning bu niyatlari  faqat soʻnggi yillardagi islohotlar natijasida amalga oshdi.

Maʼlumotlarga qaraganda, bundan 3 yil avval Sariosiyo tumanining 500-yillik tarixga ega Malan va olis Karch qishloqlariga ham maishiy gaz balloni yetkazib berish yoʻlga qoʻyilgan. Suyultirilgan gaz “Toʻpalang” suv omborining kun chiqar tarafidagi togʻlar qoʻynida joylashgan Kundai juvoz qishlogʻiga ham yetib borgan.

Maland bilan Karch qishlogʻi ahli uchun togʻu qiyaliklar osha avtomobil yoʻli barpo etilgan. Vochaxga esa yoz va kuz fasllarida “Kamaz”, “Niva” kabi mashinalar qatnaydi. Kundai juvoz qishlogʻiga  “Toʻpalang” suv ombori yoqalab yoʻl qurilmoqda. Biroq, Xushxabar qishlogʻiga transport qatnaydigan yoʻl bunyod etish juda  mushkul ish boʻlgani bois, u yerga gaz ballonlarini faqat ot va eshakda olib borish mumkin ekan.

“Qishloq odamlariga havasim keladi”

— Nazarimda, bu hududga transport qatnaydigan yoʻl bunyod etishning oʻzi boʻlmaydi-yov. Shuning uchun ham gaz ballonlarini faqat ot-ulovda olib boramiz, — deydi “Sariosiyotumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi xodimi Aziz Togʻayev. — Yuqoriga qarab ketgan past va qiya jarliklardan oʻtuvchi soʻqmoq yoʻllar qiyinchilik tugʻdirsa-da, manzilga yetib borgach, qishloq odamlarining quvonchiga sherik boʻlganimizda barcha qiyinchiliklarimiz esdan chiqib ketadi. Qishloqqa birinchi marta borganimda oʻzim ham gazsiz qanday yashashar ekan deb, hayron boʻlgandim.. Endi esa havasim keladi. Qishloq ahli  bir-biriga juda mehrli, inoq, xushmuomala. Chirogʻimiz yoʻq, gaz ulanmaydimi, degan gaplarni sira eshitmadim. Shunday bagʻri keng, qalbi toza odamlarni zangori olov bilan taʼminlab, quvonch ulashayotganimdan xursandman.

Mustaqilligimizning 32 yilligi arafasida olis Xushxabar  qishlogʻiga suyultirilgan gaz yetib borgani, albatta, katta yangilik. Bu qishloq aholisining turmush sharoiti yaxshilash barobarida ularning togʻ qoʻynidagi yashil boyliklarga munosabatini ham oʻzgartiradi. Daraxtlar, atrofga tarovat bagʻishlab turgan archalarning oʻtin sifatida yoqib yuborilishiga  chek  qoʻyildi.

“Buning iloji yoʻq deb yurardik”

Qishloq aholisi bilan telefonda bogʻlanishimizga hamkasbimiz Aziz kamarbasta boʻldi. Uning yordamida baland togʻlar choʻqqisida yashovchi xushxabarliklar bilan telefon orqali muloqot qildik.

— Biz ham gazdan foydalanamiz, degan fikrni xayolimizga ham keltirolmas edik. Buning iloji yoʻq, deb yurardik,  — deydi xushxabarlik Husin Muhibullayev. — Gaz plita va ballonlar olib kelingach, gapning rosti, hayron qoldik. Quvonchimizning-ku, cheki yoʻq. Bu ishga bosh boʻlganlardan behad minnatdormiz. Gaz taʼminoti xodimlari gazdan foydalanishning xavfsizligi va qanday ishlatish kerakligi-yu, oshxonaga oʻrnatish tartiblarigacha tushuntirib berishdi. Baraka topishsin.

Qishloq otaxoni Jonmahmat hoji bilan telefon orqali muloqotimiz yanada qizgʻin kechdi:

— Bu qishloqning taʼrifi yoʻq. Toza havo, zilol suvlar, yashil archazor, turli giyohlar va hatto yovvoyi hayvonlar ham bor. Bu yerga kelgan kishining bahri-dili yayraydi. Hamma narsa tabiiy. Shuning uchun xastalik degan narsani bilmaymiz. Asosan,  chorva bilan shugʻullanamiz. Mana, gazimiz yoʻq edi, buyam  keldi. Sizga bir gapni ochiq aytsam, ayollarimiz gazni ishlatishni bilishmaydi, koʻrishmagan-da. Gaz taʼminoti xodimlariga rahmat,  barchasini oʻrgatishdi. Singlim, siz bir aylanib keling, bu yerlar Shveysariyaning eng soʻlim joylaridan-da goʻzal...

Otaxon  Xushxabar  qishlogʻining  tabiiy bulogʻi haqidagi afsonani ham aytib berayotgan chogʻida, afsuski  aloqa uzilib qoldi. Nima boʻlganda ham, biz yurtimizning shunday ajoyibotlarga toʻla maskani borligini bildik, odamlarining bir-biriga boʻlgan mehru oqibati haqida eshitdik. Asosiysi, ularning gaz bilan bogʻliq quvonchlariga  uzoqdan boʻlsa-da,  sherik boʻldik.

Xushxabar qishlogʻi tuman markazidan 60 kilometr olisda joylashgan. Ammo, suvi juda totli, tabiiy buloqning borligi qishloq kishilarining  omadi. Buloqning suvi avgust, sentyabr oylarida minutiga 1 litr, bir soatda 60 litr suv chiqarib berarkan.

Noshukurlik boʻlmagan  joyda

Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish joizki, “Toʻpalang” suv omborining yuqori qismida bugungi kunda yoʻl qurilish ishlar jadal olib borilmoqda. Yaqin kelajakda sivilizatsiyadan uzilib qolgan Xushxabar, Karsh  va Vochak kabi togʻ qishloqlari, eng rivojlangan turizm obyektiga aylanishiga hech shubha yoʻq. 

Biz bu yozganlarimiz orqali olis hududlardagi aholiga gaz ballonlari yetkazib berilayotgan qulaylik haqida emas, har qanday sharoitda ham oʻz goʻshasini sevib, unga mehr qoʻyib yashayotgan bagʻri butun odamlarning hayot tarzini ibrat sifatida koʻrsatmoqni maqsad qilganmiz. Zero, odamiylik va oqibat rishtalari mustahkam boʻlgan, gʻiybat, nolish va noshukurlik  boʻlmagan joyda har narsaning iloji va har bir muammoning yechimi bor.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri