Zamonaviy bilimli, yuqori malakali kadrlar mamlakatimizning dunyo hamjamiyatidagi nufuzi va istiqbolini belgilaydi

    Bugun shiddatli o‘zgarishlar davrida yashayapmiz. Ezgu ishlar davlat, jamiyat va odamlar hayotining barcha sohasida kuzatilmoqda. Ro‘yobga chiqayotgan islohotlar tashabbuskor, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, yuksak natijaga erishish yo‘lida barcha kuch-g‘ayratini safarbar eta oladigan bilimli, professional kadrlarni talab qiladi.

    Bugun shiddatli o‘zgarishlar davrida yashayapmiz. Ezgu ishlar davlat, jamiyat va odamlar hayotining barcha sohasida kuzatilmoqda. Ro‘yobga chiqayotgan islohotlar tashabbuskor, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, yuksak natijaga erishish yo‘lida barcha kuch-g‘ayratini safarbar eta oladigan bilimli, professional kadrlarni talab qiladi.

    Shu bois, rivojlangan xorijiy davlatlarning yetakchi universitetlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida, yirik transmilliy korporasiyalarda zamonaviy bilim va ilg‘or xorijiy tajribani egallab, yurtimiz ravnaqi yo‘lida kamarbasta bo‘ladigan yoshlarga ehtiyoj sezilmoqda. Shu kabi maqsadni ro‘yobga chiqarish uchun 2018 yili davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etildi. Uning oldiga yurtimiz iqtidorli yoshlari va davlat xizmatchilarining xorijdagi nufuzli o‘quv, ilmiy va boshqa muassasalarda ta’lim olishini tashkil etish hamda zamonaviy bilimga ega, kreativ fikrlaydigan yangi avlod kadrlarini shakllantirish, ularni davlat xizmatiga jalb etishga ko‘maklashish vazifasi qo‘yilgan.

    Taraqqiyot strategiyasining 50-maqsadida “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali erkin va ijodiy fikrlaydigan yoshlarni nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga yuborish ko‘lamini 2 barobar oshirish, bu jarayonda yoshlarning 50 foizini texnik, aniq fanlar va IT sohalarida o‘qitish vazifasi belgilangani ham jahon mehnat bozorida raqobatbardosh, salohiyatli kadrlarni yetishtirish yo‘lidagi muhim qadamdir.

    2018-2022 yillarda 1 ming 500 nafarga yaqin iqtidorli va istiqbolli yigit-qiz “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati degan yuksak maqomga ega bo‘ldi. Ularning 1 ming 50 nafarga yaqini jamg‘armaning to‘rtta ta’lim dasturi bo‘yicha AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi qirqqa yaqin rivojlangan davlatning 300 ga yaqin oliy ta’lim muassasasi, ilmiy markazlari va nufuzli kompaniyalarida bilim, ko‘nikma va malakasini oshirib qaytdi. Hozir ulardan 1 ming 20 nafari mamlakatimiz iqtisodiyotining turli sohalarida samarali ilmiy-pedagogik hamda amaliy faoliyat olib bormoqda.

    Biz har yili vazirlik va idoralarning jamg‘armaning bakalavriat, magistratura va doktorantura xorijda ta’lim olish dasturiga real ehtiyojini o‘rganamiz. Bu tahlildan ko‘rinadiki, vazirlik va idoralarning ilg‘or xorijiy tajribani egallagan mutaxassislarga ehtiyoji juda ham yuqori. Ya’ni bir yillik ehtiyoj o‘rtacha 3-4 ming atrofida ekanini ko‘ramiz.

    Davlatimiz rahbarining o‘tgan yil 11 fevraldagi “Davlat xizmatchilari va mutaxassislarni xorijda tayyorlash hamda ularning salohiyatini yanada oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga binoan, jamg‘armaning asosiy ta’lim dasturlari muayyan darajada o‘zgardi. Jumladan, ilk bor jamg‘armaning ta’lim dasturlari qatoriga bakalavriat qo‘shildi. Ayni paytda maktab, akademik lisey va kollejlarni yoki Prezident ta’lim muassasalarini tugatayotgan o‘g‘ilqizlar uchun jahonning rivojlangan mamlakatlaridagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish imkoniyati yaratildi.

    O‘tgan yili jamg‘armamiz uchta stipendiya tanlovini tashkil etdi. Uning natijalariga ko‘ra, eng munosib 371 nafar stipendiat saralab olindi. Bu jarayonda yurtimizdagi qator vazirlik va idoralar rahbarlari, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi ekspertlari, xorijlik mutaxassislar, xorijiy universitetlarning mamlakatimizdagi filiallari rahbarlari va professor-o‘qituvchilari qatnashdi.

    Chet elda o‘qitish aytishga oson. Ammo uning iqtisodiy-tashkiliy jihatlari ham borki, ularni hal etish keng qamrovli sa’y-harakat va salmoqli mablag‘ talab etadi. Birgina o‘tgan yili jamg‘arma tarixida faqat xorijda ta’lim olishni tashkil etish uchun 142 yarim milliard so‘m mablag‘ ajratildi. 2022 yilda bu ko‘rsatkich 170 milliard so‘mga oshirildi. Biz oxirgi ikki yilda to‘rt yuzga yaqin mutaxassisni dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari — AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Fransiya, Kanada davlatlariga yubordik. Birgina AQSHning o‘zida o‘tgan yili 100 ga yaqin mutaxassisimizning ta’lim olishi yo‘lga qo‘yildi. Britaniyada 70 ga, Italiyada 30 ga yaqin o‘zbekistonlik yigit-qizning bilim va tajribasini boyitishiga ko‘maklashildi. Jarayonning ketma-ketligi bugun yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlar bilan bog‘liq.

    Bu yil 30 iyun — Yoshlar kunida davlatimiz rahbari bilan bevosita muloqot qilish baxtiga muyassar bo‘ldik. Prezidentimizning biz bilan uchrashuvda “Sizlar islohotlarning boshida turishingiz kerak. Bu islohotlarga yangicha g‘oya olib kirishingiz, uni o‘zgartirish uchun mening yonimda turib, kamarbasta bo‘lib xizmat qilishingiz kerak”, degan tavsiyaviy ahamiyatga ega so‘zlari stipendiatlarni ruhlantirdi.

    2022 yil uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasi 480 o‘ringa mo‘ljallangan stipendiya tanlovini e’lon qildi. Bugungi kun holatiga ko‘ra, 262 nafar yiggit-qiz jamg‘arma stipendiati bo‘ldi. Jamg‘arma Vasiylik kengashining qaroriga muvofiq, joriy yil sentyabr oyida qolgan 218 o‘rin uchun navbatdagi 3-stipendiya tanlovini o‘tkazish rejalashtirilgan.

    Jamg‘arma tomonidan bu yil o‘tkazilgan ikkita stipendiya tanlovi natijalariga ko‘ra, 262 nafar talaba va davlat xizmatchisi “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati maqomiga sazovor bo‘lib, ularni xorijiy davlatlarning nufuzli ta’lim muassasalarida o‘qishga yuborish rejalashtirilgan. Shulardan 82 nafari xotin-qizlardir.

    Bugungi kun holatiga ko‘ra, 120 ga yaqin stipendiat bilan to‘rt tomonlama shartnoma imzolandi. Qolgan 130 dan ortiq stipendiat bilan avgust oyida shartnomalar tuzilib, joriy yil sentyabr oyining oxiriga qadar AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi o‘nga yaqin rivojlangan davlatning 80 dan ortiq universitetiga o‘qish uchun yu boriladi.

    Respublika vazirlik, idora va tashkilotlarining xorijda tayyorlangan kadrlarga, shuningdek, yurtimiz yoshlarining xorijda ta’lim olishga ehtiyoji yildan-yilga oshib bormoqda. Shu bois, 2022-2026 yillarda jamg‘arma ta’lim dasturlari bo‘yicha chetga elga o‘qish uchun yuboriladigan talaba va mutaxassislar soni yil sayin oshiriladi. Masalan, 2021 yildagi 350 nafardan 2026 yilda 700 nafarga yetkaziladi. Bu jarayonda yoshlarning 50 foizini texnik, aniq fanlar va IT sohalariga o‘qitish hamda jamg‘arma tanlovlarini o‘tkazishda o‘tgan yili orttirilgan tajribaga asosan, 2022 yildan boshlab stipendiya tanlovlarini yetakchi xorijiy davlatlarning ta’lim tizimi, qabul va o‘quv jarayoniga mos davrda o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

    Shuningdek, jamg‘arma bitiruvchilari bilan muntazam muloqotni davom ettirish, davlat boshqaruvida salmoqli yutuqlarga erishgan ijtimoiy faol stipendiatlar bilan muloqot va tajriba almashuv maydonini yaratish maqsadida xorijiy davlatlarda istiqomat qilayotgan qimmatli ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlar hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari ishtirokida II xalqaro forumni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz.

    Ushbu forumni o‘tkazishdan asosiy maqsad — “El-yurt umidi” jamg‘armasining xorijda ta’lim olayotgan stipendiatlari, chet eldagi vatandosh olimlar va ekspertlar bilan teleko‘prik tashkil etish, jamg‘arma bitiruvchilarining mehnat faoliyati samaradorligi hamda ularning kasbiy kamoloti real monitoringini yo‘lga qo‘yish. Shuningdek, iqtidorli va istiqbolli yoshlarning xorijda ta’lim olishi uchun davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikni targ‘ib etish, ularni jamg‘armaning stipendiya tanlovlarida faol ishtirok etishga ruhlantirish, stipendiatlar bilan davlatning muntazam muloqotda bo‘lishini ta’minlash, ularning taqdiriga befarq emasligini ko‘rsatishdan iborat.

    “El-yurt umidi” jamg‘armasi xorijda ta’lim olayotgan yoshlar bilan doimiy onlayn muloqotlar o‘tkazib kelmoqda. Bu uchrashuvlar stipendiatlarda vatanparvarlik tuyg‘usini oshirish, muammolarini o‘rganish va hal qilishga ko‘maklashish, shuningdek, kelgusi rejalari haqida bilish hamda ularni davlat xizmatiga jalb etish maqsadida tashkil qilinayotir. Muloqotda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va “El-yurt umidi” jamg‘armasi rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Belgiya, Latviya, AQSH, Kanada, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Malayziya, Rossiya, Belarus hamda Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalari vakillari ishtirok etmoqda.

    2021-2022-yillarda 20 dan ortiq nufuzli xorijiy universitet va tashkilotlar bilan hamkorlik yuzasidan ikki tomonlama memorandum hamda boshqa kelishuvlarga erishildi. Mazkur kelishuvlarga asosan, stipendiatlarning o‘qish xarajatlaridan 20 foizdan 40 foizgacha chegirma olinib, davlat byudjetidan sarflanadigan mablag‘ iqtisod qilinmoqda.

    Yurtimizdagi iqtidorli yosh mutaxassislarni izlab topish va tanlashga qaratilgan faoliyatni takomillashtirish, ularning xorijdagi nufuzli universitet va ilmiy muassasalarda, innovasion va boshqa kompaniyalarda ta’lim olishini tashkil etish uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasi yoshlarimizga yangi imkoniyatlar yaratishda davom etadi.

    Javohir AHMEDOV,

    “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori o‘rinbosari v.b.