Taʼkidlash joiz, Respublika bank tizimini isloh qilish Strategiyasiga asosan “Agrobank” ATB faoliyatini kichik va oʻrta biznesni, qishloq xoʻjaligidagi ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan kredit orqali qoʻllab-quvvatlash, hududlarda jismoniy shaxslarga xizmat koʻrsatish va kichik tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirish belgilangan. Muassasa mana shu maqsadlarga erishish uchun qator yangi dasturlarni amalga oshirmoqda.

Bugungi kunda bank ekotizimi tarkibida quyidagi yoʻnalishlar mavjud:

Chakana.uz onlayn savdo maydonida smartfonlar, kompyuterlar, ofis va maishiy texnikaning keng assortimenti taklif etiladi. Bu yerda mijozlar kreditni bir necha daqiqada rasmiylashtirishi mumkin.

“Fermerlar maktabi” – chorvachilik va parrandachilik, sabzavotchilik, bogʻdorchilik, moliya va huquqiy savodxonlik yoʻnalishlari boʻyicha nazariy va amaliy bilimlarni beruvchi oʻquv loyihasi boʻlib, ilk fermerlar maktabini 150 nafar yosh tamomladi.

“Agrobooks” – qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida faoliyat yuritayotgan fermer va tadbirkorlar uchun moʻljallangan uslubiy qoʻllanmalar jamlanmasi boʻlib, Agrobank veb-saytida ham joylashtirilgan.

“Smart-ofis” orqali esa mijozlar avtomatlashtirilgan tarzda oʻz–oʻziga xizmat koʻrsatadi.

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va xizmatlarini sotib olish hamda sotish platformasi — “AgroZamin” ham barcha uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Elektron dasturga fermerlar oʻz mahsulotlarini joylashtirib, hamkorlar, yetkazib beruvchilar va xaridorlarni topadi.

Shuningdek, Yuridik shaxslar uchun lizing xizmatlarini — “Agro Finance Leasing”, qimmatli qogʻozlar bozorida barcha turdagi xizmatlarni taqdim etadigan — “Leader Finance” brokerlik kompaniyasi va “AgroLab” – oʻsimliklarni himoya qilish biolaboratoriyasi ham samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

— Soʻnggi yillarda bankimiz kapitali 12 barobarga oʻsib, resurslarni jalb qilish, kreditlash imkoniyatlari kengaydi, — deydi Agrobankning boshqaruv raisi Rustam Mamatqulov. — Davlatimiz tomonidan yuritilayotgan ochiqlik siyosati, iqtisodiyotga berilayotgan erkinlik, qolaversa, raqobatning kuchayishi banklarda transformatsiya jarayonini tezlashtirmoqda. Koʻpchilik Agrobankni qishloq xoʻjaligini moliyalashtiradigan bank deb oʻylaydi. Endi yangi strategiyaga asosan biznes yoʻnalishida ham zamonaviy faoliyat olib boramiz. Bu uchun yangi ekotizm va dasturlarni ishlab chiqdik.

Feruza Joʻrayeva.