Afsuski, baʼzida bu masʼuliyatning naqadar ulkanligini unutib qoʻyamiz yoxud unga yengil-yelpi yondashamiz.
Frensis Eliza Byornettning “Sirli bogʻ” asaridagi Kolin obrazi bunga yorqin misol boʻla oladi. Bolalikdan “kasal”, “bukri boʻlasan” degan gaplar bilan ruhiyati zaharlangan Kolin oʻzini yolgʻizlikka mahkum etib, toʻshakka mixlanib qoladi. Atrofidagilar, hatto otasi va shifokorlarning munosabati uni shu ahvolga soladi. Bu Kolinning taqdiri emas, balki atrofdagilarning notoʻgʻri yondashuvining achchiq mevasi edi. Qissada Kolinning ruhiyatidagi ijobiy oʻzgarishlar aynan mehr, ishonch va tabiat bilan muloqot orqali shakllanadi. Asarda qahramon misolida bolalar tarbiyasidagi muhim omillar — mehr-muhabbat, ularga ishonch, orzu-havaslariga eʼtibor va shaxsiyatiga hurmat naqadar muhimligi oydinlashadi.
Ehtiyot boʻling: ijtimoiy tarmoqdagi “yordam”ning ikkinchi tomoni
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda bolalarning ogʻir ahvolini koʻrsatib, yordam soʻrash holatlari koʻpaymoqda. Videolavhalarda onalar va bemor bolalarning gʻamgin, chorasiz holati tasvirlanib, hatto bolalar yigʻlayotgani, ularga ukol qilinayotgani koʻrsatiladi. Bunday videolarni tayyorlashda blogerlar ishtirok etishi, vahimali ovoz ohangi bilan vaziyatni yanada ogʻirlashtirib koʻrsatishga urinishi, afsuski, oddiy holga aylanib bormoqda.
Lekin bir oʻylab koʻraylik, bunday videolar bola ruhiyatiga qanday taʼsir qiladi? Kasallikdan azob chekayotgan bolaning yaqinida turib, unga achinish bilan qarash, yigʻi-sigʻi qilish ularni qoʻrqitmaydimi? Holatini yengillashtirish oʻrniga yanada ogʻirlashtirmaydimi? Yoshini anglay boshlagan oʻsmir bemorlarning bunday videolarga tushirilishi ularning tengdoshlari orasida xijolatga qolishiga, oʻksinishiga, oqibatda ahvoli yomonlashishiga olib kelishi mumkin.
Qadriyatlarimizda bemorning sogʻayib ketishiga yordam berish, avvalo, uni yoʻqlash, shifo topishiga ishontiruvchi soʻzlar bilan koʻnglini koʻtarishdan boshlanadi. Bemor bolalarga doim sogʻlom odamdek munosabatda boʻlish, xijolatga qoʻymaslik, oʻksitmaslik lozim. Har qanday bemorga tinchlik, xotirjamlik, moʻtadil muhit kerak. Atrofidagi qarovchilarning kayfiyati, soʻzlari, yuz ifodalari haqiqiy hamshiralik maqomida boʻlsa, betob odam ulardan kuch-quvvat oladi, sogʻayishiga ishonchi ortadi.
Bola huquqlari poymol boʻlmasin
Yana bir muhim jihat: qonunchiligimizda har bir insonni (muayyan vaziyatlar istisno) oʻz ixtiyori va ruxsatisiz videotasvirga olib, koʻpchilik eʼtiboriga havola etish taqiqlanadi. Kichikligi, oʻzini himoya qila olmasligidan foydalanib, bolalarning suratlari, videotasvirlari ming-minglab odamlarga havola etilishi bola huquqlarining poymol qilinishi emasmi?
Shu oʻrinda yoʻllarda, metroga kirish joylarida bolalari bilan tilanib oʻtirganlarga ham toʻxtalib oʻtish joiz. Yozning issigʻida, qishning sovugʻida, hatto tunlari ham bolalarini qiynab, odamlar rahmini keltirishni kasb qilib olganlar oz emas. Baʼzilar bolalariga uxlatuvchi dorilar berib, ularni koʻtarib yurishi haqidagi xabarlar insonni dahshatga soladi. Bu holatlar BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1989-yil 20-noyabrda qabul qilingan, Oʻzbekiston Respublikasi 1992-yil 9-dekabrda qoʻshilgan Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya talablariga ziddir.
Bolalarni kamsitmaslik — konvensiyaning muhim tamoyillaridan biri. Qaysi bola sovuqda emas, issiqda oʻtirishni, kechasi onasi qoʻlida qiynalib yurmay, oʻz oʻrnida uxlashni xohlamaydi?! Bola dunyosini bola nigohi, imkoniyatlari, jismoniy oʻziga xosliklaridan kelib chiqib kuzatmoq, baholamoq kerak. Shundagina uning huquqlari himoya qilingan boʻladi.
Bir safar uch qizi bilan tilanchilik qilayotgan, ichki ishlar xodimi bilan janjallashayotgan ayolga duch kelganman. Ayolning qizlarini boqish uchun tilanchilik qilishga majburligini aytib baqirishi, hech kimning gapiga quloq solmasligi, oʻzining va qizlarining shaʼniga yaxshi boʻlmagan bu holatni oddiy qabul qilishi achinarli hol. Bunday vaziyatda qizlarning ruhiyatiga boqimandalik kayfiyati oʻrnashib qolmasmikan? Ularning oʻziga hurmati, jamiyatga ishonchi yemirilib bormaydimi? Respublika miqyosida bolalarning haq-huquqlarini himoya qilishga rasman masʼul idoralar bunday holatlarga eʼtibor qaratsa, ayni muddao boʻlardi.
Kelajakka daʼvat
Bugun jamiyatimiz oldida turgan bu kabi muammolar jiddiy eʼtibor va qatʼiy chora-tadbirlarni talab qiladi. Dunyoda turli poʻrtanalar xalqlar, yurtlar taqdiriga tahdid solib turgan bir paytda vatanimiz tinchligi, osoyishtaligi, dasturxonlarimiz toʻkinligi, barqaror rivojlanish samaralariga shukrona sifatida jamiyatimizdagi oʻzimizga bogʻliq muammolarni hal etish uchun har doimgidan koʻra koʻproq birlashmogʻimiz, yanada yakdil va hamqadam boʻlishimiz shart.
Otalik va onalik masʼuliyatining alifbosi bolalarni jismonan va maʼnan qoʻllab-quvvatlash, qalbiga hayotsevarlik, olam va odamlarga muhabbat nurini singdirish, noumid boʻlishiga sira yoʻl qoʻymaslik, izlangan va harakat qilgan insonga har qanday qiyinchiliklarni yengish yoʻllari topilishiga ishonchni singdirishdan boshlanadi. Olam goʻzalligiyu tabiat inʼomlaridan zavqlanib, doim harakatda va atrofdagilar bilan muloqotda yashashiga sharoit yaratish jigarbandlarimizning izlanuvchan, mehnatsevar, oʻziga talabchan, jamiyatda faol insonlar boʻlib ulgʻayishi uchun mustahkam poydevor boʻladi. Bu, hech shubhasiz, kelajak avlodning sogʻlom va baxtli boʻlishiga zamin yaratadi.
Muhtarama ULUGʻOVA,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi