Seminar-treningda O'zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti professori Dadaxon Yoqubovning “Milliy va xalqaro fotojurnalistika rivoji”, O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti katta o'qituvchisi Husniddin Atoning “Internet jurnalistikasida fotomateriallarning o'rni” mavzusidagi ma'ruzalari tinglandi.
Shuningdek, muloqot jarayonida “Ishonch” va “Ишонч-Доверие” gazetalari bosh muharriri, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent shahar bo'limi raisi Husan Ermatov, O'zA fotomuxbiri Alimurod Mamadaminov, fotojurnalist Sultonboy Dehqonov va boshqalar so'zga chiqib, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi qoshida Fotojurnalistlar kengashini tashkil etish, Toshkent fotosuratlar uyida taniqli fotojurnalistlarning ko'rgazmasini o'tkazish, OAV tahririyatlarida tajribali fotojurnalistlar bilan ijodiy uchrashuvlar uyushtirish, har yili fotojurnalistlarning eng sara fotosuratlari jamlangan kitob-albom chop etish yuzasidan takliflar bildirishdi.
Ta'kidlash joizki, keyingi yetti yilda mamlakatimizdagi ommaviy axborot vositalari soni 1514 tadan 2140 taga ko'paygani, ulardan 65 foizi xususiy sektor hissasiga to'g'ri kelishi, internet nashrlari soni 395 tadan 745 taga oshgani ham professional fotojurnalistlarga, ularning ijodiy ishlariga ehtiyoj ortib borayotganini anglatadi.
Tadbir yakunida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zoligiga qabul qilingan bir guruh jurnalistlarga a'zolik guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi.