Zamonaviy kadrlar tayyorlash yoʻlida sobitqadamlik

    Ta'lim 1 Iyun 2023 1762

    Andijon davlat chet tillar instituti bir yoshda

    Keyingi yillarda oliy taʼlim tizimiga tatbiq etilayotgan islohotlar samarasini bugun yurtimizda koʻplab xorijiy hamda xususiy oliy taʼlim muassasalari faoliyat yuritayotgani va sohada sof raqobat muhiti shakllanayotgani misolida ham koʻrib turibmiz. Quvonarlisi, chet tillarini oʻqitish va shu orqali malakali tarjimonlar va turizm sohasi xodimlarini tayyorlaydigan oʻquv yurtlari soni ham ancha koʻpaydi.

    Davlatimiz rahbarining “Andijon davlat chet tillari institutini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 2022-yil 31-maydagi qarori bilan Andijon davlat universiteti chet tillar fakulteti negizida tashkil etilgan mazkur oliy oʻquv yurti bugun bir yoshga toʻldi.

    Aslida, institut 60 yillik tarixga ega. 1963-yil 1-sentyabrda Andijon pedagogika instituti tarix-filologiya fakulteti tarkibida ingliz va nemis tillari boʻyicha pedagog mutaxassislar tayyorlash boʻlimi ochilgan. 1966-yilda esa Andijon davlat tillar pedagogika instituti faoliyat boshlagan edi.

    Albatta, bir yil tarix uchun juda qisqa muddat. Shunday boʻlsa-da, oʻtgan qisqa vaqtda institut eʼtirofga arzigulik yutuq va marralarga erishdi, deb ayta olamiz.

    Prezidentimiz qarori ijrosini taʼminlash maqsadida institutda har bir yoʻnalishda rejalar tuzilib, amalga oshirishga kirishildi. Oʻtgan 2022–2023 oʻquv yili uchun qabul jarayonlariga yuqori darajada tayyorgarlik koʻrilib, jami 740 nafar, shundan, 54 nafari 3 ta magistratura mutaxassisliklariga, 686 nafari esa 7 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga qabul qilindi.

    Andijon davlat chet tillari instituti rahbariyati va professor-oʻqituvchilari yuqori malakali kadrlar va bir necha xorijiy tillarda soʻzlasha oladigan filologlar, til mutaxassislari, tarjimonlar tayyorlashga katta masʼuliyat bilan kirishgan. Shuningdek, xalqaro eʼtirof etilgan reyting tashkilotlarining yuqori 1000 taligidan oʻrin egallagan xorijiy oliy taʼlim muassasasi dasturlari asosida oʻz taʼlim dasturlarini shakllantirish, yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan mustaqil ravishda qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy loyihalarni joriy etish vazifalari aniq belgilab berilgan.

    Bugungi zamonaviy taʼlim va turizmning jadal rivojlanishi har tomonlama professional tarjimon va xorijiy tillarni sifatli oʻrgata oladigan pedagog kadrlarni tayyorlashni taqozo etmoqda. Shu maʼnoda, muassasada faoliyat olib borayotgan 3 ta fakulʼtet, 10 kafedra va 13 ta boʻlimda oʻz ishining mutaxassisi boʻlgan, zamonaviy fikrlay oladigan kadrlar ishlab kelmoqda.

    Institut tashkil topgan kundan boshlab 2022–2023 oʻquv yiliga tayyorgarlik koʻrish, ilgʻor xorijiy tajriba va kadrlar buyurtmachilari talablari oʻrganildi va oʻquv dasturlarini shakllantirishda Oksford va Kembrij dasturlari namuna sifatida tanlab olindi. Barcha mutaxassislik fanlarini tegishli xorijiy tillarda oʻqitish yoʻlga qoʻyildi.

    Davlatimiz rahbarining 2021-yil 19-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, institutning ingliz, nemis, fransuz tillari boʻyicha mutaxassislik kafedralari professor-oʻqituvchilarining S1 darajadagi milliy va xalqaro til bilish sertifikatiga egalik koʻrsatkichi 100 foizni tashkil etdi.

    Xorijiy hamkorlar — oliygoh yuzi

    Bugun barcha sohalar qatori oliy taʼlimda ham xalqaro hamkorliksiz taraqqiy etib boʻlmasligi ayon boʻlib qoldi. Shu maʼnoda, oliygohimiz Singapurning Amiti xalqaro universiteti, Buyuk Britaniyaning Kembrij hamda Portcmut universitetlari, AQSHning Ogayo universiteti hamda Norvich instituti, Koreyaning Cheju Hala hamda King Sejong universitetlari, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Moskva davlat lingvistika universiteti, A.S.Pushkin nomidagi Rus tili davlat instituti, Oʻsh davlat universiteti, Turkiyaning Kanfas, Gazi va Hoji Bayram universitetlari hamda Hindistonning Milliy turizm va mehmondoʻstlik menejmenti institutlari bilan hamkorlik yoʻlidan boryapti. Shuningdek, Buyuk Britaniya hamda AQSH konsulliklari, Fransiya Ittifoqi, ETC xalqaro tashkiloti, AQSH va Germaniya elchixonari bilan ham hamkorlik aloqalarimizni tobora mustahkamlash yoʻlidamiz.

    Bu boradagi harakatlarimiz natijasi oʻlaroq, 5 ta xorijiy oliy va ilmiy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyati yuksak, katta tajribaga ega boʻlgan besh nafar olim va mutaxassislarini institutimiz ilm-fan va taʼlim jarayoniga jalb etishga erishdik. Ayni paytda xorijlik 3 nafar professor-oʻqituvchi va mutaxassis talabalarimizga taʼlimning masofaviy shaklida 3 ta mutaxassislik fanlaridan mahorat darslari, videoseminar va vebinar oʻquv mashgʻulotlari olib bormoqda. Kelajakda xorijiy mutaxassisliklar sonini 9 taga yetkazish va qoʻshimcha 6 ta OTM bilan mazkur yoʻnalishdagi ishlarni davom ettirishni reja qilganmiz.

    Ilmiy salohiyat yuksak boʻlsa...

    2022–2023 oʻquv yilida institutning bakalavriat hamda magistratura yoʻnalishlari uchun 7 ta darslik va 21 ta oʻquv qoʻllanma yaratish boʻyicha mualliflar guruhi shakllantirildi. Oʻquv adabiyotlarini yaratish reja-grafigi ishlab chiqilib, joriy yilning 1 choragida institut kengashida 36 ta adabiyot, 5 ta darslik, 28 ta oʻquv qoʻllanma, 2 ta uslubiy qoʻllanma va 3 ta lugʻat muhokamadan oʻtkazilib, nashrga tavsiya qilindi.

    Bugun professor-oʻqituvchilarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha bilimini yuksaltirish, kasbiy mahoratini oshirib borish hamda axborot-resurs tizimidan erkin foydalanish imkoniyatini kengaytirish ham zaruratga aylandi. Shu maqsadda joriy yilning fevral-mart oylarida AKT boʻyicha qisqa muddatli intensiv kurslar tashkil etdik. Ularda oʻquv jarayonini loyihalash, raqamlashtirish hamda ilgʻor pedagogik texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha mahorat darslari olib borildi.

    Taʼlim muassasasining nufuzi, tizimda tutajak oʻrni albatta, pedagog xodimlarning ilmiy salohiyatiga bogʻliq. 189 nafar professor-oʻqituvchilarimizning 5 nafari fan doktori, 48 nafari fan nomzodi va falsafa doktori. Ilmiy darajaga ega pedagoglar sonini oshirish, ilm-fan va taʼlim oʻrtasida integratsiyani mustahkamlash borasida tadqiqot ishlari olib borish va oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni samarali tashkil etish maqsadida ochilgan 4 ta ixtisoslik boʻyicha doktorantura, tayanch doktorantura va stajyor-tadqiqotchilik institutlarimizda shu yildan boshlab jami 14 nafar doktorant va stajyor-tadqiqotchi tahsil olyapti. Tadqiqotchilar va doktorantlarga dissertatsiya himoyalarini oʻtkazishda qulayliklar yaratish maqsadida 3 ta ixtisoslik boʻyicha ilmiy daraja beruvchi ixtisoslashgan Ilmiy kengashni ochishga erishdik. Shu bilan birga, institutda professor-oʻqituvchilar, doktorantlar va talabalar uchun “Fan, taʼlim, jamiyat” ilmiy jurnali davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, faoliyat boshladi. Bu ham albatta oʻqituvchilarimiz, talabalarimizni ilmiy jihatdan yuksaltirishga xizmat qiladi.

    Shuningdek, professor-oʻqituvchilarning ilm-fan va ilmiy-tadqiqot faoliyatini tizimli boshqarish, ularga shart-sharoit yaratish hamda “Ustoz-shogird” tizimi asosida iqtidorli talabalarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga yoʻnaltirish maqsadida 2022–2023 oʻquv yili uchun ilmiy, oʻquv, ilmiy-uslubiy, ilmiy ishlanmalar va innovatsion loyihalarga oid jami 636 ta reyting prognozlari ishlab chiqilgan. Uning asosida professor-oʻqituvchilar tomonidan 10 ta darslik, 41 ta oʻquv qoʻllanma, 3 ta lugʻat, 32 ta monografiya, 20 ta mualliflik guvohnomasi, 195 ta ilmiy maqola, 225 ta konferensiya tezislari nashr qilindi.

    Iqtidorli talabalarni qoʻllab-quvvatlashning amaldagi koʻrinishi sifatida ular muallifligidagi 4 ta uslubiy qoʻllanma nashr etildi. 43 ta xalqaro va 33 ta respublika ilmiy jurnallari va konferensiya toʻplamlarida talaba yoshlarimizning mualliflik maqolalari eʼlon qilindi.

    Qisqa fursat ichida iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi boʻyicha 21 nafar yoshlar nomdor stipendiyalarga loyiq koʻrildi. Jumladan, 3 nafari “Navoiy” stipendianti, 2 nafari “Kelajak bunyodkori” medali sovrindori, 1 nafari “Yil talabasi” stipendianti, 1 nafari “Mirzo Ulugʻbek vorislari” Respublika koʻrik-tanlovi gʻolibi va 2 nafari tanlovning hududiy bosqich gʻoliblari, 3 nafari rektor stipendianti boʻlsa, 2 nafari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi “Yoshlar akademiyasi” aʼzoligiga qabul qilingan.

    Barcha imkoniyatlar ertamiz egalariga

    Oliygohda tahsil olayotgan har bir talabaning qiziqishi va qobiliyatiga individul yondashish faoliyatimizning eng muhim mezoniga aylanyapti. Zero, bugungi shiddatli taraqqiyotning oʻzi ham shunga majbur etadi. Shaxsdagi qobiliyatni toʻgʻri yoʻnaltirish va undan unumli foydalanish bilan yaxshi natijalarga erishiladi, albatta. Institutning Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi tomonidan talabalarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, ularni qoʻshimcha foydali faoliyat turlariga, kasb-hunarga yoʻnaltirish, sogʻlomlashtirish, bilim olishga ragʻbat uygʻotish maqsadida 400 dan ortiq tadbir, aksiya va tanlovlar tashkil etildi. Xususan, sport tadbirlari, intellektual bellashuvlar, insholar tanlovlari, koʻngilochar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar koʻtarinki ruhda tashkil etildi.

    Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni talabalar oʻrtasida keng ommalashtirish maqsadida “Besh muhim tashabbus markazi” tashkil etildi. Ushbu dargoh zamonaviy jihozlanib, besh muhim tashabbus gʻoyalarini targʻib etuvchi surat va bannerlar bilan bezatildi. Markaz uchun zarur boʻlgan barcha moddiy texnika olib kelindi. Markaz ixtiyoriga sport zali, kutubxona, book-kafe, ochiq sport maydoni va konferensiyalar zali topshirildi. Talabalar bu yerdagi imkoniyatlardan unumli foydalanishi uchun alohida shtat joriy etilib, markaz rahbari tayinlandi. Iqtidorli yoshlardan “Ibrat” teatr studiyasi, “Quvnoqlar va zukkolar” jamoasi tashkil qilindi. Jamoalar viloyat va respublika miqyosida oʻtkazilgan tanlovlarda munosib ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni egallab kelmoqda.

    Bir yil davomida erishgan yutuqlarimiz oʻzimizniki ekani barobarida, istiqboldagi rejalar va ularni amalga oshirish chora-tadbirlarini ham ishlab ishlab chiqdik. Zero, mamlakatimizda oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida barcha oliy taʼlim muassasalarini xalqaro eʼtirof etilgan reyting tashkilotlari roʻyxatiga kiritish boʻyicha vazifalar belgilab qoʻyilgan. Ularni masʼuliyat bilan bajarish uchun imkonimiz ham, salohiyatimiz yetarli. Muassasamizning hududiy yoki fan doirasidagi reytinglarda oʻz oʻrnini mustahkamlab borayotgani fikrimiz isbotidir.

    2023–2027-yillarda institutni kompleks rivojlantirish boʻyicha ishlab chiqilgan yoʻl xaritasiga koʻra, birinchi navbatda, institut oʻquv dasturlarini xalqaro tan olingan tashkilotlarning tashqi akkreditatsiyasidan oʻtkazish vazifasi belgilangan. Shuningdek, pedagog xodimlarimiz ilmiy-uslubiy va oʻquv adabiyotlar nashrlarining samaradorligi oshirilishi ortidan xorijiy fond, davlat grantlari va tijoratlashtirish mablagʻlarini oʻzlashtirish ishlari ham olib borilyapti. Milliy va xalqaro sertifikatga ega talabalar sonining oshib borishi natijasida prognozlarimiz 2027-yil natijalariga koʻra, 950–970 nafarni tashkil etishini koʻrsatmoqda. Professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyati izchil ravishda oshirilib, 2024-yilda 30 foizga, 2027-yilda esa 45 foizga koʻtariladi. Himoya qilinadigan fan doktori dissertatsiyalari (DSc) soni 2023-yilda – 3 ta, 2024-yilda – 5 ta, 2025-yilda – 7 ta, 2026-yilda – 9 ta va 2027-yilda – 11 taga yetkaziladi. Falsafa doktori dissertatsiyalari (PhD) soni esa 2023-yilda – 10 ta, 2024-yilda – 15, 2025-yilda – 20, 2026-yilda – 25 va 2027-yilda 30 taga oshishi koʻzda tutilyapti.

    Aytish joizki, institutda ilmiy-tadqiqot faoliyati va natijalarini amaliyotga tatbiq etish asosida mablagʻlarni oʻzlashtirish yoʻnalishida ham aniq vazifalar va ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilab olingan. Xususan, xorijiy fond mablagʻlari summasi joriy yildagi 100 million soʻmdan 2027-yilda 1,2 milliard soʻmga yetkaziladi. Davlat grantlari mablagʻlari summasi ham 2023-yilda 100 million soʻm boʻlgani holda 2027-yilda 700 millionga, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishdan tushadigan mablagʻlar esa 300 million soʻmga yetkaziladi.

    Institut professor-oʻqituvchilarining ilmiy-uslubiy nashrlari samaradorligi va natijadorligini oshirish boʻyicha ham shaxsiy ilmiy reyting prognozlari ishlab chiqilgan. Bu belgilangan natija – monografiya nashri soni 2027-yilda – 11 taga; Scopus, Web of Science bazalariga kiritilgan nufuzli jurnallardagi maqolalar soni 100 taga; respublika ilmiy jurnallarida 50 taga; iqtiboslilik darajasini esa (har bir maqola uchun) 2,5 taga yetkazishga zamin yaratadi.

    Davlatimiz rahbari tomonidan bizga berilgan ishonch va keng imkoniyatlardan samarali foydalanib, oldimizda turgan ulkan marralarni zabt etishda institut jamoasi bir oila boʻlib harakat qilmoqda. Koʻp yillik tajribaga ega pedagoglar yoshlarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatib, koʻplab xayrli ishlarga bosh-qosh boʻlishyapti. Jamoani kreativ fikrlaydigan, yangilikka intiluvchan, tashabbuskor yosh kadrlar bilan boyitib borar ekanmiz, albatta, koʻzlagan maqsad va marralarimizga erishamiz.

    Dilshod RUSTAMOV,

    Andijon davlat chet tillari instituti rektori,

    filologiya fanlari doktori