Shuningdek, bu holat katta ehtimol bilan virusga qarshi kurash hali uzoq davom etishini koʻrsatmoqda.
Shu sababli xotirjamlikka berilishga sira asos yoʻq. Buni esa Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasidagi bugungi holat ham yaqqol tasdiqlaydi.
— Shifoxona 2000 oʻringa moʻljallangan boʻlib, ayni paytda bu yerda koronavirusga gumon qilingan, PZR test tasdiqlangan va pnevmoniyaga chalingan 737 nafar bemor davolanmoqda, — deydi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov. — Soʻnggi 10 kun ichida muassasaga oʻrta hisobda har kuni 85 nafar bemor qabul qilinib, kuniga ularning oʻrtacha 63 nafari sogʻaymoqda.
Taʼkidlanishicha, ayni paytda shifoxonaga murojaat qilayotganlarni turli yosh toifasidagi insonlar tashkil etmoqda. Qolaversa, muassasaning jonlantirish boʻlimida muolaja olayotgan ogʻir va oʻta ogʻir ahvoldagi bemorlar orasida bolalar, yoshlar va katta yoshdagi insonlar ham bor. Afsuski, ularning koʻpchiligi koronavirusga qarshi emlanmagan.
Poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanida yashovchi 68 yoshli B.N. ana shunday bemorlardan. Oʻz vaqtida vaksina olmagani sababli joriy yil 24-noyabrda koronavirus kasalligining ogʻir kechishi bilan ushbu shifoxonaga olib kelingan. Yondosh xastaliklari boʻlgani bois keyinchalik reanimatsiya boʻlimiga oʻtkazilgan.
— Shu kungacha kasalxonamizda davolangan bemorlar orasida vaksina olgan 531 nafar bemorning 509 nafarida (96 foiz) kasallik yengil va oʻrta ogʻir darajada kechgan, — deydi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori oʻrinbosari Hilola Alimova. — Qolgan 22 nafarida kasallik nisbatan ogʻir oʻtgan. Bunga esa ularning aksariyati katta yoshli ekani, shu bilan birga, yurak yetishmovchiligi, gipertoniya, qandli diabet kabi yondosh kasalliklari borligi sababdir.
Taʼkidlash joizki, emlangandan soʻng shakllangan immunitet kasallikni oʻtkazgandan keyingi himoyadan yaxshiroq. Sababi emlashda neytrallovchi antitanachalarning miqdori kasallik oʻtkazgandan keyin shakllanadigan antitanachalar miqdoridan ancha yuqori boʻladi.
Qolaversa, vaksina olmagan insonlarda xastalikning ogʻir kechishi va oʻlim holati kuzatilishidan tashqari, uzoq muddatli nafas olish, yurak qon-tomir tizimi hamda bosh miyaning shikastlanishi davom etishi mumkin. Shu sababli shifokor sifatida yurtdoshlarimizga kasallikka qarshi vaksina olishni tavsiya qilaman.
Eslatib oʻtamiz, ayni kungacha mamlakatimizda jami 34 660 874 doza vaksinadan foydalanildi. Ulardan:
1-bosqich emlanganlar 17 849 571 nafarni,
2-bosqichda emlanganlar 11 111 655 nafarni,
3-bosqichda emlanganlar 5 699 648 nafarni tashkil qilmoqda.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.