Atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida oʻtkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida poytaxt viloyatining Zangiota tumanida joylashgan, plastik va sellofan mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxona faoliyati oʻrganildi.

Tekshiruv chogʻida aniqlanishicha, ushbu obyektda chiqindilarni belgilangan texnologiyalar asosida qayta ishlash oʻrniga, ular toʻgʻridan-toʻgʻri yoqib yuborilgan. Bundan tashqari, korxona hududidagi temirchilik ustaxonasida ham turli chiqindilar muntazam ravishda yoqib kelingan.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, plastik va boshqa chiqindilarning ochiq havoda yoqilishi natijasida atmosferaga inson salomatligi uchun oʻta xavfli boʻlgan kanserogen moddalar va zaharli tutun tarqalgan. Bu esa atrofdagi aholi salomatligiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

“Davlat aholi sogʻligʻi va xavfsizligini ustuvor deb bilmoqda. Havoni ifloslantiruvchi va maʼlum bir guruhga foyda keltiruvchi hech bir obyekt jamiyat manfaatlaridan ustun boʻla olmaydi”, — deyiladi xabarda.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy chora koʻrish ishlari boshlangan.