Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining taʼkidlashicha, mazkur holat yuzasidan amaliy yordam soʻrab Transport vazirligiga murojaat qilindi.
Natijada 2-son Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yangi shahar jamoat transporti yoʻnalishini tashkil etish yuzasidan Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi va Toshkent viloyati transport boshqarmasi mutasaddi xodimlari tomonidan atroflicha oʻrganish ishlari olib borildi.
Oʻrganish natijasiga koʻra, shifoxonadan 5-metro bekatigacha boʻlgan masofa 6,9 km.ni tashkil etayotgani, shifoxonaga kelib-ketayotgan ishchi-xodimlarga noqulayliklar yuzaga kelayotgani sababli yangi avtobus yoʻnalishini tashkil etish maqsadga muvofiqligi maʼlum boʻldi.
Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi bergan maʼlumotiga koʻra, hozirgi kunda metro bekatidan Zangiotadagi klinikaga qadar 154-sonli yoʻnalish ishlab chiqilib, tenderga qoʻyilgan. Yoʻnalish tender oʻtkazilgandan soʻng 21-martgacha ishga tushiriladi.