Bu yoʻl — yuksak sanʼatning fidoyisi boʻlgan inson — Buxoro hunarmandi, Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi, II darajali mehnat faxriysi Aslon Ramazonov tomonidan kashf etilgan. Suhbatimiz usta rassomning shaxsiy uy-muzeyi va ustaxonasida boʻlib oʻtdi.
Devorlardagi portretlar, zar iplarda aks etgan chehralar va usta ogʻzidan toʻkilgan soʻzlar qalbimizda sanʼatning yangi mazmunini ochdi.
— Ota duosida gap koʻp ekan. Buxoroning Gʻijduvon tumanida, Labiroʻd qishlogʻida tugʻilganman, — deydi usta Ramazonov. — Otam mendagi qobiliyatni erta payqab: “Senda Alloh bergan iqtidorni koʻryapman, bor, bolam, men senga oq yoʻl va duo qilishdan ortigʻini berolmayman”, dedilar. Ana shu duo umr yoʻllarimni yoritib turibdi.
1973-yil, 20 yoshimda harbiy xizmatdan qaytgach, Buxoro pillakashlik fabrikasiga oddiy ishchi sifatida ishga kirdim. Keyinchalik mazkur fabrikada rassom-bezatuvchi sifatida faoliyat yuritdim. Dastlab shiorlar yozilgan panolar, plakatlar, katta bayram tadbirlari uchun tassviriy bezaklar yaratar edim. Intilishim va qiziqishim meni koʻproq bilim olishga undadi.
Orzularim meni Moskvadagi oliy sanʼat taʼlimi muassasasiga olib bordi. U yerda men falsafa va shakl, rang va nur, hayot va insonga munosabat kabi tushunchalar asosida oʻz uslubimni shakllantira boshladim. Qaytib kelgach, inson chehrasini oʻzgacha talqinda aks ettirishni maqsad qildim.
— Bir kuni amaliy va tasviriy sanʼatni uygʻunlashtirish gʻoyasi tugʻildi, — deb xotirlaydi usta. — Zardoʻzlik, ipak va qorakoʻl terisini portretlarda qoʻllab, inson chehrasida uning ichki dunyosini yangicha talqinda koʻrsatish mumkinligini his qildim. Yillar davomida koʻp izlanishlar olib borish natijasida ushbu yangi uslubga muvaffaq boʻldim.
Shundan beri 50-yildan ortiq vaqt mobaynida usta Ramazonov ana shu uslub asosida ijod qilib kelmoqda. U har bir portret oldidan katta tayyorgarlik koʻradi — personaj haqida maʼlumot toʻplaydi, ijtimoiy va psixologik jihatlarini oʻrganadi. Agar portret muayyan makon yoki jarayonga bogʻliq boʻlsa, u holda koʻp oʻqiydi, tahlil qiladi.
— Men portretni chizishdan avval qahramonim bilan zimdan muloqot qilaman. Obrazga mehr qoʻyib, soʻng igna va zar ipni qoʻlimga olaman. Har safar yangi ishga qoʻl urar ekanman, otamning duolari va onamning nuroniy siymosi koʻz oldimdan ketmaydi.
Aslon Ramazonov Alisher Navoiy va Abu Ali Ibn Sino portretlarini uch xil talqinda yaratishga muvaffaq boʻlgan.
Bugun usta yaratgan asarlar nafaqat Oʻzbekistonda, balki AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Koreya, Germaniya, Xitoy kabi mamlakatlardagi muzey va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanmoqda. Uning ijodi Prezident devonining buyurtmalariga asosan dunyoga mashhur shaxslar portretlarini ham qamrab olgan. Ular orasida turli davlatlar prezidentlari, diplomatik korpus vakillari, siyosatchilar, kino va sanʼat namoyondalarini koʻrish mumkin.
— Bu ish mehnat, sabr va muhabbatni talab qiladi. Igna sanchigʻi ortida yurak urishi, qalb soʻzlari yashaydi. Shu bois bu asarlar qalbdan qalbga koʻchadi», — deydi u.
Aslon Ramazonov tanlagan sanʼat — oʻzi aytganidek, “igna bilan quduq qazishga teng”. Uning har bir portreti — mehnat va muhabbat uygʻunligini tarannum etayotgan simfoniyadir. Bu unsiz ohanglar tassviriy va amaliy sanʼat vositasida rassom qalbidan tomoshabin qalbiga koʻchib, zamonlar osha inson taqdiri va ruhiyatini yoritib boraveradi.
Gulchehra Mirzayeva