Xitoyning yetakchi davlat axborot agentligi – “Sinxua” bugun “Dunyo” axborot agentligi maʼlumotlariga tayanib yozishicha, Oʻzbekistonning Buxoro shahri 21-maydan 25-maygacha davom etadigan Zardoʻzlik va zargarlik xalqaro festivaliga mezbonlik qilmoqda.

“Tadbirning asosiy maqsadi koʻp qirrali oʻzbek milliy hunarmandchiligini yanada kengroq namoyish etish, xalqlar oʻrtasida bu yoʻnalishda oʻzaro tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish, doʻstlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashdan iboratdir", deb yozadi “Sinxua”. -Festivalda dunyoning 58 mamlakatidan 200 nafardan ortiq ishtirokchi, toʻqqiz nafar faxriy mehmon, toʻrt nafar yuqori martabali xorijiy davlat arbobi ishtirok etmoqda”.

Festival doirasida “Anʼanaviy zardoʻzlik va zargarlik sanʼatining rivojlanishi istiqbollari” mavzusiga bagʻishlangan ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtadi. Unda 22 mamlakatdan 33 nafar xorijlik va 20 nafar oʻzbekistonlik olimlarning ishtirok etishi kutilmoqda, deya qoʻshimcha qiladi agentlik.

“Butunjahon hunarmandlar kengashi koʻhna Buxoroga Jahon hunarmandlar shahri maqomi berilgani toʻgʻrisida guvohnoma taqdim etadi”, deya xulosa qiladi “Sinxua” axborot agentligi.