Qarorga koʻra, 2023-yil 1-martgacha zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida yoki kechiktirib toʻlash sharti bilan sotish tartibi joriy qilinadi.

Shunga koʻra:

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ tomonidan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallar keyinchalik xom ashyo koʻrinishida qayta sotish huquqisiz toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida yoki tovar-xom ashyo birjasi orqali narxning 15 foizlik avans toʻlovini amalga oshirgan holda 180 kunga kechiktirib toʻlash sharti bilan sotiladi;

buning uchun “Oʻzmilliybank” AJ bank kafolatini shartnoma summasining 85 foizigacha (85 foizi ham kiradi) miqdorda yillik 2 foizgacha komissiya undirgan holda taqdim etadi;

marvarid, olmos va qimmatbaho toshlarga import bojxona bojlari solinmaydi.

2021-yil 1-apreldan boshlab:

zargarlik buyumlariga asillik darajasi tamgʻasi va ishlab chiqaruvchining shaxsiy tamgʻasi mexanik (zarb) yoki lazer usullari yordamida tushirishga ruxsat etiladi;

affinaj faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslarga oʻzlari ishlab chiqargan oʻlchovli yombilarni sotishga ruxsat beriladi;

qimmatbaho metallardan va qimmatbaho (yarim qimmatbaho) toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini ichki va tashqi bozorlarda elektron tijorat orqali sotishga ruxsat beriladi;

naqd pulda oʻzaro hisob-kitob amalga oshirilganda operatsiyaning umumiy summasi BHMning 600 baravaridan oshmagan taqdirda mijozni, uning vakilini va benefitsiar mulkdorni tekshirish talab etilmaydi.

Shuningdek, “Oʻzmilliybank” AJga keyinchalik mikrokreditlar ajratish uchun 30 mln AQSH dollari ekvivalentida 7 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz bandga past foiz stavkasida mablagʻ yoʻnaltiriladi.