Ushbu forumning dastlabki kunida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov “Digital Uzbekistan” taqdimoti bilan ishtirok etib mamlakatimizning IT imkoniyatlarini batafsil yoritib, barcha ishtirokchilarni Oʻzbekistonda 24-27-oktyabr kunlariga rejalashtirilgan ICT Week Uzbekistan tadbirlariga taklif etdi.
Digital Bridge 2022 xalqaro IT Forumi kun tartibida Markaziy Osiyo davlatlari va Turkiy davlatlar tashkilotining AKT vazirlari va xalqaro tashkilotlar ekspertlari tomonidan raqamli texnologiyalar megapolislarda rivojlantirish, AKT global strategiyasini kengaytirish, raqamli hukumatning barqarorligi, global oʻzgarishlar davrida raqamli barqarorlikka erishish yoʻllari, davlat va biznesni raqamli rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish masalalari muhokama etildi.
Shuningdek, Veb3.0 ekotizimi va blokchain texnologiyalarini rivojlantirish, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish davrida shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish, internetda bolalar xavfsizligini taʼminlash, sunʼiy intellektni rivojlantirish kabi bir qator dolzarb masalalarga eʼtibor qaratildi.
Oʻz navbatida, mazkur tadbir doirasida Markaziy Osiyoning IT xizmatlarini xorijga eksport qilish salohiyati va unga toʻsiq boʻlayotgan omillar yuzasidan fikr va mulohazalar almashildi.
Koʻrgazmadagi Oʻzbekiston IT Parki stendida Oʻzbekistonlik kompaniyalar tomonidan IT yechimlar va yangi startaplar oʻz hamkorlik imkoniyatlarini namoyish etdi.
Ushbu forumda ishtirok etgan Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevga Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari Sherzod Shermatov tomonidan mamlakatlarimiz orasidagi hamkorlik istiqbollari haqida axborot berildi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.