Unda vazirlik mutasaddilari, soha olimlari, mutaxassislar, fermer xoʻjaliklari hamda klasterlar rahbarlari ishtirok etdi.
Seminar davomida ishtirokchilar sholi yetishtirishning ilgʻor agrotehnologiyalari, koʻchat tayyorlash jarayonlari, zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalari hamda sholini mexanizatsiya asosida ekish usullari bilan tanishdi.
Ayniqsa, amaliy namoyishlar katta qiziqish uygʻotdi. Xususan, dronlar yordamida azotli oʻgʻitlarni sepish, begona oʻtlarga qarshi ishlov berish va sholi urugʻini ekish jarayonlari amalda koʻrsatib berildi.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, dron orqali sholi ekish texnologiyasi Oʻzbekistonda ilk bor qoʻllanilmoqda. Bu esa qishloq xoʻjaligida raqamli va innovatsion texnologiyalarni joriy etishdagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Tadbirda suv tejovchi texnologiyalar, xususan, sholini tomchilatib sugʻorish usulining afzalliklari va samaradorligi haqida ham tavsiyalar berildi. Qayd etilishicha, suv resurslaridan oqilona foydalanish bugungi kunda agrar sohadagi dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Maʼlum qilinishicha, Vyetnam, Tailand, Filippin, Indoneziya va Malayziya kabi davlatlarda sholichilikda dron texnologiyalari keng joriy qilingan. Ular urugʻ sepish, ekinni oziqlantirish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish hamda begona oʻtlarni yoʻqotishda samarali qoʻllanilmoqda.
Xorijiy tajribalarga koʻra, dronlardan foydalanish mehnat unumdorligini sezilarli darajada oshiradi. Ayrim holatlarda samaradorlik qariyb 30 barobargacha oshgani kuzatilgan.
Shuningdek, joriy yildan boshlab respublikaga 100 kilogrammdan ortiq yuk koʻtarish quvvatiga ega zamonaviy dronlarni olib kelish va ularni qishloq xoʻjaligi, ayniqsa sholichilik tarmogʻida keng qoʻllash rejalashtirilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, mazkur innovatsion yondashuvlar kelgusida yuqori hosildorlikka erishish, fermer va klasterlar daromadini oshirish hamda mamlakat agrar tarmogʻi rivojiga xizmat qiladi.