Qayd etilishicha, so‘rovnomada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahridan jami 12 697 nafar respondent ishtirok etgan.

Tadqiqotda oilalarning baxtlilik darajasi 8 ta asosiy indikator va 21 ta subindikatordan iborat integral indeks asosida baholangan. Unda iqtisodiy farovonlik, demografik barqarorlik, sog‘lom hayot kechirish, ta’lim imkoniyatlari, ish bilan ta’minlanganlik, oilaviy hayotdan qoniqish, oilaviy qadriyatlar hamda davlat xizmatlaridan mamnunlik darajalari o‘rganildi.

Metodikaga ko‘ra, baxtlilik indeksi –1 dan +1 gacha bo‘lgan oraliqda baholanadi. +0,5 dan yuqori ko‘rsatkich «yuqori» daraja sifatida e’tirof etiladi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2026 yilda O‘zbekiston oilalarining umumiy baxtlilik indeksi 0,618 ballni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich oilalarning baxtlilik darajasi yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur indeks 2023 yilda 0,560 ball, 2025 yilda 0,611 ball bo‘lgan bo‘lsa, 2026 yilda 0,618 ballga etgan. Shu tariqa, so‘nggi to‘rt yilda baxtlilik indeksi o‘rtacha 0,058 ballga oshgan.

Tadqiqotda bir qator muhim yo‘nalishlar bo‘yicha ham ijobiy o‘sish qayd etildi:

iqtisodiy farovonlik indikatori 2025 yildagi 0,414 balldan 2026 yilda 0,439 ballga oshgan;

ish bilan ta’minlanganlik ko‘rsatkichi 2023 yildagi 0,337 balldan 2026 yilda 0,489 ballga etgan;

davlat organlari va davlat xizmatlaridan qoniqish darajasi 2023 yildagi 0,372 balldan 2026 yilda 0,514 ballgacha ko‘tarilgan;

ta’lim olish imkoniyatlari indikatori 2023 yildagi 0,399 balldan 2026 yilda 0,522 ballga etgan;

sog‘lom hayot kechirish davomiyligi indikatori 0,596 balldan 0,605 ballga oshgan.

Shuningdek, oilaviy hayotdan qoniqish va baxtlilikni his qilish indikatori 2023 yildagi 0,667 balldan 2026 yilda 0,750 ballgacha o‘sgan.

Oilaviy qadriyatlarning o‘rni va ahamiyati bo‘yicha ko‘rsatkich ham yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Ushbu indikator 2023 yilda 0,720 ball bo‘lgan bo‘lsa, 2026 yilda 0,793 ballga etgan.

Demografik barqarorlik indikatori esa so‘nggi yillarda barqaror yuqori ko‘rsatkichni saqlab qolgan bo‘lib, 2026 yilda 0,831 ballni tashkil etgan.

Tadqiqot mualliflari qayd etishicha, mazkur natijalar mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, oila institutini mustahkamlash va aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan davlat siyosati samaralarini aks ettirmoqda.