Toʻrtinchi marta tashkil etilgan tanlovda toʻqqizta nominatsiya boʻyicha 46 nafar finalchi gʻoliblik uchun kurashdi. Ular orasida Oʻzbekistondan 15 nafar nomzod ishtirok etdi. Bu koʻrsatkich 2024-yilda 9 nafarni, 2025-yilda esa 3 nafarni tashkil etgan.

Mukofot quyidagi toʻqqizta yoʻnalish boʻyicha topshirildi: «Aspiring Teen», «Most Disruptive», «Best Ally», «Most Impactful Initiative», «Woman in Web3», «Tech Diplomacy», «Start-Up», «Global Leadership» va «Lifetime Achievement».

Oʻzbekistonlik gʻoliblar:

  • Aspiring Teen Award — Dilafruzxon Joʻraboyeva;
  • Best Ally Award — Anora Amirova;
  • Start-Up Award — Maftuna Karimova, Femmy startapi asoschisi;
  • Global Leadership Award — Ummatoy Yoʻldosheva.

Mintaqaviy bosqich gʻoliblari 2026-yil 3-dekabr kuni Parij shahrida boʻlib oʻtadigan «Women in Tech Global Awards» xalqaro mukofotining global bosqichida Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqasi nomidan ishtirok etadi.

Taʼkidlash joizki, «Women in Tech CCA Awards» marosimi 2024-yilda ham Toshkentda oʻtkazilgan. Tanlovning Oʻzbekistonda tashkil etilishi xotin-qizlarning texnologiyalar sohasidagi ishtirokini kengaytirish, ularning salohiyatini namoyon etish hamda mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlarning bir qismi hisoblanadi.