Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda O‘zbekiston-1 terma jamoasi Yamaykani 4:0 hisobida mag‘lub etdi. Jamoa safida Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Muhiddin Madaminov dona surdi. Javohir Sindorov esa birinchi turda dam oldi.

O‘zbekiston-2 terma jamoasi Afg‘oniston ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, O‘zbekiston-3 Mali jamoasini 3,5:0,5 hisobida mag‘lub etdi.

Ayollar o‘rtasida ham barcha uch jamoamiz birinchi turni g‘alaba bilan yakunladi. O‘zbekiston-1 Trinidad va Tobagogni 4:0, O‘zbekiston-2 Togoni 3:1, O‘zbekiston-3 esa Tanzaniyani 4:0 hisobida mag‘lub etdi.

Shu kuni asosiy favoritlardan AQSh Iroqni 3,5:0,5, Hindiston Tailandni 3:1, Xitoy esa Ugandani 4:0 hisobida mag‘lub etdi.

Birinchi turda kutilmagan natijalardan biri Hindiston terma jamoasi yetakchisi Arjun Erigayisining mag‘lubiyati bo‘ldi. U o‘zidan qariyb 400 reyting ochkosi past bo‘lgan tailandlik xalqaro masterga yutqazdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston musobaqaga mezbonlik qilayotgani sababli qoidalarga ko‘ra erkaklar va ayollar o‘rtasida uchtadan jamoa bilan ishtirok etmoqda.

2-turdagi bahslar

Erkaklar:

  • O‘zbekiston-1 — Peru

  • Germaniya — O‘zbekiston-3

  • Jazoir — O‘zbekiston-2

Ayollar:

  • Ekvador — O‘zbekiston-1

  • O‘zbekiston-3 — Ispaniya

  • Iordaniya — O‘zbekiston-2