Homilador ayollarni emlash mumkinmi? Yoʻq. Buning sababi, vaksinaning homilador ayollarga taʼsiri klinik sinovlarda oʻrganilmagan. Shuning uchun, emlashning oxirgi dozasidan keyin 3-6 oy ichida homiladorlikni rejalashtirmaslik tavsiya etiladi.

Antitanachalar qancha muddat saqlanib qoladi? Butun dunyoda boʻlgani kabi, ushbu mavzu boʻyicha tadqiqotlar davom etmoqda. Antitanachalar 1 yildan 2 yilgacha saqlanib qoladi deb taxmin qilinmoqda.

Emlashdan keyin kasallanish holatlari boʻlganmi? Oʻzbekistonda antitanachalar ishlab chiqilganidan keyin, yaʼni uchinchi doza bilan emlangandan 20-25 kun oʻtgach, kasallikka chalinish holatlari roʻyxatga olinmagan.

Vaksina yangi shtammlardan himoya qiladimi? Tadqiqotlarga koʻra, ZF-UZ-VAC2001 Braziliya, Britaniya, Janubiy Afrika, Hindiston va yaqinda aniqlangan Kaliforniya shtammlaridan himoya qilishi mumkin.

Ushbu vaksina bilan Oʻzbekiston va Xitoyda qancha odam emlangan? 9-iyul holatiga koʻra, Oʻzbekistonda 3,2 milliondan ortiq dozadan foydalanilgan, Xitoyda esa 90 milliondan ortiq odam ushbu vaksinani olgan.